Oʻzbekiston qanday qilib pandemiyaning salbiy oqibatlarini yengib, iqtisodiy rivojlanishga erishayotganini oʻrganyapmiz — Jahon banki vakili

20:07 02 Sentyabr 2021 Jamiyat
1108 0

Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik anjumani ishtirokchisi, Jahon banki Direktorlar kengashidagi II Afrika guruhi ijrochi direktorining oʻrinbosari Abdul Salom Bello Bubokar “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida ushbu xalqaro tadbirining ahamiyati haqidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

— ITB Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yigʻilishida ishtirok etayotganimdan juda xursandman, - dedi Abdul Salom Bello Bubokar. - Bu yerda boʻlib oʻtayotgan munozaralarning sifatini alohida taʼkidlashni istardim. Bank faoliyatining koʻplab strategik yoʻnalishlari, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davomida xususiy sektor, kichik va oʻrta biznesga yordam koʻrsatish masalalari muhokama qilinmoqda.

Jahon banki Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Oʻzbekistonga ham salmoqli yordam koʻrsatmoqda. Oʻtgan yili koronavirus pandemiyasining oʻzbekistonliklar salomatligi va farovonligiga taʼsirini yumshatish boʻyicha favqulodda choralarni moliyalashtirish uchun 95 million dollar ajratilishini maʼqulladik. Loyiha mablagʻlari milliy sogʻliqni saqlash tizimini yaxshilash, shuningdek, pandemiya tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy inqirozdan zarar koʻrgan aholining kambagʻal va zaif qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash uchun ishlatiladi.

Toshkentda davom etayotgan uchrashuvdan umidlarim qanday? Avvalo, ushbu uchrashuv global bank sohasida davom etayotgan jarayonlarni oʻrganish, turli mamlakatlar tomonidan qoʻllanilayotgan eng yaxshi amaliyotlardan foydalanish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega. Xususan, Oʻzbekiston qanday qilib pandemiyaning salbiy oqibatlarini yengib, iqtisodiy rivojlanishga erishayotganini oʻrganayapmiz.

Oʻzbekistonning qadimiy sivilizatsiyasi, xalqingizning boy tarixi va madaniyati haqida koʻp eshitganman. Mamlakatingizning madaniy boyliklari bilan yaqindan tanishish baxtiga muyassar boʻlganimdan chin dildan xursandman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?