Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining oʻn oltinchi sammitidagi nutqi

14:11 09 Noyabr 2023 Siyosat
142 0

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Hurmatli Bosh kotib!

Anjuman ishtirokchilari!

Avvalambor, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida sizlar bilan uchrashib turganimdan behad xursandman.

Oʻzbekiston zaminiga xush kelibsiz!

Bugungi oliy darajadagi uchrashuvimiz bizning umumiy taraqqiyot yoʻlida koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirishga boʻlgan qatʼiy intilishimizning yaqqol dalilidir.

Bugun koʻz oʻngimizda dunyo siyosiy arxitekturasi tom maʼnoda oʻzgarmoqda va global qayta qurilishi sodir boʻlmoqda.

Bu murakkab jarayonlarda oʻzining katta oʻrniga ega boʻlgan Tashkilotimiz davlatlari birgalikda hamjihat boʻlib harakat qilishi, vujudga kelayotgan xavf-xatarlarga qarshi samarali yechimlar topishi muhimdir.

“Hamkorlikda iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyot sari” shiori ostida oʻtayotgan sammitimizda siz, aziz hamkasblarim bilan koʻp tomonlama aloqalarimizni yangi bosqichga olib chiqish va eng dolzarb masalalar boʻyicha batafsil fikr almashamiz.

Barchangizga bugungi tadbirimizda ishtirok etayotganingiz va oʻzaro manfaatli munosabatlarimiz ravnaqiga qoʻshayotgan ulkan hissangiz uchun alohida tashakkur bildiraman.

Fursatdan foydalanib, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyevni Tashkilotimizdagi muvaffaqiyatli raisligi bilan samimiy tabriklayman.

Ozarbayjon raisligi doirasida “Yashil oʻtish va oʻzaro bogʻliqlik yili”da oʻtkazilgan qator tadbir va tashabbuslar amaliy sherikligimizni kengaytirishga salmoqli hissa qoʻshdi.

Kelgusi yilda Tashkilotimizga raislik qiladigan Eron Islom Respublikasining mintaqaviy savdoni rivojlantirish orqali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish borasidagi reja va maqsadlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Bundan roppa-rosa ikki yil oldin Ashxobod shahrida Tashkilotimizning oʻn beshinchi sammitini muvaffaqiyatli oʻtkazgan edik. Turkmanistondagi yigʻilishimizda qabul qilingan muhim qarorlar tuzilmamiz faoliyatiga yangi nafas olib kirdi.

Tashkilotni isloh qilish va uning samaradorligini oshirish, xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, transport vazirlarimiz qabul qilgan Toshkent deklaratsiyasining muhim ahamiyatini alohida qayd etmoqchiman.

Boku shahrida Toza energiya markazini tashkil etish va mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratish masalasi boʻyicha amaliy ishlar qilinmoqda. Ekologiya sohasida yuqori darajadagi muloqot platformasi tuzildi. Turizm hamkorligini yanada kengaytirish maqsadida birinchi bor Tashkilot turoperatorlari tarmogʻi yaratildi va Xavfsiz turizmni rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.

Qadrli delegatsiyalar rahbarlari!

Tashkilotimiz aʼzolarini mushtarak tarix va muqaddas islom dinimiz, boy madaniyat va oʻxshash qadriyatlar chambarchas bogʻlab turadi.

Yarim milliard aholi yashaydigan keng mintaqamiz savdo-iqtisodiy, sanoat, investitsiya va innovatsiyalar, transport sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishda katta salohiyatga ega.

Tahlillarga koʻra, jahondagi global inqirozga qaramasdan, bizning iqtisodiyotlarimiz barqaror oʻsish surʼatlarini namoyon etmoqda.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ortga qaytmas islohotlar jadal amalga oshirilayotganidan barchangiz yaxshi xabardorsiz. Biz iqtisodiyotni liberallashtirish, xalqimizning turmush darajasi va farovonligini yanada yuksaltirishga asosiy eʼtiborni qaratyapmiz.

