Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Hindiston – Markaziy Osiyo” sammitida ishtirok etdi

20:21 27 Yanvar 2022 Siyosat
2446 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni videoanjuman shaklida oʻtgan “Hindiston – Markaziy Osiyo” birinchi sammitida ishtirok etdi.

Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashdilar.

Yetakchilar mintaqa mamlakatlari va Hindiston oʻrtasidagi anʼanaviy yaqin va doʻstona aloqalarni yanada mustahkamlash, koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini koʻrib chiqdilar. Xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqining avvalida ushbu uchrashuvning strategik sheriklikni mustahkamlash hamda mintaqaviy hamkorlikning uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan yangi kun tartibini shakllantirishdagi ahamiyatini alohida qayd etdi.

Bunga mamlakat va xalqlarimizni bogʻlab turgan chuqur tarixiy ildizlar ishonchli zamin boʻlib xizmat qilmoqda. Xususan, ming yillar mobaynida mintaqamiz va Hindiston xalqlari oʻrtasida faol gumanitar almashinuvlar va savdo aloqalari mavjud boʻlgan, ularning madaniyati, anʼanalari va maʼnaviy qadriyatlari bir-birini boyitib kelgan.

Davlatimiz rahbari “Hindiston – Markaziya Osiyo” formatidagi amaliy hamkorlikni ilgari surishning strategik ustuvor yoʻnalishlarini belgilab, bu borada aniq takliflarni ilgari surdi.

Birinchi ustuvor yoʻnalish sifatida taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida faol hamkorlik qilish, Hindistonning ilgʻor tajribasi, bilim va texnologiyalarini joriy qilish orqali inson kapitalini rivojlantirish belgilab olindi.

Bunga misol tariqasida keyingi yillarda mamlakatimizda hindistonlik hamkorlar bilan birgalikda zamonaviy koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari tashkil etilgani koʻrsatib oʻtildi. Ayni paytda, Hindistonning yetakchi tibbiy universitetlarining Oʻzbekistondagi filiallari qoshida bunday klinikalar tarmogʻi yanada kengaytiriladi.

Prezidentimiz farmatsevtik preparatlar ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish, vaksinatsiya toʻgʻrisidagi sertifikatlarni oʻzaro tan olishni jadallashtirish, virusolog vrachlar tayyorlash dasturlarini boshlash, anʼanaviy tibbiyot usullarini keng joriy qilish tashabbuslarini bildirdi. Ularni ilgari surish maqsadida har yili qoʻshma Sogʻliqni saqlash forumini oʻtkazib borish taklif qilindi.

Yurtimiz taʼlim sohasida Hindistonning uchta yirik oliy taʼlim muassasalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, xalqaro maktablar ochish dasturlari amalga oshirilmoqda, Hindistonning tillarni oʻqitish metodikasi joriy qilinmoqda.

Oʻzbekiston yetakchisi yangi universitetlar va professional taʼlim markazlarini ochish, ilmiy va akademik almashinuvlarni yoʻlga qoʻyish, innovatsion ishlanmalar va startaplarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etdi.

Axborot texnologiyalari sohasidagi sheriklikning keng istiqbollari alohida qayd etildi. Raqamlashtirish sohasida jahonning peshqadamlaridan biri hisoblangan Hindiston mamlakatimiz IT tarmogʻi rivojiga katta hissa qoʻshib kelmoqda.

Raqamli, moliyaviy va blokcheyn texnologiyalarini rivojlantirish, kiberxavfsizlik va kadrlar tayyorlash borasida, shu jumladan mavjud platformalar negizida hamkorlik qilishning mintaqaviy dasturini qabul qilish tashabbusi ilgari surildi.

Ikkinchi eng muhim strategik ustuvor yoʻnalish sifatida davlatimiz rahbari iqtisodiy sheriklikni kengaytirishni taklif etdi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash qariyb ikki barobarga ortdi, qoʻshma korxonalar soni 400 taga yetdi. Yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, Andijon viloyatining Gujarat shtati bilan kooperatsiyasi muvaffaqiyatli rivojlanmoqda.

Tadbirkorlar va hududlar darajasidagi bevosita aloqalarni ragʻbatlantirish, investitsiyalar va savdo sohasida yangi oʻsish nuqtalarini aniqlash maqsadida “Hindiston – Markaziy Osiyo” ishbilarmonlar kengashi faoliyatiga jadal surʼat bagʻishlash muhim ekani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Prezidenti mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi transport aloqalari samaradorligini oshirish va zamonaviy infratuzilma yaratish masalalarining ustuvor ahamiyatini qayd etdi.

“Quruq” portlar tarmogʻini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish, yuk tashishda chegirma va imtiyozli tariflar taqdim etish, bojxona tartibotlarini soddalashtirish maqsadida transport vazirlarining koʻp tomonlama uchrashuvlari mexanizmini yoʻlga qoʻyish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.

Energetik samaradorlik va “yashil” taraqqiyot sohalarida Hindistonning ilgʻor tajribasini va kooperatsiya istiqbollarini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratildi. Bu boradagi mintaqaviy hamkorlik masalalarini kelgusi yilning sentyabr oyida Orolboʻyida oʻtkaziladigan xalqaro forumda muhokama qilish taklifi ilgari surildi.

Madaniy-gumanitar soha uchinchi ustuvor yoʻnalish sifatida qayd etildi. Muzeylararo hamkorlik, koʻrgazma va anjumanlar tashkil etish, qoʻlyozma fondlarini raqamlashtirish va virtual kutubxona yaratish, umumiy tarixiy-arxeologik merosni tadqiq etishni nazarda tutadigan qoʻshma chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Hindiston bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi munosabati bilan mintaqa mamlakatlarida hind madaniyati va kinosi festivallarini oʻtkazish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari Afgʻonistonda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyatga alohida toʻxtaldi. Ushbu mamlakatda barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash, gumanitar inqirozning avj olishiga yoʻl qoʻymaslik, yirik infratuzilma loyihalarini ilgari surishga koʻmaklashish choralarini koʻrish muhim ekani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston yetakchisi Bosh vazir Narendra Modi va doʻst Hindiston xalqini Respublika kuni va mamlakat mustaqilligining boʻlajak 75 yilligi bilan tabrikladi.

Boshqa delegatsiyalar rahbarlari ham oʻz nutqlarida sheriklik munosabatlari va mintaqaviy hamkorlikni, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, infratuzilma, sanoat, qishloq xoʻjaligi, madaniyat va turizm sohalarida kengaytirish uchun katta imkoniyatlar borligini qayd etdilar.

Sammit yakunida Markaziy Osiyo davlatlari va Hindiston oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlari va koʻp qirrali sheriklikni yanada mustahkamlashning muhim masalalariga doir umumiy yondashuvlar bayon qilingan Dehli deklaratsiyasi qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер