Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini muhokama qildi

16:27 26 Noyabr 2021 Siyosat
527 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-noyabr kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Kunio Mikuriyani qabul qildi.

Mamlakatimiz va ushbu nufuzli xalqaro tuzilma oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston Jahon bojxona tashkilotiga 1992-yildan aʼzo. Keyingi yillarda mazkur tashkilot bilan hamkorlik sezilarli darajada faollashdi.

2019-yilda hamkorlikning “yoʻl xaritasi” qabul qilindi. Yurtimiz Kioto va Istanbul konvensiyalariga qoʻshildi hamda Savdoga koʻmaklashish global dasturida ishtirok etish toʻgʻrisidagi bitimni imzoladi. Uning doirasida 12 ta tadbir oʻtkazilgan.

Tashkilot koʻmagi bilan 2020-yil yanvar oyida “Yagona darcha” avtomatlashtirilgan tizimi, Bojxona nazoratini muvofiqlashtirish boʻyicha situatsion markaz ishga tushirildi. Yaqinda mamlakatimiz Bojxona laboratoriyasi Jahon bojxona tashkilotining Mintaqaviy laboratoriyasi maqomini oldi.

Oʻzbekiston Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti ushbu xalqaro tuzilmaning Tadqiqotlar dasturida akkreditatsiyadan oʻtdi.

Bojxona xodimlarining malakasini oshirishga koʻmaklashilmoqda. Keyingi bir necha yilda yurtimizning 200 nafardan ziyod bojxonachisi tashkilotning qisqa muddatli oʻquv kurslarida ishtirok etdi.

Bundan tashqari, mintaqaviy hamkorlik rivojlanib bormoqda. Kecha Toshkent shahrida oʻtgan mintaqa mamlakatlari bojxona xizmatlari vakillarining uchrashuvi ham samarali boʻldi.

Bosh kotib Kunio Mikuriya bilan uchrashuvda Oʻzbekiston Davlat bojxona qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirish va uning samaradorligini oshirish boʻyicha hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Raqamlashtirish, ilgʻor xalqaro standartlarni joriy etish, intellektual tizimlardan foydalangan holda bojxona postlarini modernizatsiya qilish, korrupsiya, kontrabanda va bojxona sohasidagi qoidabuzarliklarga qarshi kurashish borasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, mutaxassislar tayyorlash va boshqa yoʻnalishlarda qoʻshma tadbir va loyihalarni amalga oshirish muhim ekani qayd etildi.

Mamlakatimiz tez fursatda Jahon savdo tashkilotiga kirishi bilan bogʻliq masalalarda yaqindan hamkorlik qilish zarur ekani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston va Jahon bojxona tashkiloti oʻrtasidagi amaliy sheriklikni kengaytirish boʻyicha yangi “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?