Oʻzbekiston Prezidenti Jahon banki bilan keng koʻlamli sheriklikning yangi kun tartibini taklif etdi

20:34 18 May 2021 Siyosat
852 0

18-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Jahon banki prezidentining oʻrinbosari Anna Berde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Jahon banki guruhi oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yana-da kengaytirish, mamlakatimizda va umuman mintaqada barqaror taraqqiyotni taʼminlash maqsadida amaliy hamkorlik darajasini oshirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Anna Berdeni Jahon banki prezidentining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tayinlangani bilan samimiy tabriklab, unga katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Keyingi yillarda birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgan ikki tomonlama hamkorlikning bugungi yuksak darajasi katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bankning har tomonlama koʻmagi bilan mamlakatimizda bozor islohotlari va ijtimoiy yangilanishlar dasturini amalga oshirish davom etayotgani taʼkidlandi.

Jahon banki guruhining tuzilmalari ishtirokidagi loyihalarni ilgari surish boʻyicha aniq chora-tadbirlar majmui belgilangan “yoʻl xaritasi” amalga oshirilmoqda, “Mamlakat platformasi” tizimi joriy etilgan.

Loyihalarning umumiy portfeli 7 milliard dollarga yetmoqda. Hozirgi dastur taʼlim, sogʻliqni saqlash, energetika, suv taʼminoti, qishloq xoʻjaligi, transport kabi ustuvor sohalar va boshqa koʻplab yoʻnalishlarni qamrab olgan umumiy qiymati 4,1 milliard dollarlik 23 ta loyihani oʻz ichiga olgan.

Jahon banki pandemiya oqibatlarini yengib oʻtish maqsadida birinchilardan boʻlib yordam koʻrsatdi. Birgina oʻtgan yilda 1,6 milliard dollarlik yangi loyihalar maʼqullandi.

Bundan tashqari, Bank ekspertlari maslahat-texnik koʻmak koʻrsatmoqda, davlat korxonalarini transformatsiya qilish, transport va qishloq xoʻjaligi sohalarini modernizatsiya qilish, elektr energetikasining barcha boʻgʻinlarini isloh qilishda ishtirok etmoqda. Muqobil energiya manbalarini joriy qilish borasida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishildi.

Delegatsiya tashrifi davomida suv taʼminoti tizimini yaxshilash va innovatsiyalar sohasidagi milliy siyosatni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qiymati qariyb 300 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish toʻgʻrisida bitimlar imzolandi.

Uchrashuvda Oʻzbekistonning Jahon banki bilan yangi besh yillik Sheriklik dasturini puxta tayyorlash va qabul qilishga kelishib olindi.

Jahon banki prezidenti oʻrinbosari Anna Berde bank mamlakatimizdagi iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni yuksak baholashi va ularni amalga oshirishda zarur koʻmak koʻrsatishda davom etishini taʼkidladi.

«Oʻzbekiston tarixan qisqa davrda juda katta ishlarni amalga oshirdi.

Islohotlar mamlakatning ham ichki, ham tashqi qiyofasini fundamental ravishda oʻzgartirib yubordi. Shu tufayli mamlakatingiz xorijiy investorlar uchun jozibador», dedi yetakchi xalqaro moliyaviy institut rahbari.

Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Jahon banki bilan koʻp qirrali hamkorlikni yana-da kengaytirish boʻyicha taklif etilgan yangi kun tartibi toʻliq qoʻllab-quvvatlandi.

Xususan, kun tartibidan quyidagi sheriklik yoʻnalishlari oʻrin olgan:

- mamlakatda kambagʻallikni, eng avvalo qishloq joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarning ishbilarmonlik tashabbuslarini ilgari surish orqali qisqartirishga qaratilgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlash;

- sezilarli natijalarga erishish va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini tubdan oshirish maqsadida oliy taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasidagi yangilanishlar samaradorligini oshirish;

- respublika hududlarini jadal industriallashtirish dasturini amalga oshirish va oʻrta shaharlarni rivojlantirish loyihasini davom ettirish;

- taraqqiyotning innovatsion modeliga oʻtish, “yashil iqtisodiyot”ni joriy qilish;

- yer munosabatlari sohasidagi islohotlarni davom ettirish;

- korrupsiyaga qarshi kurashish va davlatning rivojlanish institutlari salohiyatini oshirish;

- yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalarini birgalikda ilgari surish.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning yuksak surʼatlarini davom ettirish, Oʻzbekiston va Jahon banki oʻrtasidagi strategik sheriklikka doir ustuvor dastur va loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida doimiy muloqotlar va samarali almashinuvlarni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?