Yangi Oʻzbekistonda soʻnggi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi bir yarim barobar koʻpaydi. 2030-yilga qadar ushbu iqtisodiy koʻrsatkichni yana ikki barobarga oshirishni moʻljallayapmiz. Bunga, avvalo, “yashil” iqtisodiyot va zamonaviy infratuzilmani barpo etish, xususiy sektorni ragʻbatlantirish va yangi ish oʻrinlari yaratish, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish hisobidan erishish koʻzda tutilmoqda.

Bu borada xalqaro maydonda oʻz ovozi va nufuziga ega Tashkilotimizning barcha aʼzolari bilan samarali ishlashga tayyormiz. Zero, yaqin va yaxshi qoʻshni boʻlgan mamlakatlarimiz iqtisodiyotlari bir-birini toʻldira oladi. Umumiy savdo-transport koridorlari va energetika tarmoqlari esa davlatlarimizni uzviy bogʻlaydi. Biz yangi “oʻsish nuqtalari”ni birgalikda izlab topish orqali kelgusida salmoqli natijalarga albatta erishamiz.

Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!

Oʻzbekiston Tashkilotimizning asosiy hujjati boʻlgan “Istiqbollar – 2025” ijrosini sarhisob qilishni qoʻllab-quvvatlaydi. Hozircha ishga solinmayotgan katta imkoniyatlarning chuqur tahlili asosida Tashkilotimizning kelajakdagi ustuvor soha va tarmoqlarini belgilab beruvchi “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035” konseptual hujjatini ishlab chiqish vaqti keldi, deb hisoblaymiz.

Ushbu muhim hujjatda quyidagi asosiy yoʻnalishlarga eʼtibor qaratish lozim.

Birinchidan, oʻzaro savdoni ragʻbatlantirish. Oʻtgan yili mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo koʻrsatkichi 85 milliard dollarni tashkil etdi. Bu Tashkilotga aʼzo davlatlar umumiy tashqi savdosining atigi 8 foizi demakdir. Afsuski, imtiyozli savdo bitimini tuzish boʻyicha koʻp yillik urinishlar kutilgan samarani bermayapti. Toʻsiqsiz savdoni shakllantirish yoʻlida hali-hamon koʻplab cheklov va muammolar saqlanib qolmoqda.

Bu holatlarni ochiq tan olishimiz va ularni ijobiy tomonga oʻzgartirish uchun vaziyatga yangicha qarash bilan yondashish kerak. Shu munosabat bilan ekspertlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida savdoni soddalashtirish toʻgʻrisidagi bitimni qabul qilishga chaqiraman.

Ushbu hujjatda tovar va xizmatlar savdosini yengillashtirish, texnik va notarif toʻsiqlarni bartaraf etish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya tartib-qoidalarini raqamlashtirish, elektron savdoni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, bu chora-tadbirlar orqali 2035-yilga borib oʻzaro savdo hajmlarini kamida ikki barobar koʻpaytirish mumkin.

Ikkinchidan, oʻzaro transport-kommunikatsiya bogʻliqligini kuchaytirish. Aʼzo davlatlarning aksariyati dengizga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyatiga ega emas. Shu bilan birga, Osiyo-Tinch okeani, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa mintaqalarining yirik bozorlari bilan bogʻlaydigan va bizning hududlarimiz orqali oʻtadigan transkontinental transport yoʻlaklari salohiyatidan toʻliq foydalanishimiz zarur.

Kelgusida “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” va Transafgʻon multimodal yoʻllarining ishga tushirilishi barcha aʼzo davlatlar manfaatlariga mos keladi.

