Oʻzbekiston Prezidenti Xitoy bilan koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini taʼkidladi

20:30 06 Fevral 2023 Siyosat
572 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-fevral kuni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi Szyan Yanni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari elchining Oʻzbekiston-Xitoy doʻstlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdagi sermahsul ishlari va faol saʼy-harakatlarini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Oʻtgan yilning sentyabr oyida XXR Raisi Si Szinpinning Oʻzbekistonga davlat tashrifi muvaffaqiyatli oʻtdi.

Keyingi bir necha yilda tovar ayirboshlash ikki barobar koʻpaydi, qoʻshma loyiha va korxonalar soni uch barobarga oshdi. Yirik investitsiya va infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish loyihasini ilgari surish boʻyicha amaliy hamkorlik boshlandi.

Madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda, taʼlim, sogʻliqni saqlash, arxeologiya, turizm va boshqa yoʻnalishlarda muhim dasturlar roʻyobga chiqarilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan ikki tomonlama munosabatlarda bugungi darajaga erishilishiga qoʻshgan shaxsiy hissasi uchun elchi Szyan Yan mamlakatimizning yuksak davlat mukofoti – “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?