Oʻzbekiston Prezidenti Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi bilan amaliy sheriklikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi

17:55 18 Avgust 2022 Siyosat
559 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-avgust, Saudiya Arabistoniga davlat tashrifining ikkinchi kunida Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha bilan uchrashdi.

Bugungi kunda Islom hamkorlik tashkiloti 1 milliard 700 million aholi yashaydigan 57 ta davlatni birlashtirgan dunyodagi eng yirik xalqaro tuzilmalardan biridir. Oʻzbekiston IHTga 1996-yilda aʼzo boʻlganidan buyon tashkilot bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy, madaniy hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.

Uchrashuvda ushbu nufuzli xalqaro tuzilma hozirgi zamon xatarlari sharoitida islom qadriyatlarini asrab-avaylash, musulmon xalqlari oʻrtasida hamjihatlik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim oʻrin tutayotgani qayd etildi.

Oʻzbekiston bilan OIS oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi darajasi, ularni barcha dolzarb yoʻnalishlarda yanada kengaytirish istiqbollari yuksak baholandi.

Husayn Ibrohim Toha Oʻzbekiston Islom hamkorlik tashkilotida alohida oʻrin tutishi, mamlakatimiz ilgari surayotgan loyiha va dasturlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini qayd etdi. IHT mamlakatlari turizm vazirlari tomonidan Xiva shahri 2024-yilda “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb eʼlon qilingani bilan tabrikladi.

Oʻzbekiston bundan buyon ham taʼlim, fan, innovatsiyalar sohalarida, iqlim oʻzgarishi masalalarida IHT bilan hamkorlik qilishga alohida eʼtibor qaratishi taʼkidlandi.

Oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning jamiyat hayoti va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirish kabi muhim ijtimoiy yoʻnalishlarda, shu jumladan IHTga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida tajriba almashishga kelishib olindi.

Oʻzbekistonning fan va taʼlim sohalaridagi boy salohiyati qayd etilar ekan, IHT mamlakatimiz bilan tashkilotga aʼzo rivojlanayotgan davlatlarda yoshlarni oʻqitish va malakasini oshirish borasida hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.

“Oʻzbekiston – buyuk mutafakkirlar va olimlar yurti, tashkilotimiz bu sohalarda respublikangiz bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor”, dedi bosh kotib.

Afgʻoniston xalqiga gumanitar koʻmak koʻrsatish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Termizdagi logistika markazini rivojlantirish orqali ushbu mamlakatga insonparvarlik yordamini yetkazish mumkinligi qayd etildi. Termizdagi Afgʻon yoshlari uchun taʼlim markazi faoliyatiga yuqori baho berildi.

Global, eng avvalo, Orol mintaqasidagi ekologik muammolarni hal qilish masalalari muhokama qilindi. IHT bosh kotibi joriy yil martda Islomobodda IHTga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqilgan Orolboʻyi hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bogʻliqligi toʻgʻrisidagi rezolyutsiyalarni qoʻllab-quvvatlaganini qayd etdi.

“Orol dengizi va Chad koʻlining qurishi bir-biriga oʻxshash muammolardir, ushbu global ekologik xatarlarni bartaraf etish xalqaro hamjamiyat va moliyaviy institutlarni jalb qilishga qaratilgan umumiy hamkorlikni taqozo etadi”, dedi Husayn Ibrohim Toha.

Ularga yechim izlash maqsadida ilmiy va amaliy tajriba almashish, xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Prezidenti bosh kotibni mamlakatimizga tashrif bilan borishga taklif etdi. Husayn Ibrohim Toha bu taklifni mamnuniyat bilan qabul qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер