Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov umumtaʼlim maktablari uchun yagona maktab formasini joriy etish masalasiga doir bayonot berdi

17:38 27 Iyul 2022 Jamiyat
399 0

Illustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov umumtaʼlim maktablari uchun yagona maktab formasini joriy etish masalasiga doir bayonot berdi.

— Assalomu alaykum hurmatli ustozlar, aziz ota-onalar va qadrli yurtdoshlar!

Soʻnggi yillarda yurtimizda, Hurmatli Prezidentimizning bevosita rahbarliklarida taʼlim tizimida keng islohotlar olib borilmoqda. Milliy dastur asosida yangi maktablar qurilmoqda, yangi oʻquv dasturlari, ular asosida zamonaviy darsliklar yaratilmoqda, muallimlarimizning malakasi hozirgi talablar asosida oshirilmoqda.

Bu ishlarning barchasi taʼlimdagi muammolarni bartaraf etib, uning sifatini yangi darajaga olib chiqishga va natijada dunyo yangiliklarini tez qabul qiladigan, kezi kelganda tengma-teng bahslasha oladigan yangi avlodni tarbiyalashga qaratilgan.

Maktabda yoshlarimizga taʼlim berish bilan bir qatorda, ularni har tomonlama tarbiya qilish ham bugungi dolzarb masalalardan biridir. Zero, har bir bola maktab yoshida harakatlari orqali oʻz individualligini namoyish etishga intiladi. Lekin maktab quchogʻida oʻquvchi oʻzligini faqat bilimi va odobi bilan koʻrsatishi zarur.

Aks holda boshqalardan ajralib turishga intilish, kiyinishdagi oʻziga xoslik natijasida kim oʻzarga oʻtib ketishi va bu omil oʻquvchining bilim olishiga keskin salbiy taʼsir koʻrsatishi olimlar tomonidan ilmiy jihatdan isbotlangan.

Shundan kelib chiqib, maktab formasi qator rivojlangan mamlakatlarda ham joriy etilganini qayd etish zarur.

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-maydagi 271-son qaroriga asosan yangi 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun yagona maktab formasini joriy etish belgilangan.

Bundan koʻzlangan maqsad oʻquvchilarning kiyinish madaniyati va tartib-intizomga amal qilish koʻnikmalarini mustahkamlash, ijtimoiy tenglikni taʼminlashdan iborat.

Aytish joizki, maktab formasi masalasida bir kunda qaror qabul qilingani yoʻq. Bunga uzoq muddatli oʻrganish va tahlillar, xususan, 2018-yildan boshlab koʻplab maktablarda oʻtkazilgan tajriba-sinov jarayonlari asos boʻlgan.

Maktab formasi dizayni bir necha variantlar orasidan tanlanib, sanitariya qoidalari va gigiyena normativlariga mosligi boʻyicha toʻqimachilik mahsulotlari uchun belgilangan sifat talablariga muvofiqligi qatʼiy nazoratga olingan.

Soʻnggi kunlarda keng jamoatchilik tomonidan maktab oʻquvchilari uchun yagona maktab formasini joriy etilishi muhokama boʻlmoqda va turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda.

Barchamizga maʼlumki, inson qadrini ulugʻlash, ochiqlik tamoyili Yangi Oʻzbekistonning bosh maqsadi hisoblanadi.

Shu bois hurmatli ota-onalarimizning va keng jamoatchilikning fikr-mulohazalari, takliflari asosida quyidagilarni maʼlum qilamiz.

Birinchidan, moslashuv jarayoni uchun maʼlum vaqt kerakligini inobatga olib, yagona maktab formasi 2025-yilga qadar bosqichma-bosqich joriy etib boriladi.

Yaʼni, yangi oʻquv yili 2022-yil sentyabr oyidan boshlab ota-onalar yagona formani xarid qilishiga majburiy talab qoʻyilmaydi va maktabga yagona formada kelmagan oʻquvchilarga nisbatan hech qanday eʼtirozlar bildirilmaydi.

Ikkinchidan, milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqib, oʻquvchi-qizlarimizning maktabga ochiq rangdagi milliy roʻmolni boshning orqa tomonidan oʻragan holda kelishlari maʼn etilmaydi.

Uchinchidan, oʻquvchi-qizlarning liboslari, yaʼni yubka va kofta yenglarining uzunligi borasida ham ayrim tushunmovchiliklar boʻlmoqda.

Taʼkidlash joiz, tasdiqlangan oʻlchamlarda eng minimal uzunlik belgilangan. Yaʼni oʻquvchi-qizlarning yubka va kofta yenglarining uzunligini uzaytirishga ruxsat beriladi, ammo belgilangan oʻlchamdan kalta boʻlishi mumkin emas.

Toʻrtinchidan, mahalliy hokimliklar tomonidan kam taʼminlangan oilalarga mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan maktab formasini sotib olinishiga koʻmak beriladi.

Shuningdek, ota-onalarimizga alohida taʼkidlab oʻtmoqchi edim, maktab formasini aynan biror tadbirkordan/korxonadan xarid qilish boʻyicha maktab maʼmuriyati tomonidan majbur etilmaydi va bunday holatga yoʻl qoʻyilmaydi.

 Maktab formasi savdosi avgust oyidan boshlab har bir tuman va shahar markazlaridagi aholiga qulay joylar hamda maktab yarmarkalarida tashkil etiladi.

Xalq taʼlimi vazirligi ota-onalar va oʻquvchilarning maktab formasi dizayni va sifati boʻyicha har qanday takliflarini koʻrib chiqishga va birgalikda yagona forma dizaynlarini takomillashtirib borishga tayyor ekanligini maʼlum qiladi.

Shu bilan birga hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda joriy oʻquv yilidan boshlab oʻqituvchilar uchun ham yagona forma joriy etilayotganligi haqida hech qanday asosga ega boʻlmagan maʼlumotlar tarqalmoqda.

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oʻqituvchilar uchun bunday talab joriy etilmaganligini, bu oddiy “feyk” xabar ekanligini qatʼiy taʼkidlab oʻtmoqchiman.

Oʻz navbatida, Vazirlik tomonidan tez orada Matbuot anjumani tashkil etilishi, unda xalq taʼlimi tizimidagi islohotlar va yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik boʻyicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumot berilishi rejalashtirilgan hamda mazkur tadbirda barcha masalalar, xususan maktab formasi boʻyicha atroflicha axborot beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?