Toshkentda 2-noyabrda boʻlib oʻtgan transport vazirlarining yigʻilishida “Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” transport yoʻlagini rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan hujjatga boshqa aʼzolarni ham qoʻshilishga, oʻzaro tarif va yigʻimlarni maqbullashtirishga chaqiraman.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Ozarbayjon va Turkiya bilan yuk tashish hujjatlarini raqamlashtirdi, shuningdek, boshqa davlatlar bilan bunday loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bu kabi zamonaviy tizimlarni keng joriy qilish hamda samarali muvofiqlashtirish uchun Toshkent shahrida Tashkilotning Raqamli transport va bojxona ofisini tashkil etish tashabbusini bildiraman.

Uchinchidan, sanoat kooperatsiyasi hamda ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish, industrial xablarni shakllantirish.

Biz oʻzaro investitsiyalar oqimini koʻpaytirish, ularni himoya qilish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish boʻyicha Qoʻshma harakatlar dasturini ishlab chiqib, Tashkilotimiz Kotibiyatiga taqdim etdik. Mazkur hujjatda kimyo, energetika, geologiya, toʻqimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika va qurilish sohalarida yangi qoʻshma loyihalarni ilgari surish maqsad qilib qoʻyilgan. Bu ezgu yoʻlda Tashkilotning Savdo va taraqqiyot banki bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish tarafdorimiz.

Kecha Toshkentda oʻtgan Savdo-sanoat palatalari va koʻplab kompaniyalarimiz rahbarlari ishtirokidagi beshinchi biznes-forum xususiy sektorda katta salohiyatga ega ekanimizni yaqqol koʻrsatdi. Biz Tashkilotimiz doirasida hududlararo sanoat koʻrgazmasini tashkil etish va uning dastlabki tadbirini 2024-yilda yurtimizda oʻtkazish taklifini ilgari suramiz.

Toʻrtinchidan, energetika xavfsizligini kafolatli taʼminlash. Milliy energetika strategiyalarini uygʻunlashtirish, mintaqalararo energiya resurslarini uzatish tarmoqlarini rivojlantirish, “yashil” energetika texnologiyalarini keng joriy etishning ahamiyati oshmoqda.

Biz Tashkilotning energetika sohasida hamkorlik strategiyasining asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish borasida keng koʻlamli ishlarni amalga oshirmoqdamiz. 2030-yilgacha 25 gigavatt quvvatdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratishni va balansimizda ularning ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz. Shu yilning oʻzida 2 gigavatt quvvatdagi yirik shamol va quyosh elektr stansiyalarini ishga tushiryapmiz. Shuningdek, “yashil vodorod” ishlab chiqarish sohasida ham ilk qadamlarni qoʻymoqdamiz. Ushbu yoʻnalishlarda barcha davlatlar bilan ochiq muloqot va tajriba almashishga tayyormiz.

Hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qilish va ishlarni tizimli asosda olib borish uchun Tashkilotimiz doirasida alohida Energetika vazirlari kengashini taʼsis etishni taklif etamiz.

Beshinchidan, iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurash va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha aloqalarni jadallashtirish. Hozirgi vaqtda bizning davlatlarimiz bu oʻtkir muammolarning ogʻir oqibatlariga duch kelmoqda. Muzliklarning erishi, suv resurslari taqchilligi, choʻllanish, chang boʻronlari, tuproq yemirilishi va biologik xilma-xillikning yoʻqolishi kabi jarayonlar qattiq xavotir uygʻotmoqda.

Tuzilmamiz doirasida Ekologiya masalalari boʻyicha yuqori darajali platforma yaratish boʻyicha gʻoyamizni qoʻllab-quvvatlaganingiz uchun tashakkur izhor etaman. Uning birinchi anjumanini 2024-yili Samarqand iqlim forumi doirasida tashkil etishga tayyormiz.

Shuningdek, kelgusi haftada yurtimizda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Choʻllanishga qarshi kurashish konvensiyasi bajarilishini koʻrib chiqish boʻyicha qoʻmita yigʻilishida vakillaringizni faol ishtirok etishga chorlaymiz. Hozirgi vaqtda tobora jiddiy muammoga aylanib borayotgan qum-chang boʻronlariga qarshi kurashish maqsadida Samarqand deklaratsiyasini qoʻllab-quvvatlashga chaqiramiz.

