Oʻzbekiston Prezidenti yetakchi xalqaro konsalting kompaniyalari bilan yaqindan hamkorlik qilish muhim ekanini taʼkidladi

20:18 30 Sentyabr 2021 Siyosat
686 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-sentyabr kuni shu kunlarda Toshkent shahrida oʻtayotgan Iqtisodiy forum tadbirlarida ishtirok etayotgan “Rothschild&Co” kompaniyasi kuzatuv kengashi raisining oʻrinbosari baron Erik de Rotshild boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Ushbu nufuzli xalqaro konsalting va investitsiya kompaniyasi bilan mamlakatimizdagi yangi iqtisodiy islohotlar dasturi doirasidagi ustuvor loyihalarni ilgari surishda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

“Coca-Cola Uzbekistan” korxonasidagi davlat ulushini xorijiy investorga sotish boʻyicha kelishuvni amalga oshirish jarayonida muvaffaqiyatli hamkorlik qilingani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bundan tashqari, mamlakatimiz milliy energetika kompaniyalarini transformatsiya qilish jarayonlarini qoʻllab-quvvatlash borasida qator muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.

Oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish, bank sektorini isloh qilish, vinochilikni rivojlantirish masalalarida yuqori malakali konsultatsiya xizmatlarini jalb qilish hamda gumanitar almashinuv dasturlarini amalga oshirishdagi imkoniyatlar alohida qayd etildi.

Yangi imkoniyatlarni oʻrganish va istiqboldagi sheriklik loyihalarini tayyorlash uchun qoʻshma ishchi guruhni shakllantirishga kelishib olindi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekiston Prezidenti Jahon banki delegatsiyasi bilan yangi hamkorlik dasturini muhokama qilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?