Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti YEXHT bosh kotibi bilan hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qildi

19:51 17 Noyabr 2022 Siyosat
315 0

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-noyabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) bosh kotibi Xelga Shmid bilan muzokara oʻtkazdi.

YEXHT bilan ushbu tashkilot faoliyatining uchta – iqtisodiy, siyosiy va gumanitar yoʻnalishlarning barchasida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Keyingi vaqtda aloqalar faollashgani, ochiq va konstruktiv muloqot rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oʻzaro hamkorlikka 30 yil toʻlgan joriy yilning oʻzida Oʻzbekistonga YEXHTning amaldagi raisi Zbignev Rau va YEXHTning Milliy ozchiliklar masalalari boʻyicha Oliy komissari Qayrat Abdurahmonov tashrif buyurdi. Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi, Parlament assambleyasi va YEXHTning OAV erkinligi boʻyicha vakili bilan samarali hamkorlik olib borilmoqda.

Yoshlar oʻrtasida raqamli koʻnikmalarni rivojlantirish boʻyicha hamda 2026-yilgacha qadar davrga moʻljallangan Terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurashish strategiyasi doirasida qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Suhbat davomida YEXHT tuzilmalarining ekspert koʻmagi, ayniqsa Oʻzbekistonda demokratik islohotlarni davom ettirish va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish masalalarida muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi.

Iqtisodiyot va ekologiya yoʻnalishlaridagi hamkorlikni kuchaytirish, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, kichik biznes va ekologiya sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi.

Mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikning dolzarb muammolari muhokama qilinar ekan, qoʻshni Afgʻonistondagi vaziyatga alohida eʼtibor qaratildi. Afgʻon xalqining muhim gumanitar ehtiyojlarini taʼminlashga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер