Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Birlashgan Arab Amirliklari rahbariyati va xalqini ushbu davlat tashkil topganining 50 yilligi bilan tabrikladi

18:59 02 Dekabr 2021 Siyosat
695 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi valiahdi, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli Kuchlari Oliy bosh qoʻmondoni oʻrinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari Abu-Dabi valiahdini, doʻst Amirliklar rahbariyati va xalqini ushbu mamlakat tashkil topganining 50 yilligi bilan samimiy qutlab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik, bardavom taraqqiyot va ravnaq tiladi.

BAAning davlat qurilishi va iqtisodiy rivojlanishda yuksak muvaffaqiyatlarga erishgani, ular keng xalqaro eʼtirofga sazovor boʻlgani va Dubay shahrida oʻtayotgan EXPO butunjahon koʻrgazmasida yana bir bor namoyish etilgani alohida qayd etildi.

Suhbatda koʻp qirrali Oʻzbekiston-BAA hamkorligi kun tartibidagi dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.

Muqobil energetika, sanoat, qishloq xoʻjaligi, infratuzilmani modernizatsiya qilish, boshqaruv kadrlarini tayyorlash va boshqa ustuvor sohalarda samarali hamkorlik qilinayotgani hamda Amirliklarning yetakchi tashkilotlari, kompaniya va moliyaviy institutlari ishtirokidagi qoʻshma loyihalar muvaffaqiyatli ilgari surilayotgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi.

Uzoq muddatli sheriklikning yangi ilgʻor yoʻnalish va dasturlarini belgilab olish maqsadida faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirish muhim ekani qayd etildi.

Abu-Dabi valiahdi Amirliklarning har doimgidek doʻstona va yaqin ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash borasidagi intilishi qatʼiy ekanini tasdiqladi hamda Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi keng koʻlamli hamkorlikni davom ettirish zarurligini taʼkidladi.

Telefon orqali muloqot doʻstona, ishonch va ishchanlik ruhida oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?