Oʻzbekiston Prezidentining siyosati tufayli dunyo mamlakatning jahonga yuz tutayotganiga guvoh boʻlmoqda — “La Nazione”

12:17 10 Mart 2021 Siyosat
416 0

Italiyaning nufuzli “La Nazione” gazetasida Florensiyada Oʻzbekistonning Toskana va Umbriya mintaqalaridagi faxriy konsulxonasi ochilgani toʻgʻrisida maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Material muallifi — jurnalist Katerina Chekkuti faxriy konsulxona joriy yil 5-mart kuni ochilgani, "Italiya — Oʻzbekiston" savdo-sanoat palatasi maslahatchisi, Florensiya va Samarqand oʻrtasida doʻstlik va birodarlik munosabatlarini oʻrnatish tashabbuskori Leonardo Komuchchi faxriy konsul etib tayinlangani haqida yozgan.

“Florensiyadagi faxriy konsulxonaning asosiy maqsadi Italiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy va ilmiy aloqalarni rivojlantirishga koʻmaklashishdir”, — deydi muallif.

Katerina Chekkutiga koʻra, boy xom ashyo bazasi, strategik mavqe, iqtisodiy rivojlanishning uzoq muddatli rejalari, soliq imtiyozlari, siyosiy barqarorlik va muntazam oʻsib borayotgan iqtisodiyot mamlakatimizni biznes imkoniyatlarining jozibadorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Italiyalik jurnalist, shuningdek, yangi tayinlangan faxriy konsuldan intervyu olgan. Uning savollariga javob berar ekan, Leonardo Komuchchi Italiyada oʻzbek xalqi uchun “tayanch punkti” boʻlish uning uchun katta sharaf ekanini taʼkidlagan.

“Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda inson huquqlari himoyasini taʼminlash, sud-huquq tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida sezilarli yutuqlarga erishildi,- dedi u. - Shuningdek, jiddiy maʼmuriy islohotlar amalga oshirilmoqda, elektron hukumat takomillashmoqda va jadal rivojlanmoqda, ommaviy axborot vositalari va blogerlarning mustaqilligini taʼminlash sohasida muhim islohotlar boshlangan”.

L.Komuchchi ommaviy axborot vositalari erkinligi va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi yutuqlar haqidagi savolga ham javob bergan. Bugungi kunda Oʻzbekistonda jurnalistlar va blogerlar fikrlar va yangi oʻzbekona tafakkurni ifoda etishda yetakchilik qilmoqda, deb qayd etgan u.

“Korrupsiyani tubdan kamaytirish boʻyicha saʼy-harakatlarni yana-da kuchaytirish uchun «Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi tasdiqlandi. Uning asosiy maqsadi ixtisoslashgan internet-portallarda hujjatlarni nashr etish orqali fuqarolarga qaror qabul qilish jarayonlari toʻgʻrisida barcha maʼlumotlarga ega boʻlish imkoniyatini taqdim etishga qaratilgan», — dedi Leonarda Komuchchi.

Unga koʻra, Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosati tufayli butun dunyo Oʻzbekistonning jahonga yuz tutayotganiga, maʼmuriy, qishloq xoʻjaligi, sanoat sohalarida real islohotlar va davlat korxonalarini xususiylashtirishga guvoh boʻlmoqda.

“Xalqaro hamjamiyat oʻz nigohini Oʻzbekistonning salohiyatiga qaratishi, islohotlarni ragʻbatlantirishi, ularning rivojlanishini kuzatishi va jahon miqyosidagi hamkorlik dinamikasi doirasida mamlakatga eʼtibor berishi kerak”, deb xulosa qilgan muallif.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?