Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida nutq soʻzladi

13:39 06 Avgust 2021 Siyosat
667 0

6-avgust kuni Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raislik qilgan sammitda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, shuningdek, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markaz rahbari Natalya German ishtirok etdi.

Markaziy Osiyo ulkan geostrategik va geoiqtisodiy ahamiyatga ega mintaqa. Bu yerda 74 milliondan ortiq aholi yashaydi. Ularning tarixi va madaniyati, mamlakatlarimizning iqtisodiyoti va infratuzilmasi bogʻlanib ketgan.

Davlatimiz rahbari bir necha bor taʼkidlaganidek, mintaqa mamlakatlari oldida umumiy saʼy-harakatlar bilan Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirishdek bosh maqsad turibdi. Bu maqsadga erishish, mintaqa salohiyatini toʻla yuzaga chiqarish, oʻzaro ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Shavkat Mirziyoyev 2017-yilda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi.

Bu hayotiy tashabbus qardosh xalqlarimizning manfaatlariga mos boʻlgani uchun keng qoʻllab-quvvatlandi va tezda amalga oshdi. Birinchi sammit 2018-yil mart oyida Qozogʻiston poytaxti Nur-Sulton shahrida, ikkinchisi esa 2019-yil noyabrda Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan edi.

Avazada tashkil etilgan navbatdagi uchrashuv ham gʻoyat muhim va mazmunli boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida umumiy siyosiy iroda va birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida bugun mintaqamiz yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro manfaatli hamkorlik va barqaror taraqqiyot makoniga aylanib borayotganini taʼkidladi.

- Bu yerda yangi siyosiy muhitni shakllantirishda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvlarining oʻrni beqiyos. Oliy darajadagi muntazam uchrashuvlarimiz mintaqaning betakror salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishga xizmat qilmoqda, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari dolzarb masalalar yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini bayon etib, qator takliflarni ilgari surdi.

Bugungi voqelik Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini shakllantirish boʻyicha qatʼiy qadamlarni taqozo etayotgani taʼkidlandi. Yangi oʻsish nuqtalarini, uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan yangi rivojlanish “drayver”larini aniqlash muhim ahamiyatga ega.

Mintaqa ichidagi savdoni kengaytirish zarurligi, toʻlaqonli erkin savdo rejimiga oʻtish maqsadida mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish muhim ekani qayd etildi. Sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish hisobiga qoʻshilgan qiymatning uzun zanjirlarini yaratish mumkin.

Buning uchun mamlakatlarimiz tadbirkorlari va hududlari oʻrtasidagi bevosita aloqalarni ragʻbatlantirish, investitsiya va iqtisodiy forumlarni muntazam oʻtkazib borish lozimligi taʼkidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Savdo-iqtisodiy hamkorlikning umumiy yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi bitimni qabul qilish fursati kelganini aytdi.

Markaziy Osiyoning transport-tranzit salohiyatini samarali ishga solish mintaqa mamlakatlarining umumiy strategik manfaatlariga mos keladi. Keng rivojlangan va integratsiyalashgan transport tizimi Yevroosiyo qitʼasining muhim tranzit “xab”iga aylanishga qodir.

Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari mavjud transport yoʻlaklari va infratuzilmasini, shu jumladan, Kaspiy dengizi portlari, yirik transchegaraviy logistika markazlarini imkon qadar toʻliq quvvat bilan ishlashini taʼminlashga chaqirdi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston kelajakda “Termiz – Mozori Sharif – Kobul - Peshovar” transafgʻon yoʻlagi, “Xitoy – Qirgʻiziston - Oʻzbekiston” avtomobil va temir yoʻllari imkoniyatlaridan foydalanish niyatida.

Shuningdek, sanitariya talablariga rioya qilgan holda transport qatnovlarini toʻliq tiklash muhim ekani qayd etildi.

Mintaqada milliy iqtisodiyotlar va aholi soni oʻsishi taʼsirida energetik xavfsizlik masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu munosabat bilan umumiy energetika makonini shakllantirish boʻyicha saʼy-harakatlarni davom ettirish, bunda “yashil” energetika va energiya tejamkor texnologiyalarni jadal joriy etishga alohida eʼtibor qaratish lozim.

Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo mamlakatlarining Elektr energetikasi muvofiqlashtiruvchi kengashini faollashtirish, uning mandati va vakolatlarini kengaytirish hamda mamlakatlarning kengashdagi vakillik darajasini oshirishni taklif qildi.

Pandemiya sharoitida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashdagi muammolar oʻtkir tus olganiga eʼtibor qaratildi. Dunyoning ayrim mintaqalarida narxlar oʻsishi va asosiy oziq-ovqatlarning yetishmovchiligi kuzatilmoqda.

Davlatimiz rahbari mintaqa mamlakatlari qishloq xoʻjaligi vazirlarining muntazam uchrashuvlarini oʻtkazish tashabbusini qoʻllab-quvvatlab, birinchi yigʻilish kun tartibiga oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish boʻyicha mintaqaviy tizimni joriy qilish masalasini kiritish taklifini bildirdi.

