Oʻzbekiston Prezidenti Pokiston Bosh vaziri bilan ikki tomonlama kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar

21:53 26 Oktyabr 2021 Siyosat
844 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-oktabr kuni Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida Pokiston Hukumati rahbari mamlakatimiz yetakchisini saylov kampaniyasi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani va Prezident saylovida ishonchli gʻalabaga erishilgani bilan samimiy qutlab, doʻst Oʻzbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Oʻzbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri ikki tomonlama hamkorlikda barqaror rivojlanish tendensiyasi kuzatilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Joriy yil iyul oyida oʻtgan Toshkent sammiti davomidagi samarali uchrashuvlar koʻp qirrali Oʻzbekiston-Pokiston munosabatlarini aniq mazmun bilan boyitib, strategik sheriklik darajasiga koʻtarishga xizmat qildi.

Oʻzaro savdo koʻrsatkichlari ortayotgani, ikki mamlakat yetakchi kompaniyalarining sanoat kooperatsiyasi koʻlami kengayib borayotgani alohida taʼkidlandi. Investitsiya, bank-moliya, transport-kommunikatsiya, gumanitar va boshqa sohalarda yangi loyiha va dasturlar ishlab chiqilmoqda.

Afgʻonistonda vujudga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi. Ushbu mamlakatda tinchlik oʻrnatilishiga va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga erishishga koʻmaklashish maqsadida xalqaro saʼy-harakatlarni birlashtirish muhim ekani qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?