Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi koʻmagida shoʻrlangan tuproqlar boʻyicha Global simpoziumi oʻtkazildi

19:11 21 Oktyabr 2021 Iqtisodiyot
423 0

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi koʻmagida “Shoʻrlanishni toʻxtatish – tuproq unumdorligini oshirish” mavzusida shoʻrlangan tuproqlar boʻyicha Global simpozium oʻtkazildi. Ilmiy-siyosiy tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) va uning Global tuproq hamkorligi, Tuproqlar boʻyicha davlatlararo texnik kengash tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va bir qator milliy va xorijiy hamkorlar bilan birgalikda tashkil etildi.

Shoʻrlangan tuproqlar boʻyicha Global simpoziumning asosiy maqsadi – fan, amaliyot va siyosatni birlashtirish, shoʻrlangan tuproqlarni boshqarish bilan bogʻliq holat va muammolarni tahlil qilish va tuproq resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha Ixtiyoriy boshqaruv tamoyillarini amalga oshirish uchun harakatlarni ragʻbatlantirishdir. Simpozium shoʻrlangan tuproqlarni barqaror boshqarish uchun mavjud bilim va amaliy yechimlar haqida fikr almashish, shuningdek, muvaffaqiyatli amaliyot va texnologiyalarni kengaytirish uchun zarur boʻlgan harakatlarni muhokama qilish uchun platforma yaratadi.

Global simpozium doirasida FAO shoʻrlanishning oldini olish va hosildorlikni oshirishning asosiy vositasi boʻlgan Shoʻrlangan tuproqlarning Global xaritasini ishga tushirdi. Ushbu hujjatga muvofiq, jahonda 833 million gektardan ortiq shoʻrlangan yerlar mavjud (butun yer yuzining 8,7 foizi). Ularning aksariyati Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasida joylashgan. Xarita 118 mamlakat hamda maʼlumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish boʻyicha yuzlab mutaxassislar ishtirokidagi qoʻshma loyihadir. U mutaxassislarga tuproq shoʻrlanishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar qayerda va qachon oʻtkazilishi lozimligini aniqlash imkonini beradi, shuningdek, sugʻorish va iqlim oʻzgarishiga moslashish bilan bogʻliq loyihalarni ishlab chiqishda foydali boʻladi.

Virtual formatda oʻtkazilgan Global simpozium doirasida 2021-yil
20-oktyabr kuni Toshkentda “Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda shoʻrlangan tuproqlarning integrallashgan boshqaruvi va melioratsiyasi: yangi yondashuvlar va innovatsion yechimlar” mavzusida milliy simpozium ham boʻlib oʻtdi. Tadbirda FAO ekspertlari, vazirlik va idoralar vakillari, Oliy Majlis Senati aʼzolari, oliy oʻquv yurtlarining professor-oʻqituvchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari ishtirok etdi.

Milliy simpoziumda respublikamizdagi sugʻoriladigan yerlarning ikkilamchi shoʻrlanishini oldini olish, shoʻrlangan tuproqlarni muhofaza qilishda raqamli texnologiyalarni joriy qilish, iqlim oʻzgarishi sharoitida Orol dengizining ijtimoiy-ekologik muammolarini hal etish hamda boshqa masalalar yuzasidan maʼruzalar tinglandi. Tadbir davomida hozirgi zamonning eng yirik ekologik ofatlaridan biriga eʼtiborni qaratishga moʻljallangan “Orol dengizining qurigan tubini tiklash” videofilmi taqdim etildi.

Shuningdek, Milliy simpozium doirasida iqtidorli yoshlarning eng yaxshi ilmiy ishlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?