Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

16:25 26 Noyabr 2021 Siyosat
292 0

26-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Elboshini yaqinlashib kelayotgan bayram - Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti kuni bilan tabriklab, mustahkam sogʻlik, farovonlik va yangi zafarlar, birodar Qozogʻiston xalqiga bardavom taraqqiyot va ravnaq tiladi.

Nursulton Nazarboyevning zamonaviy Qozogʻistonni barpo etish, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishdagi tarixiy oʻrni va ulkan shaxsiy hissasi qayd etildi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari bugun yuksak darajaga koʻtarilgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi.

Joriy yil boshidan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshdi, ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va korxonalari oʻrtasidagi sanoat kooperatsiyasi kengayib bormoqda. Bugun Turkiston shahrida Oʻzbekiston va Qozogʻiston hukumatlari rahbarlari ishtirokida Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi va Hududlar forumi oʻtkazilmoqda.

Bundan tashqari, madaniy-gumanitar almashinuvga doir muhim dasturlarni amalga oshirish faol davom ettirilmoqda.

Telefon muloqoti chogʻida ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi, boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?