Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qoʻshilmaslik harakati Muloqot guruhi sammitidagi nutqi

14:49 02 Mart 2023 Siyosat
595 0

Foto: Illustrativ foto

Hurmatli Ilhom Geydarovich!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Bugungi Muloqot guruhi sammitining barcha ishtirokchilarini chin qalbimdan qutlayman.

Goʻzal va betakror Boku shahrida anjuman qatnashchilariga koʻrsatilayotgan samimiy mehmondoʻstlik va uchrashuvimizni yuksak darajada tashkil etgani uchun Ozarbayjon Prezidenti hurmatli Ilhom Geydarovich Aliyevga chuqur minnatdorchilik izhor etaman.

Shuni alohida taʼkidlashni istar edimki, Ozarbayjon Yetakchisi raisligi davrida Qoʻshilmaslik harakatining xalqaro maydondagi oʻrni va nufuzi keskin oshdi.

Ushbu muhim platforma doirasida mamlakatlarimizning koʻp tomonlama hamkorligi yangi bosqichga koʻtarildi.

Pandemiya davridagi qiyinchiliklarga qaramay, oʻzaro birdamlik va hamjihatligimiz yanada kuchaydi. Tashkilot tarixida birinchi bor parlamentlar va yoshlar qanotlari tashkil etildi.

Bu yutuqlarning barchasi qadrli hamkasbim Ilhom Geydarovichning ulkan saʼy-harakatlari va faol tashabbuskorligi, aʼzo davlatlar manfaatlarini koʻzlab olib borgan amaliy ishlarining yaqqol ifodasidir.

Shu oʻrinda hurmatli Ozarbayjon Prezidentining bugungi murakkab vaziyatga qaramay, mamlakat iqtisodiyotini har tomonlama yuksaltirish, xalqning turmush darajasini oshirish, davlatning xalqaro miqyosdagi obroʻ va nufuzini mustahkamlash borasida salmoqli natijalarga erishayotganini katta mamnuniyat bilan taʼkidlamoqchiman.

Shu bilan birga, hurmatli qardoshimning tarixiy adolat tiklangan hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilma va yangi-yangi inshootlarni barpo etish, aholiga qulay sharoitlar yaratib berishga qaratilgan bunyodkorlik ishlarini alohida qayd etishni istar edim.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Tahlillar koʻrsatmoqdaki, soʻnggi yillarda insoniyat pandemiyaga qarshi kurashish bilan bir qatorda, iqlim oʻzgarishi, tabiiy ofatlar va texnogen fojialarning ayanchli oqibatlarini ham oʻz boshidan oʻtkazmoqda.

Bu muammolarning koʻlami tobora kengayib, ular nafaqat ayrim davlatlar, balki butun bir mintaqalarning xavfsizligi va barqaror taraqqiyoti uchun jiddiy xavf solmoqda.

Albatta, bunday qiyin va murakkab sinovlarni faqatgina birgalikda, bir-birimizni yaqindan qoʻllab-quvvatlagan holda yenga olamiz.

Shu maʼnoda, Oʻzbekiston 2030-yilga qadar moʻljallangan Senday hadli dasturining asosiy maqsadlariga erishish boʻyicha Global platforma faoliyatini yanada kuchaytirish tarafdoridir.

Bu kabi favqulodda holatlar sabablarini chuqur oʻrganish hamda ofat oqibatlarini samarali bartaraf etish maqsadida Qoʻshilmaslik harakatining maxsus monitoring va ilmiy tadqiqot tarmogʻini tashkil qilishni taklif etaman.

Bu institutni Oʻzbekistonda joylashtirishga tayyormiz.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Pandemiyadan keyingi davrda geosiyosiy va mafkuraviy ziddiyatlar kuchayib, ularning taʼsirida jahonning turli nuqtalarida yangi notinchlik oʻchoqlari paydo boʻlayotgani barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda.

Bundan tashqari, Yaqin Sharq mintaqasi va Afgʻonistonda uzoq vaqtdan buyon saqlanib qolayotgan nizolarning global yechimi hanuzgacha topilgani yoʻq.

Ayniqsa, soʻnggi paytlarda barcha davlatlarda oʻsib borayotgan terrorizm va ekstremizmning xavf-xatariga qarshi Tashkilot doirasida amaliy aloqalarni kuchaytirish tobora dolzarb tus olayotganini alohida taʼkidlamoqchiman.