Oltinchidan, turizm sohasida hamkorlikni kuchaytirish. Yaqinda 140 dan ortiq davlatlar ishtirokida Samarqandda boʻlib oʻtgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasi mintaqamiz sayyohlik salohiyatiga butun dunyo eʼtiborini jalb etish borasida tarixiy voqea boʻldi.

Bugungi kunda Tashkilot makonida YUNESKOning 90 ga yaqin Butunjahon merosi obyektlari joylashgan boʻlib, mamlakatlarimizga har yili salkam 80 million xorijiy sayyohlar tashrif buyurmoqda.

Transchegaraviy yoʻnalishlar tobora ommalashayotganini hisobga olib, qoʻshma turistik marshrutlarni joriy etish hamda “Ipak yoʻli” sayyohlik brendi ostida umumiy sayyohlik dasturlarini koʻpaytirishni taklif etaman.

Tashkilotimiz Kotibiyati huzurida aʼzo mamlakatlarning turizm maʼmuriyatlari va yetakchi ekspertlardan iborat alohida Turizm boʻyicha maslahat qoʻmitasini tashkil etish taklifini bildirmoqchiman. Uning ilk uchrashuvini kelgusi yili Tashkilotimizning turizm poytaxti deb eʼlon qilingan Shahrisabz shahrida oʻtkazishga tayyormiz.

Shuningdek, aʼzo davlatlarni Samarqandda ochilgan Butunjahon turizm tashkilotining Xalqaro turizm akademiyasi imkoniyatlaridan unumli foydalanishga chaqiramiz.

Yettinchidan, madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish orqali doʻst xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish. Har yili mamlakatlarimizda navbat bilan Madaniyat, sanʼat va kino haftaliklarini oʻtkazib borish, yoshlarning ijodiy festivallari va innovatsion hamkorlik platformasini yoʻlga qoʻyish, fundamental ilmiy yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish aloqalarimiz rivojiga kuchli turtki bagʻishlaydi.

Hurmatli sammit qatnashchilari!

Global tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan Yaqin Sharqdagi Falastin-Isroil urushi barchamizda katta tashvish uygʻotmoqda. Ming afsuski, bu qonli nizo oqibatida avvalo, tinch aholi vakillari, ayniqsa, ayollar, bolalar va keksalar koʻplab qurbon boʻlmoqda. Urushning mintaqa boʻylab yoyilib ketish xavfi tobora real tus olmoqda.

Qarama-qarshilikning keng koʻlamli nizoga aylanib ketishiga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Biz tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni toʻxtatishga, tinch muzokaralarni boshlash, oqilona murosaga kelishga chaqiramiz.

Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa, yaʼni, oʻzining mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega, degan qatʼiy pozitsiyamizni yana bir bor bildiramiz.

Shuningdek, bugungi sammit Tashkilotimiz aʼzolaridan biri boʻlgan Afgʻoniston ishtirokisiz oʻtayotganiga diqqatingizni qaratmoqchiman.

Asrlar davomida bizga yon qoʻshni boʻlgan koʻpmillatli Afgʻoniston xalqini bugungi murakkab muammolari qarshisida yolgʻiz qoldirib boʻlmaydi. Ushbu mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga faol jalb etish barqaror taraqqiyotimizning ajralmas va zaruriy shartidir.

Barchangizni afgʻon xalqiga gumanitar yordam koʻrsatishni koʻpaytirishga, ushbu mamlakatdagi oʻtkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni jamoaviy masʼuliyat va maqbul mexanizmlar asosida hal etishga chaqiraman.

Hurmatli hamkasblar!

Nutqimning yakunida alohida taʼkidlamoqchimanki, bugungi tarixiy sammit va uning natijalari Tashkilotimizni samarali va taʼsirchan tuzilmaga aylantirishga, koʻpqirrali sherikligimizni yangi marralarga olib chiqishiga ishonaman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?