Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi

19:39 13 Yanvar 2022 Siyosat
647 0

Foto: president.uz

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar!

Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!

Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, oʻz hayotini ona yurtimizni himoya qilishdek ulugʻ va olijanob ishga bagʻishlagan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda koʻpmillatli butun xalqimizni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Mana shu qutlugʻ ayyomda jonajon Vatanimizga sadoqat, azmu shijoat kabi el-yurtimizga xos yuksak fazilatlarning qadr-qimmati va ahamiyatini, ular hayotimizda tobora mustahkam oʻrin egallab borayotganini yanada teran anglaymiz va oʻzining jangovar faoliyati bilan buni amalda isbotlab kelayotgan sizdek gʻoyat olijanob kasb egalarini sharaflaymiz.

Shu bilan birga, jangovar burchini ado etishda mardlarcha halok boʻlgan fidoyi harbiy xizmatchilarimizning nurli va soʻnmas xotirasiga chuqur hurmat bajo keltiramiz.

Aziz doʻstlar!

Istiqlol davrida Oʻzbekiston armiyasi juda murakkab va sharafli yoʻlni bosib oʻtdi. Yosh davlatimizning oʻta ogʻir shakllanish yillarida aynan Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch hayoti va farovonligini taʼminlash, demokratik islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning ishonchli kafolati boʻlib xizmat qilganini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.

Keyingi yillarda amalga oshirgan tub islohotlarimiz tufayli tarixan qisqa davrda Oʻzbekiston Respublikasi suvereniteti va hududiy yaxlitligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir boʻlgan, tezkor va ixcham milliy armiyani tashkil etishga erishmoqdamiz.

Ana shunday buyuk tarixiy jarayonda xalqimizning harbiy sohadagi boy merosiga tayanib, Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkarda bobolarimizning jangovar anʼanalarini munosib davom ettirib kelayotgan, jismoniy va maʼnaviy yetuk, zamonaviy bilim, qurol-yarogʻ va texnikalarni puxta egallagan, davlat va xalq manfaatlari uchun har qanday sinov va mashaqqatlarni yengib oʻtishga tayyor boʻlgan harbiylarimiz doimo faol ishtirok etib kelayotganlari har qanday yuksak eʼtirofga munosibdir.

Shu maʼnoda, muqaddas qasamyodiga hamisha sodiq, el-yurt himoyasi yoʻlida metin qalqon boʻlgan mard va jasur harbiylarimiz Oʻzbekistonning chinakam vatanparvar bahodirlari, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Xalqimiz oʻzining sizlar kabi botir va dovyurak farzandlari – Vatanimizning haqiqiy posbonlari bilan haqli ravishda faxrlanadi.

 

Muhtaram yurtdoshlar!

Keyingi yillarda “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir” degan ezgu tamoyil asosida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda fuqarolarimiz armiyaning har tomonlama yordami va koʻmagini hayotning barcha sohalarida amalda his etmoqdalar. Ayniqsa, murakkab sinov davri boʻlgan pandemiya paytida va favqulodda holatlar oqibatlarini bartaraf etishda, biz uchun hech narsa bilan oʻlchab, qiyoslab boʻlmaydigan bebaho boylik – tinchlik va osoyishtalikni asrash va himoya qilishda bu yakdillik yanada yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Hozirgi vaqtda butun jamiyatimizda, jumladan, Qurolli Kuchlarimiz tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlarda “Inson qadri uchun” degan muhim tamoyil markaziy oʻringa qoʻyilayotgani sizlarga yaxshi maʼlum.
Shu asosda milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan barcha harbiylar, muhtaram faxriylarimizning Vatan va xalq oldidagi xizmatlarini munosib qadrlash, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish, kundalik hayotidagi muammolarini hal etishga koʻmaklashish, ularning oilasi va farzandlarini ijtimoiy himoya qilish borasidagi ishlarimiz yildan-yilga yangi bosqichga koʻtarilmoqda.

Hech shubhasiz, hayotimizning barcha jabhalarini qamrab olayotgan bunday jadal oʻzgarishlar yurtimizda harbiy xizmatning obroʻ-eʼtibori, armiya va xalq birligi yangicha mazmunga ega boʻlib, yoshlarimiz qalbida armiyamiz bilan faxrlanish tuygʻusi, Vatan himoyachisidek olijanob kasbga hurmat-ehtirom hissini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

 

Muhtaram vatandoshlar!

Bugungi globallashuv va keskin raqobat davri, dunyoning turli burchaklarida, jumladan, mintaqamizda yuz berayotgan qurolli mojaro va qarama-qarshiliklar, yangi tahdid va xatarlar oldimizga kechiktirib boʻlmaydigan dolzarb vazifalarni qoʻymoqda. Ana shunday gʻoyat masʼuliyatli vaziyatda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kafolatlash va himoya qilishda Qurolli Kuchlarimiz, xavfsizlik va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning oʻrni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Bu haqiqatni hisobga olgan holda, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimiz qudratini oshirish Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda Qurolli Kuchlarimiz qoʻmondonlik tarkibi joylardagi hokimiyat idoralari va xalqimiz bilan birgalikda bir tanu bir jon boʻlib harakat qilishlari kerak.

Harbiy xizmatchilar, ayniqsa, komandirlar tarkibining professional tayyorgarligini oshirish milliy armiyani yanada rivojlantirishning eng muhim sharti boʻlib qolmoqda. Bu borada Qurolli Kuchlar Bosh shtabi hamda harbiy okruglar boshqaruv apparatlari ofitserlarini, brigada komandirlari va ularning oʻrinbosarlarini oʻqitish boʻyicha Qurolli Kuchlar akademiyasida joriy etilgan yangi tizimning yuksak samaradorligini taʼminlash – dolzarb vazifadir.

Shu munosabat bilan harbiy taʼlim va ilm-fan tizimida boshlangan islohotlarni izchil amalga oshirish, soha uchun kadrlar tayyorlashda nazariya va amaliyotni imkon qadar yaqinlashtirishga alohida eʼtibor qaratish lozim.

Milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnikalar bilan taʼminlash boʻyicha kompleks dasturlarni tayyorlashda bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida kuzatilayotgan harbiy mojarolar xususiyatlarini, qoʻshinlarni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olish maqsadga muvofiqdir. Bu borada eng zarur qurol-aslaha va anjomlarni sotib olish, ularni yangi jangovar tizimlar bilan birgalikda qoʻllash va takomillashtirib borish eʼtiborimiz markazida boʻlishi zarur.

Jahon axborot makonida keskin kurash ketayotgan hozirgi vaziyatda muhim obyektlarda axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish ham davr talabidir.

Harbiy xizmatchilarning jangovar ruhi, intellektual salohiyatini yuksaltirish, aholi, birinchi navbatda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari, Qurolli Kuchlarimiz faxriylarini ijtimoiy va huquqiy jihatdan muhofaza qilishni kuchaytirish borasidagi ishlarimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz.

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar,

Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!

Ushbu qutlugʻ ayyomda fidokorona xizmatlaringizni alohida taʼkidlab, sizlarning faol saʼy-harakatlaringiz bilan Oʻzbekiston armiyasi izchil rivojlanib borayotganini, uning jangovar qobiliyati ortib, mudofaa qudratimiz mustahkamlanayotgani, xalqimizning osoyishta hayoti taʼminlanayotganini yana bir bor yuksak gʻurur bilan eʼtirof etamiz.

Fursatdan foydalanib, ana shunday samarali xizmatlaringiz uchun sizlarga, moʻtabar tuprogʻimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash yoʻlida olijanob va masʼuliyatli burchini munosib ado etib kelayotgan barcha jasur oʻgʻlonlarimizga, ularning ota-onalari va oila aʼzolariga chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Barchangizni Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining shonli 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Sizlarga mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt-saodat, tinchlik va farovonlik tilayman.

Milliy armiyamiz saflaridagi sharafli xizmatingizda yangi yutuq va zafarlar yor boʻlsin!

Kuch-gʻayratingiz, shaʼnu sharafingiz yanada ziyoda boʻlsin!

Jonajon Oʻzbekistonimizga sadoqat bilan xizmat qilishdan hech qachon charchamang, mard va jasur Vatan posbonlari!

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti,

Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?