Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti SHHTning Dushanbedagi yubiley sammiti tadbirlarida ishtirok etadi

22:57 15 Sentyabr 2021 Siyosat
730 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-17-sentyabr kunlari Tojikiston Respublikasi poytaxti – Dushanbe shahrida boʻlib oʻtadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisi tadbirlarida ishtirok etadi.

Tojikiston raisligida oʻtkazilayotgan sammit ishida SHHTga aʼzo davlatlar – Hindiston Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirgʻiz Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi yetakchilarining ishtirok etishi kutilmoqda.

Tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlatlar tomonidan Belarus Respublikasi, Eron Islom Respublikasi va Moʻgʻuliston Prezidentlari ishtirok etadi. Majlisning faxriy mehmoni sifatida Turkmaniston rahbari taklif etilgan.

Shuningdek, tadbirda SHHT ijroiya organlari va boshqa xalqaro institutlar rahbarlari qatnashadi.

Kun tartibiga muvofiq, ishtirokchilar SHHTning oʻtgan 20 yilgi faoliyatining asosiy yakunlarini koʻrib chiqadilar, koʻp tomonlama hamkorlikning dolzarb vazifalarini muhokama qiladilar. Global siyosat va mintaqa kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashiladi.

Sammit yakunida Dushanbe deklaratsiyasining qabul qilinishi, davlatlar rahbarlarining qarorlari va Tashkilot doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga doir boshqa koʻp tomonlama hujjatlar imzolanishi koʻzda tutilgan. SHHTga raislik Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtishi sammitning muhim voqeasi boʻladi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz dasturidan hamkor davlatlar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama muzokaralar hamda Afgʻonistondagi vaziyat boʻyicha “SHHT - KXSHT” formatidagi uchrashuvda ishtirok etish oʻrin olgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?