Oʻzbekiston Prezidenti Li Kuan Yu nomidagi maktabga tashrif buyurdi va Singapurning ishbilarmon doiralari bilan uchrashuv oʻtkazdi

20:01 17 Yanvar 2023 Siyosat
1962 0

Foto: president.uz

17-yanvar kunining ikkinchi yarmida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Singapurga davlat tashrifi doirasida jahonning yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri boʻlgan Singapur milliy universiteti huzuridagi Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabiga tashrif buyurdi.

Singapurning birinchi Bosh vaziri va ushbu mamlakat “iqtisodiy moʻjizasi” muallifi Li Kuan Yu sharafiga nomlangan maktab davlat siyosati va xalqaro munosabatlar sohasida magistratura dasturlari asosida kadrlar tayyorlashga, ilmiy va siyosiy tadqiqotlar oʻtkazishga ixtisoslashgan.

Qator yillar davomida maktab oliy taʼlim muassasalarining xalqaro reytinglarida yetakchi oʻrinlarni egallab kelmoqda. Bu yerda xorijiy mamlakatlarning yuqori darajadagi mansabdor shaxslarini oʻqitish uchun qisqa muddatli dasturlar ham tashkil etilgan.

Maʼlumki, Singapur erishgan iqtisodiy va ijtimoiy muvaffaqiyatlarda chuqur oʻylangan kadrlar siyosati, malakali, masʼuliyatni his etgan va halol rahbar kadrlarni tayyorlashga ustuvor eʼtibor muhim oʻrin tutgan. Mamlakatimiz yetakchisi ham oʻz faoliyatining boshidanoq ushbu masalalarga alohida eʼtibor qaratib keladi. Shu maʼnoda, Singapurning davlat xizmatchilarini tayyorlash sohasidagi tajribasini oʻrganish va qoʻllash katta ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbari maktab faoliyati bilan batafsil tanishib, oʻquv muassasasi rahbariyati bilan ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Oʻzbekiston Prezidenti huzurida Oʻzbekiston Davlat boshqaruvi akademiyasi va Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolash marosimi boʻldi.

Soʻng Prezidentimiz Singapurning yetakchi kompaniya va tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Tadbirda Singapur mehnat vaziri – savdo va sanoat ikkinchi vaziri Leng Si Tang, Singapur biznes federatsiyasi raisi Ming Yan Lim, ushbu mamlakatning Indorama, Meinhardt group, CPG Corporation, Changi Airports, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, TMC Academy, Virtus Health kabi 15 ta yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev uchrashuv ishtirokchilarini qutlab, uning yangi 2023-yildagi ilk tashrifi aynan Singapurga boʻlayotgani Oʻzbekistonning ushbu mamlakat bilan mustahkam va oʻzaro manfaatli munosabatlarni yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtiboridan dalolat ekaniga eʼtibor qaratdi.

Yurtimizdagi tizimli islohotlar tufayli investitsiyalar hajmi YAIMning 30 foizidan ortiq darajaga yetdi. 2022-yilning oʻzida Oʻzbekiston iqtisodiyotiga 8 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi.

Kuni kecha oʻtgan Oʻzbekiston-Singapur biznes forumining natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi: uning doirasida umumiy qiymati qariyb 5 milliard dollarlik yangi investitsiya, savdo va moliyaviy kelishuvlar imzolandi.

- Bu hamkorligimiz ancha faollashganidan, muvaffaqiyatli kechayotganidan, Oʻzbekiston-Singapur munosabatlari amaliy va sifatli mazmun bilan boyiganidan dalolat beradi, - dedi Prezidentimiz.

Lekin sheriklik salohiyati hali toʻliq ishga solinmagan. Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, mamlakatlarimiz ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga qodir.

- Singapur kompaniyalarining ilgʻor tajribasi bizda katta qiziqish uygʻotmoqda, - dedi davlatimiz rahbari. – Ishonchim komilki, singapurlik hamkorlarning innovatsiya va texnologiyalari Oʻzbekistonning resurslari va kadrlar salohiyatiga qoʻshilsa, boʻlajak qoʻshma loyihalar barqaror rivojlanadi.

Oʻzbekiston yetakchisi uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun eng istiqbolli yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtdi. Singapur kompaniyalarining Oʻzbekistondagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtiroki, shahar va transport infratuzilmasini rivojlantirish, kimyo va toʻqimachilik, “yashil” iqtisodiyot, taʼlim, sogʻliqni saqlash va boshqa yoʻnalishlardagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish shular jumlasidan.

Oʻzbekiston Singapur tadbirkorlarini zarur ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan taʼminlash, imtiyozlar va kafolatli xaridlar shaklida keng qoʻllab-quvvatlash, boshqa koʻmak choralarini taqdim etishga tayyor ekani bildirildi.

Yurtimizdagi islohotlar xorijiy hamkorlar orasida Oʻzbekistonning ishonchli va barqaror sherik sifatidagi mavqeyini mustahkamlashga qaratilganini taʼkidlab, Prezident Shavkat Mirziyoyev singapurlik ishbilarmonlarni oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun ochilayotgan imkoniyatlardan foydalanish va iqtisodiyotimizga faol investitsiya kiritishga chaqirdi.

Sheriklikni kengaytirish yuzasidan batafsil fikr almashildi. Singapur biznesi vakillari oʻz chiqishlarida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuksak baholadi, mamlakatimizda amalga oshirilishi rejalashtirilgan aniq loyihalarini taqdimot qildi.

Ishbilarmonlar delegatsiyasining har bir aʼzosi bilan suhbatlashib, davlatimiz rahbari tadbirkorlarni yaratilgan qulay investitsiya muhiti bilan shaxsan tanishish uchun mamlakatimizga taklif qildi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston tomoni mutasaddilariga tadbirda aytilgan barcha loyihalarni, ularni amalga oshirishning bosqichma-bosqich mexanizmlarini, aniq muddat va ijrochilarini kiritgan holda tegishli Amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.

Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga samarali davlat tashrifi yakuniga yetdi.

«Changi» xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Singapurning rasmiy shaxslari kuzatib qoʻydi. Davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер