Oʻzbekiston Prezidenti va Fransiya Parlamentining quyi palatasi raisi parlamentlararo muloqotni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar

15:24 22 Noyabr 2022 Siyosat
368 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-noyabr kuni Parijdagi Burbon saroyida Fransiya Milliy yigʻini Raisi Yayel Braun-Pive bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Parlamentlar oʻrtasidagi hamda ijtimoiy-siyosiy hayotni yanada demokratlashtirish boʻyicha islohotlarni amalga oshirish borasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Fransiya Milliy yigʻini rahbari Oʻzbekistonda, shu jumladan parlamentarizmni rivojlantirish, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash va himoya qilish, gender tenglikni ilgari surish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik yangilanishlarning borishini yuksak baholadi.

Gender tenglikni taʼminlash jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston bu borada katta muvaffaqiyatlarga erishgani, mamlakatimizda xotin-qizlar qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat idoralarida, tadbirkorlik va ijtimoiy sohada munosib oʻrin egallayotgani qayd etildi.

2022-yil sentyabr oyida mamlakatimizda ilk bor jahon parlamentlari yetakchi ayollarining 14-sammiti oʻtkazildi. Yetakchi ayollarning rolini oshirish toʻgʻrisida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

Uchrashuvda oʻlim jazosini bekor qilish, inson huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, ekologik muammolarni hal etish toʻgʻrisidagi normalar va boshqa muhim qoidalarni mustahkamlab qoʻyish koʻzda tutilgan konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirishga tayyorgarlik borasidagi asosiy yondashuvlar muhokama qilindi.

Parlamentlararo doʻstlik guruhining uchrashuvlarini oʻtkazish, BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi, Yevropa Parlamenti, Parlamentlararo ittifoq, YEXHT Parlament assambleyasi doirasidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida Prezidentimiz Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi. Shuningdek, Fransiya Milliy yigʻini Raisini oʻzi uchun qulay vaqtda tashrif bilan mamlakatimizga borishga taklif etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер