Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatimiz investitsiya siyosati va xorijiy sheriklar bilan hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi

14:52 02 May 2024 Siyosat
291 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-may kuni Xalqaro kongress markazida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida ishtirok etdi.

Tadbirda, shuningdek, Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, Singapur Parlamenti Spikeri Sia Kian Peng, Qirgʻiziston Bosh vaziri Aqilbek Japarov, Saudiya Arabistoni energetika vaziri Abdulaziz bin Salmon Ol Saud, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, BMT Bosh kotibi oʻrinbosari Tatyana Molchan, OPEK Xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi prezidenti Abdulhamid Al-Xalifa va boshqalar qatnashdi. Umuman, forumga dunyoning 93 mamlakatidan ikki yarim ming nafardan ziyod xorijiy mehmon tashrif buyurdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilayotgan xalqaro forum oʻtgan uch yil davomida ikki va koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish, eng dolzarb muammolarni muhokama qilish, ilgʻor gʻoya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun samarali muloqot maydoniga aylandi.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida majlis ishtirokchilarini qutlab, forum mamlakatimizda ortga qaytmas tus olgan islohotlarga, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga boʻlgan ulkan qiziqishdan dalolat berishini taʼkidladi.

Bugungi anjuman global geosiyosiy va iqtisodiy muammolar avj olayotgan, barqaror rivojlanish yoʻlida xavf va tahdidlar kuchayib borayotgan davrga toʻgʻri kelayotgani qayd etildi.

Dunyo tartibotida chuqur transformatsiya jarayonlari kechmoqda. Tovar va xizmatlarni yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlar, xalqaro savdoning pasayishi, investitsiya oqimlarining kamayishi, iqlim ofatlarining kuchayishi – vaziyat naqadar beqaror va zaif ekanini yaqqol koʻrsatmoqda.

Prezidentimiz jahon iqtisodiyotining oʻsish surʼatlari soʻnggi uch yil davomida pasayayotganini koʻrsatib oʻtdi. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar bilan bogʻliq tendensiyalar ham kutilgan umidlarni oqlamayapti. 2023-yilda rivojlanayotgan davlatlarga kiritilgan investitsiyalar umumiy hajmi 9 foizga kamaydi.

- Albatta, biz bugun jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketayotganini yaxshi tushunamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Biroq bir oʻzgarmas haqiqat tobora oydinlashmoqda. Hech bir mamlakat bu kabi oʻtkir muammolarni yakka holda hal eta olmaydi. Oʻzaro ishonch va hurmat ruhi, bir-birini qoʻllab-quvvatlash tamoyili uzoq muddatli hamkorlikning mustahkam ustuni boʻlib qolaveradi.

Oʻzbekiston yetakchisi mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yoʻldagi toʻsiqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish uchun tashlangan qatʼiy qadamlarni sanab oʻtdi. Har bir sarmoyador oʻzini erkin va ishonchli his qilishi uchun keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Natijada soʻnggi yillarda iqtisodiyotimiz qariyb ikki barobar oʻsdi. Oʻtgan yil yakuni boʻyicha bu oʻsish 6 foizni tashkil qildi. Inflyatsiya 9 foizgacha pasaydi. Savdo aylanmasi koʻrsatkichlari muttasil oshmoqda. Valyuta bozori va oltin-valyuta zaxiralari barqarorligi saqlab qolinmoqda.

Oxirgi yillarda mamlakatimizda 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablagʻlari ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi.

Oʻtgan yilning oʻzida xorijiy investitsiyalar hajmi qariyb ikki barobar koʻpaydi.

Energetika sohasida “ACWA Power”, “Masdar”, “Total Eren”, “Voltalia”, “Ҫalɩk” va “Aksa”, kimyo sanoatida “Air Products”, “Indorama” va “CAMCE”, togʻ-kon va metallurgiyada – “Orano” va “DANIELI”, avtomobilsozlik va elektrotexnika yoʻnalishlarida “BYD”, “Kia” va “Samsung”, qurilish sohasida “Koҫ” va “KNAUF” kabi dunyoning yetakchi kompaniyalari hamda yirik brendlari bilan 300 dan ortiq investitsiya va sanoat loyihalari ishga tushirilgani va yuz minglab yangi ish oʻrinlari yaratilgani katta mamnuniyat bilan taʼkidlandi.

Bugungi forum doirasida dunyoning ilgʻor kompaniyalari hisoblangan “Linde”, “Orascom”, “DataVolt”, “Bonafarm”, “PASHA holding” va boshqa sheriklar ishtirokida yangi yirik loyihalarga start beriladi.

Iqtisodiyotni yanada liberallashtirish, qulay investitsiya muhitini yaratish, biznes yuritish uchun imkoniyatlarni har tomonlama kengaytirish boʻyicha qabul qilingan qarorlar va olib borilayotgan ishlar qayd etildi.

Xorijiy investorlarga dividend soligʻidan imtiyozlar, xususiylashtirish jarayonining huquqiy asoslarini mustahkamlash va xususiylashtirish dasturini kengaytirish, tadbirkorlar barqarorligi reytingini joriy qilish, sanoat zonalari infratuzilmasini rivojlantirish, yerlarni ajratishning shaffof tizimini joriy qilish shular jumlasidan.

Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni amalga oshirish shartlarini ijtimoiy va infratuzilma sohalarga tatbiq etish rejalashtirilgan. Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish doirasida milliy qonunchilikni uygʻunlashtirish ishlari tobora faollashmoqda.

Nizolarni adolatli hal etish maqsadida Toshkent xalqaro arbitraj markazi muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2030-yilgacha moʻljallangan Milliy strategiya ishlab chiqilmoqda.

Investorlar uchun yana bir muhim koʻrsatkich. Oxirgi yetti yilda oliy taʼlim qamrovi 9 foizdan 42 foizga oshdi, oliy oʻquv yurtlari soni 200 tadan ortdi. Oʻzbekistonda 90 dan ortiq davlatlar uchun vizasiz rejim joriy etildi.

- Bizning asosiy maqsadimiz – Oʻzbekistonni xorijiy investorlar uchun ishonchli va uzoq muddatli hamkorga aylantirishdir, - dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Davlatimiz bozor munosabatlarini rivojlantirishni, investorlar huquqlari ishonchli himoya qilinishini, qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishni, halol raqobat uchun yanada keng shart-sharoitlar yaratishni, xususiy mulk daxlsizligi va sud tizimining mustaqilligi taʼminlanishini oʻz zimmasiga olmoqda.

Bu tamoyillar oʻtgan yili umumxalq referendumida qabul qilingan yangi Konstitutsiyamizda qatʼiy muhrlab qoʻyildi.

Xususan, Jahon savdo tashkiloti tartib-qoidalari va standartlariga muvofiq yangi tahrirdagi “Investitsiyalar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Tez orada mamlakatimizda birinchi xalqaro tijorat sudi ish boshlaydi.

Sanoat zonalari tizimida mutlaqo yangicha yondashuvlarning joriy etilishi yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun investorlarga yanada qulay sharoitlar yaratadi. Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat muddatlari boʻyicha cheklovlar ham bekor qilinadi, xorijiy sarmoyadorlar uchun yerlarni ijaraga berish muddati 25-yildan 49-yilgacha uzaytiriladi.

Umuman, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida aholi daromadlarini ikki barobar oshirish va ushbu koʻrsatkich boʻyicha oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kirish maqsad qilib qoʻyilgan.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida xorijiy investorlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlariga alohida toʻxtaldi.

Birinchi yoʻnalish: “yashil” energetika. Energetika tarmogʻi samaradorligini oshirish butun mintaqamiz uchun dolzarbdir. Bu borada mamlakatimizda 28 ta loyiha ustida ishlar davom ettirilmoqda.

2030-yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40 foizga yetkazish koʻzda tutilgan.

Strategik sheriklar bilan birgalikda yirik shamol va quyosh elektr stansiyalari barpo qilinmoqda, “yashil vodorod” ishlab chiqarish ishlari boshlandi. Oʻtgan yilning oʻzida 1,4 gigavatt quvvatdagi yirik shamol va quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi.

Bugungi forum doirasida qoʻshni Qirgʻiziston va Tojikistondagi gidroelektr stansiyalarini birgalikda qurish loyihalari taqdimoti oʻtkaziladi.

Ushbu loyihalar davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida amalga oshirilayotganiga eʼtibor qaratib, mamlakatimiz yetakchisi barcha davlatlar yetakchi kompaniyalarini ochiq muloqot va amaliy hamkorlikka taklif etdi.

Ikkinchi yoʻnalish: bank-moliya sohasi. Soʻnggi yillarda islohotlar natijasida mamlakatimizda koʻplab xususiy banklar ochildi. Bozorimizga Yevropaning yetakchi banklari kirib keldi. Qator raqamli banklar oʻz faoliyatini amalga oshirmoqda.

Forum doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Oʻzbekistonning yirik banklaridan biri boʻlgan “Asakabank”ni xususiylashtirish boʻyicha bitim imzolandi.

Shuningdek, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki bilan boshqa yirik banklarimizning transformatsiyasi va xususiylashtirish jarayonlari faol olib borilmoqda.

Uchinchi yoʻnalish: foydali qazilmalarni birgalikda oʻzlashtirish. Oʻzbekiston – mineral resurslar va oʻta muhim metallarning katta bazasiga ega mamlakatdir. Yurtimizda oltin, mis, volfram, kumush, uran, 30 dan ortiq kamyob metallarning ulkan zaxiralari mavjud.

Oʻtgan oyda Yevropa Ittifoqi bilan oʻta muhim xomashyo sohasida strategik hamkorlik oʻrnatilganini qayd etib, Prezidentimiz Amerika Qoʻshma Shtatlari va Buyuk Britaniya bilan ham shunday bitim ustida ish olib borilayotganini eʼlon qildi hamda strategik xomashyolarni chuqur qayta ishlash va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish uchun yetakchi kompaniyalarni Oʻzbekistonga taklif etdi.

Xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilinishi ham hamkorlik rivojiga yangi surʼat bagʻishlaydi.

Toʻrtinchi yoʻnalish: mamlakatning raqamli transformatsiyasi. Bir yil ichida IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti ikki barobar oshdi. Kelajakda bu koʻrsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish reja qilingan.

Davlatimiz rahbari xorijiy investorlar iqtisodiyot uchun raqamli yechimlarni ishlab chiqish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish, “yashil” maʼlumotlar markazlarini tashkil etish kabi istiqbolli IT loyihalarida ishtirok etishi mumkinligini qayd etdi.

Oʻzbekiston Prezidenti transport infratuzilmasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdi.

Temir yoʻl sohasida tub islohotlar olib borilmoqda, avtomobil va tezyurar temir yoʻllarni qurishga xususiy investorlarni jalb etish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda. Mavjud xalqaro aeroportlarni rivojlantirish va yangilarini qurish boʻyicha loyihalar tayyorlanmoqda.

Xorijiy sheriklar bilan birgalikda Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston va Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston temir yoʻllarini qurish boʻyicha dastlabki ishlar boshlangani taʼkidlandi. Ushbu strategik loyihalar mintaqadagi geoiqtisodiy vaziyatni butunlay oʻzgartirib, Markaziy Osiyoni Shimol va Janub, Sharq va Gʻarb bilan bogʻlaydigan global tranzit markaziga aylantiradi.

Oʻzbekiston investorlarni va xalqaro tashkilotlarni bu yirik mintaqaviy loyihalarda qatnashishga taklif etadi.

– Investitsiyalar – bu mamlakatimiz transformatsiyasining lokomotivi va iqtisodiy taraqqiyotimizning mustahkam drayveridir, - dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari soʻzining yakunida bugungi Xalqaro investitsiya forumi va sermahsul muzokaralar amaliy hamkorligimizni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.

Sessiyada soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston erishayotgan muvaffaqiyatlarni yuksak baholadilar, hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish yuzasidan fikr-mulohazalari va takliflari bilan boʻlishdilar.

Yalpi majlis doirasida Prezident ishtirokida umumiy qiymati 8,7 milliard dollarlik 15 ta yangi investitsiya loyihasiga start berildi hamda jami 2,8 milliard dollar qiymatga ega 5 ta sanoat obyekti ishga tushirildi.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi 3-may kuni oʻz ishini yakunlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?