Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi

22:23 13 Yanvar 2021 Siyosat
1393 0

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar!

Qurolli Kuchlarimiz faxriylari!

Muhtaram vatandoshlar!

Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu qutlugʻ ayyom tom maʼnodagi umumxalq bayramiga, azaldan xalqimizga xos boʻlgan vatanparvarlik, mardlik va jasurlik kabi yuksak fazilatlar timsoliga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.

Taʼkidlash kerakki, milliy armiyamizning kuch-qudrati azmu shijoatli va har ishda yetuk salohiyatli harbiy xizmatchilarimizning, bagʻrikeng va olijanob xalqimizning birligi va hamjihatligidadir. Bu haqiqatni bugungi kunda har qachongidan ham chuqur his etmoqdamiz.

Ishonchim komilki, ana shunday buyuk maʼnaviy qudrat manbai bor ekan, el-yurtimizning tinch va osoyishta hayoti, Vatanimiz mustaqilligiga hech qanday yovuz kuch rahna sololmaydi, demokratik islohotlarimiz yoʻlidan hech qachon ortga qaytara olmaydi.

Biz bahodir va dovyurak harbiylarimiz bilan – oʻzining muqaddas qasamyodiga sodiq qolib, xizmat burchini yerda ham, koʻkda ham sharaf ila ado etayotgan yurtimizning zabardast oʻgʻlonlari bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Fursatdan foydalanib, Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilayotgan qoʻrqmas va haqiqiy vatanparvar askar va ofitserlarning ota-onalariga, shuningdek, harbiy hayotning butun quvonch va tashvishlarini turmush oʻrtoqlari bilan baham koʻrib kelayotgan mehribon va sabr toqatli rafiqalariga ulkan minnatdorlik bildiraman.

Biz sizlarning timsolingizda milliy armiyamizga togʻdek tayanch boʻlib turgan buyuk maʼnaviy kuchni koʻramiz. Bugungi ulugʻ ayyomda sizlarning ham Vatanimizning mudofaa qudratini oshirishda munosib hissangiz borligini yana bir bor katta mamnuniyat bilan eʼtirof etamiz.

Qadrli doʻstlar!

Biz bundan toʻrt yil oldin Oʻzbekistonda harbiy qurilish sohasini tubdan isloh qilish boʻyicha eng muhim va ustuvor yoʻnalishlarni belgilab olgan edik. Shu asosda mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish uchun keng koʻlamli ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

Oʻtgan qisqa davrda yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi, harbiy tuzilmalarning tarkibi va vazifalari chuqur qayta koʻrib chiqildi, qoʻshinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika vositalari bilan taʼminlash boʻyicha oʻta muhim loyihalar amalga oshirildi.

Tariximizda birinchi marta oʻz mohiyatiga koʻra noyob tizim – harbiy-maʼmuriy sektorlar tashkil etildi. Bunday ish usuli joylardagi davlat hokimiyati organlarini mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga faol jalb etish uchun  imkon berdi. Eng muhimi, “Armiya va xalq – bir tanu bir jondir” degan ulugʻ gʻoyani amalda taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Ana shunday saʼy-harakatlarimiz natijasida, bugungi kunda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari respublikamiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishning chinakam kafolati boʻlmoqda.

Eng asosiysi, milliy armiyamiz har qanday tahdid va xavf-xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan el-yurt tayanchi va suyanchiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik va sadoqat ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylandi.

Albatta, oʻtgan 2020-yil jahondagi barcha davlatlar qatori mamlakatimiz uchun ham jiddiy sinovlar yili boʻldi. Biz koronavirus pandemiyasining tahdidiga, shuningdek, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida kutilmagan tabiiy va texnogen ofatlarga duch keldik.

Ana shunday gʻoyat keskin sharoitda Qurolli Kuchlarimiz sohibqiron Amir Temur bobomizning “Millatning dardiga darmon boʻlmoq – chin vazifangizdur”, degan ezgu daʼvatini oʻziga shior qilib oldi.

Ular xalqimizga yana-da yaqin boʻlib, safarbarlikni oshirib, qisqa muddatlarda oʻz oldiga qoʻyilgan muhim vazifalarni munosib ado etganini barchamiz cheksiz minnatdorlik bilan qayd etamiz.

Ayniqsa, bu jarayonda harbiy shifokor va xizmatchilarimiz, huquq-tartibot organlari va qutqaruv xizmati xodimlari haqiqiy mardlik va jasorat namunasini, yuqori kasbiy mahoratni namoyon etganlari alohida tahsin va eʼtirofga sazovordir.

