Oʻzbekiston Prezidenti Turkiya ichki ishlar vaziri bilan huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

19:14 28 Iyul 2022 Siyosat
517 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-iyul kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soyluni qabul qildi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida huquqni muhofaza qilish va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohalarida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

Uchrashuv avvalida vazir Sulaymon Soylu davlatimiz rahbariga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Turkiya tomoni saʼy-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish va xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashish maqsadida tizimli idoralararo sheriklikni yoʻlga qoʻyishga tayyor ekani qayd etildi.

Suhbatda faol muloqotlarni, axborot almashishni va ilgʻor tajribani oʻrganishni davom ettirish, uyushgan, shu jumladan kibermakondagi jinoyatchilik, terrorizm, diniy ekstremizm, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish boʻyicha qoʻshma tadbirlar oʻtkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?