Ana shunday tahlikali vaziyatda biz Qoʻshilmaslik harakatini terrorizmning har qanday koʻrinishiga qarshi kurashning xalqaro-huquqiy bazasini mustahkamlash boʻyicha umumiy intilishlarga yetakchilik qilishga chaqiramiz.

Ushbu jarayonda Harakatga aʼzo barcha davlatlarning Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida koʻp tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirishiga qatʼiy ishonamiz.

Shuningdek, bu muammolarni xalqaro miqyosda samarali hal etish va tizimli muvofiqlashtirishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari albatta asosiy rolni bajarishi lozim.

Birlashgan Millatlar Tashkilotini isloh qilish jarayonida, Xavfsizlik Kengashi tarkibida kelgusida Qoʻshilmaslik harakati aʼzolarining doimiy oʻrni boʻlishi kerak.

Shu oʻrinda afgʻon masalasi boʻyicha algoritmni kelishish uchun BMT huzurida Xalqaro muzokaralar guruhini tuzishga doir Oʻzbekiston taklifini qoʻllab-quvvatlaysizlar, deb ishonaman.

Global kun tartibidagi yana bir muhim masala – bu davom etayotgan va yakuni hali koʻrinmayotgan iqtisodiy inqiroz asoratlarini yumshatishdir.

Barchamiz jahon savdo aloqalari zaiflashuvi, sanoat va logistika zanjirlari uzilishining salbiy taʼsirini yaqindan bevosita his qilayapmiz.

Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlari, suv va energetika resurslarining tobora taqchil boʻlib borayotgani mamlakatlarimiz ijtimoiy-iqtisodiy tizimlari uchun jiddiy sinov boʻlmoqda.

Ming afsuski, bunday qiyin vaziyatda eng katta ogʻirlik va salbiy taʼsir, avvalo, aynan rivojlanayotgan davlatlar zimmasiga tushmoqda.

Shuni taʼkidlamoqchimanki, bugungi sammit kabi nufuzli anjumanlar birinchi navbatda oʻzaro amaliy hamkorlikni rivojlantirish, qoʻshma dasturlar va yirik loyihalarni ilgari surish uchun keng iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochib berishi lozim.

Bu xayrli rejani amalga oshirish maqsadida, Tashkilotimiz sammitlari arafasida Qoʻshilmaslik harakati Iqtisodiy forumini muntazam oʻtkazib borishni taklif etaman.

Ishonchim komilki, bunday muhim tadbirlar innovatsiyalar, zamonaviy bilim va ilgʻor texnologiyalar almashuvini jadallashtirishga, umuman olganda, toʻrtinchi sanoat inqilobi, xususan aqlli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Yana bir muhim masala.

Pandemiyaning salbiy taʼsirini, birinchi galda, oʻsib kelayotgan yoshlarimiz his qilmoqda, desak, ayni haqiqat boʻladi.

Ularning sifatli taʼlim va professional bilim olish, tibbiy xizmatlardan foydalanish va sport bilan shugʻullanish imkoniyatlari keskin kamaymoqda.

Eng yomoni, yosh avlodning kelgusida hayotda oʻz munosib oʻrnini topishiga boʻlgan ishonchi va qatʼiyati susaymoqda.

Shuningdek, minglab yoshlarning ongu tafakkuriga buzgʻunchi va radikal mafkuralar taʼsiri ham tobora kuchaymoqda.

Biz oʻtgan yili Toshkent shahrida bu masalalar yechimiga qaratilgan, yoshlar taʼlimi va tarbiyasiga bagʻishlangan ikkinchi global konferensiyani oʻtkazdik.

Bu borada siyosat va rejalarimizni uygʻunlashtirish, toʻplagan tajribalarimiz bilan oʻrtoqlashish maqsadida Harakatimiz Yoshlar tarmogʻining «Cheksiz imkoniyatlar sammiti»ni kelgusi yil jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri boʻlgan koʻhna Samarqandda tashkil etish niyatidamiz.

Hurmatli doʻstlar!

Biz Ozarbayjonlik qardoshlarimizni Tashkilotimizga samarali raisligi va sammitning muvaffaqiyatli oʻtayotgani bilan yana bir bor samimiy tabriklaymiz.

Hech shubhasiz, bugun bildirilgan barcha fikr va mulohazalar, taklif va tashabbuslar xalqlarimizning umumiy ravnaqi va farovonligiga xizmat qiladi.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер