Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining oʻrinbosarini qabul qildi

19:34 24 Noyabr 2021 Siyosat
623 0

Foto: president.uz

24-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining oʻrinbosari, BMT Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi ijrochi direktori Gada Valini qabul qildi.

Uchrashuvda global va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf va xatarlarga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston va BMTning ushbu ixtisoslashgan boʻlinmasi oʻrtasidagi amaliy hamkorlik yuksak darajaga koʻtarilgani va samarali tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mamlakatimizda 1995-yildan buyon boshqarmaning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda. Uning faol ishtirokida keyingi bir necha yilda amaldagi mintaqaviy dastur doirasida umumiy qiymati 24 million dollarlik moliyaviy-texnik koʻmak loyihalari bajarildi va amalga oshirilmoqda.

Gada Valining tashrifi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun 2022-2025-yillarga moʻljallangan yangi mintaqaviy hamkorlik dasturi qabul qilindi, ushbu dasturda beshta ustuvor yoʻnalishda 90 million dollarlik tadbir va loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, shu kunlarda Samarqand shahrida Yoshlarning giyohvand moddalarga qarshi mintaqaviy tarmogʻi ishga tushiriladi hamda Buxoro shahrida Odam savdosiga qarshi kurash boʻyicha xalqaro konferensiya oʻtkaziladi.

Uchrashuvda narkotiklarning noqonuniy aylanmasi, uyushgan jinoyatchilik va xalqaro terrorizmga qarshi kurashish sohasida, korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida elektron platforma joriy qilish va boshqa yoʻnalishlarda sheriklik va oʻzaro muvofiqlashuvni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Mintaqadagi vaziyatga alohida eʼtibor qaratilib, Afgʻonistonda gumanitar inqirozning oldini olish va ushbu mamlakatga amaliy yordam koʻrsatish uchun xalqaro hamjamiyatning muvofiqlashgan saʼy-harakatlari muhim ekani taʼkidlandi.

Mamlakatimizning BMT boshqarmasi bilan tizimli va koʻp qirrali hamkorligini mustahkamlashga doir qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?