Bunday murakkab vaziyatda Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasining tashkil etilgani aholi salomatligi va hayotini muhofaza qilish borasida oldimizga qoʻyilgan dolzarb vazifalarni tezkor va samarali hal etish imkoni beradi.

Mintaqamizda yagona boʻlgan ushbu yangi akademiya harbiy tibbiyot sohasida, favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etadigan yuqori malakali va ixtisoslashgan kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Akademiyada jahon andozalariga mos innovatsion ishlanmalar hamda ilgʻor texnologiyalarga asoslangan oʻquv-laboratoriya xonalari va eng zamonaviy moddiy-texnik baza yaratilmoqda.

Milliy armiyamizning tashkiliy tuzilmalarini takomillashtirish boʻyicha qabul qilingan chora-tadbirlar qoʻshinlarning jangovar tayyorgarligi, harbiy qudrati va salohiyatini yana-da oshirish imkonini berdi.

Pahlavon va botir oʻgʻlonlarimiz xalqaro harbiy-oʻquv mashgʻulotlari, armiya va sport musobaqalarida dunyodagi yetakchi mamlakatlarning harbiy xizmatchilariga aslo boʻsh kelmasdan, gʻalabaga boʻlgan irodasini yaqqol namoyish etib, buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari ekanini isbotlamoqdalar.

Muhtaram vatandoshlar!

Biz global iqtisodiy inqiroz taʼsiriga qaramasdan, harbiy xizmatchilarimiz va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, harbiy shaharchalarni obodonlashtirish, ularda zamonaviy infratuzilmalar barpo etish boʻyicha tizimli ishlarimizni izchil davom ettirayapmiz.

Harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari uchun qoʻshimcha ravishda koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratildi. 3 mingdan ziyod harbiy pensionerlar ishga joylashtirildi. Harbiy xizmatchilarning mingdan ortiq farzandlariga oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olishlari uchun davlat grantlari ajratildi.

Hech shubhasiz, “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da bu boradagi ishlarimizni yana-da kuchaytirib, mutlaqo yangi bosqichga koʻtaramiz.

Yaqinda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Yoshlari forumida, Oliy Majlis va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomamizda ham ushbu yoʻnalishdagi chora-tadbirlarni aniq belgilab berdik.

Yangi Oʻzbekistonda yosh avlodni jismoniy va maʼnaviy sogʻlom, Ona Vatanga fidoyi va jonkuyar insonlar boʻlib ulgʻayishi, shonli tariximizdan ibrat olib, undan faxrlanib yashashlari uchun barcha kuch va imkoniyatimizni toʻliq safarbar etamiz.

Jahonda mafkuraviy kurashlar keskin tus olayotgan, axborot makonida turli xavf-xatar va tahdidlar tobora ortib borayotgan hozirgi sharoitda barchamiz doimiy ogoh va sezgir, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlishimiz kerak.

Ayniqsa, adashib, yot gʻoyalar taʼsiriga tushgan shaxslar va ularning farzandlarida mafkuraviy immunitetni shakllantirish va ularni sogʻlom turmush tarziga, toʻgʻri yoʻlga qaytarishda harbiy xizmatchilarimiz davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikdagi ishlarni yana-da kuchaytirishi lozim.

Hurmatli mard va jasur Vatan himoyachilari!

Bugun dunyoning olis va yaqin mintaqalarida murakkab mojaro va toʻqnashuvlar davom etayotgan bir paytda jonajon Oʻzbekistonimizda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash borasidagi ishlarimizni yana-da samarali tashkil etishimiz shart.

Xususan, mudofaa qobiliyatimizni mustahkamlash, qoʻshinlarni zamonaviy qurol-yarogʻ va texnikalar bilan taʼminlash, boʻlinmalarni boshqarishda axborot texnologiyalarini keng qoʻllash, jangovar tayyorgarlik va kasbiy mahoratni oshirish – bundan keyin ham ustuvor vazifalarimiz boʻlib qoladi.

Hech shubhasiz, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan ana shunday ezgu maqsad va marralarga erishishga, xalqimizning tinch mehnati, osoyishta hayotini, yurtimizning  musaffo osmonini koʻz qorachigʻidek asrab-avaylashga har tomonlama qodirmiz.

Hurmatli doʻstlar!

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan siz, azizlarni va oila aʼzolaringizni yana bir bor chin yurakdan tabriklayman.

Barchangizga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt va saodat, sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.

Xalqimizning yuksak ishonchi va hurmat-ehtiromi sizlarga hamisha yor boʻlsin!

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti,

Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?