Bu oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni koʻpaytirish hamda ularning sifatini nazorat qilish, shu jumladan, jahon bozoriga yetkazish boʻyicha aniq yoʻnalishlar va qoʻshma dasturlarni belgilab olishga xizmat qiladi.

Pandemiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish va oʻzaro yordam koʻrsatish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Shavkat Mirziyoyev shu maqsadda test natijalari va emlash sertifikatlarini tan olish boʻyicha yagona axborot tizimini ishga tushirish, yuqumli kasalliklarni profilaktika, diagnostika qilish va davolash, tibbiyot xodimlarini tayyorlash sohasida tajriba almashishni kengaytirish, farmakologiyada ilmiy hamkorlikni hamda hayotiy muhim dori vositalarini ishlab chiqarishda kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish takliflarini ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari mintaqaning ekologik muammolari hamisha diqqat markazida boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Bu boradagi hamkorlik koʻlamini kengaytirish, Orol dengizi halokatining oqibatlarini yumshatish boʻyicha barcha choralarni koʻrish zarur.

Shu maʼnoda Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatlarimizning iqlim oʻzgarishlariga moslashishiga, resurs tejovchi texnologiyalarning yana keng joriy etilishiga xizmat qiladigan “Markaziy Osiyo uchun “yashil” kun tartibi” mintaqaviy dasturini ishlab chiqishni taklif qildi.

Oʻzbekiston yetakchisi mintaqamiz va dunyoning boshqa yirik mintaqalari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhim ekanini qayd etdi. Yaqinda Toshkent shahrida oʻtgan Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligi boʻyicha xalqaro konferensiyani qoʻllab-quvvatlagani va delegatsiyalari unda faol ishtirok etgani uchun davlat rahbarlariga minnatdorlik bildirdi.

Umumiy saʼy-harakatlar bilan ushbu masala boʻyicha BMT Bosh assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinishi, bu jarayonda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi ham faol ishtirok etishiga ishonch bildirildi.

- Mamlakatlarimiz taraqqiyotida mintaqa aholisining aksariyat qismini tashkil etayotgan yoshlar muhim oʻrin tutishini barchamiz anglab turibmiz. Butun dunyoda yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurash davom etayotgan bugungi kunda Markaziy Osiyo kelajagining hal qiluvchi kuchi boʻlgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashimiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari kelgusi yilda Oʻzbekistonda Markaziy Osiyo yoshlari forumini oʻtkazishni taklif etdi. Bu mamlakatlarimiz hukumatlari va yoshlari oʻrtasida ishonch va doʻstlikni mustahkamlash, interfaol muloqotni yoʻlga qoʻyish uchun platforma shakllantirishda muhim qadam boʻladi.

Umumiy madaniy makonimizni yana-da rivojlantirish xalqlarimiz qardoshlik munosabatlarini mustahkamlashning muhim omilidir.

Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoning madaniy merosiga bagʻishlangan festivallar, madaniyat va kino kunlarini oʻtkazish, birgalikda kitoblar nashr qilish muhim ekanini taʼkidladi.

Xalqlarimizni yaqinlashtirishga xizmat qiladigan yana bir omil bu – turizm sohasi. Mintaqa ichida sayyohlar almashinuvini koʻpaytirish uchun qoʻshimcha ragʻbatlardan faol foydalanish muhimdir.

Davlatimiz rahbari turizm xizmatlarining butun doirasini qamrab oladigan “Bir sayohat – butun mintaqa” qoʻshma dasturini amaliy roʻyobga chiqarish taklifini ilgari surdi.

- Bugungi sammit muhim voqea – davlatlarimiz mustaqilligining oʻttiz yilligi arafasida oʻtayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Bu yillar barchamiz uchun qiyin davr boʻldi. Asosiy xulosa shuki, birgalikda, jips boʻlib, bir-birimizni qoʻllab-quvvatlab, oldimizda turgan muammolarning yechimiga erishamiz, mintaqaning barqaror taraqqiyoti va aholi farovonligini yuksaltiramiz. Boshqa muqobil yoʻl yoʻq! – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga barqaror tus berish, shu maqsadda “xalq diplomatiyasi”, parlamentlar, fuqarolik jamiyati institutlari va media sohasi salohiyatidan yana keng foydalanish muhim ekani qayd etildi.

- Markaziy Osiyo ayollari muloqoti yana-da rivojlanayotgani, gender tenglik sohasidagi global maqsadlarga erishishga qaratilgan aloqalar kengayib borayotganini olqishlaymiz, - deb taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Parlamentarizmning roli ortib borayotganini hisobga olib, Prezidentimiz Toshkent shahrida Mintaqaviy parlament forumini oʻtkazishni taklif etdi.

Oʻz nutqini yakunlar ekan, davlatimiz rahbari Maslahat uchrashuvining natijalari Markaziy Osiyodagi birodar xalqlarning koʻp qirrali sherikligini yana-da mustahkamlashga munosib hissa qoʻshishiga ishonch bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?