Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Germaniya bilan koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi

20:42 01 Noyabr 2022 Siyosat
1103 0

Foto: president.uz

1-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan boʻlib turgan Germaniya federal tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Ikki mamlakat tashqi siyosiy idoralari darajasida sermahsul almashinuvlarni davom ettirish, birgalikdagi ishbilarmonlik tashabbuslari va biznes loyihalarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini samarali ishga solish, madaniy-gumanitar tadbirlarni oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.

Oʻzaro savdo va investitsiya koʻrsatkichlari oʻsayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 45 foizga oshdi. Jalb etilgan investitsiyalar hajmi joriy yil yakuniga borib 1 milliard yevrogacha boʻladi. Xususan, bugungi kunda Oʻzbekistonda Germaniyaning 200 dan ortiq yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari, moliyaviy-texnik hamkorlik, shu jumladan “KfW” banki va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati ishtirokida kengayib bormoqda.

Tashqi siyosiy idora rahbari Annalena Berbok Yangi Oʻzbekistondagi demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturi Germaniya tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotganini yana bir bor qayd etdi.

Tomonlar “yashil” iqtisodiyot, muqobil energetika, innovatsiyalar, resursni tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni qoʻllash, ilgʻor taʼlim metodikalarini joriy qilish kabi ustuvor yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер