Oʻzbekiston Prezidenti Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda keng koʻlamli xalqaro hamkorlikka chaqirdi

20:40 24 Iyun 2022 Siyosat
912 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 24-iyun kuni “BRIKS plyus” formatidagi Global taraqqiyot masalalari boʻyicha yuqori darajadagi muloqotda ishtirok etdi.

Xitoy tomoni raisligida oʻtgan onlayn forumda dunyoning 18 mamlakatidan davlat va hukumat rahbarlari qatnashdi. Oʻzbekiston va Xitoy yetakchilari bilan bir qatorda Argentina Prezidenti Alberto Fernandes, Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy, Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Braziliya vitse-prezidenti Gamilton Mourau, shuningdek, Kambodja, Malayziya, Tailand, Fidji va Efiopiya hukumatlari rahbarlari ishtirok etdi.

Xavfsizlik va barqarorlik borasidagi koʻp tomonlama hamkorlik, savdo va investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyot, yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport va logistika, ekologiya, gumanitar sohalarda amaliy sheriklikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida “BRIKS plyus” formatidagi muloqotning Barqaror rivojlanish kun tartibini ilgari surishda inklyuziv sheriklik uchun zarur platforma sifatida alohida ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Bugungi dunyo qator tahlikali jarayonlar bilan kechayotgan chuqur transformatsiya davrida yashayotgani - xalqaro keskinlik tobora kuchayib borayotgani va tizimli iqtisodiy inqiroz belgilari namoyon boʻlayotgani qayd etildi.

Ishtirokchilarning eʼtibori “Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida islohotlarni amalga oshirishni izchil davom ettirayotgan Yangi Oʻzbekiston bunday sharoitda keng koʻlamli hamkorlik, shu jumladan “Janub-Janub” formatidagi sheriklik uchun ochiq ekaniga qaratildi.

Jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan inqirozli holatlarni yengib oʻtish maqsadida savdodagi toʻsiqlarni bartaraf etish, yangi ishlab chiqarish va savdo-logistika zanjirlarini yaratish, sanoat kooperatsiyasi boʻyicha loyihalarga investitsiyalar jalb etish va infratuzilmani modernizatsiya qilish, texnologiyalar transferi va innovatsiyalarni joriy etish, sunʼiy intellekt, raqamlashtirish, biotexnologiyalar, vaksinalar ishlab chiqish sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhimligi taʼkidlandi.

Qoʻshma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish maqsadida “BRIKS plyus” ishbilarmon doiralari forumini yoʻlga qoʻyish taklif etildi.

Oʻzbekiston Prezidenti transport-kommunikatsiyalar sohasidagi bogʻliqlikni kuchaytirish hamda “Shimol – Janub” va “Gʻarb – Sharq” transkontinental yoʻnalishlariga mintaqamizni jalb etish tashabbusini ilgari surdi.

BMTning bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlarining barqaror va ochiq harakatini taʼminlash boʻyicha daʼvati qoʻllab-quvvatlandi.

Kambagʻallikni qisqartirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash sohasida dasturlarni amalga oshirish, iqlim oʻzgarishlari va inson salohiyatini rivojlantirish boʻyicha koʻp tomonlama hamkorlikni faollashtirish sheriklikning muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida koʻrsatib oʻtildi. Mamlakatimiz Universitetlar ligasi va Tarmoqli universitet kabi BRIKS dasturlarida ishtirok etishdan, shuningdek, professional taʼlim va yoshlarga doir siyosat sohasida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston tomoni Shanxay hamkorlik tashkiloti raisi sifatida BRIKS va SHHTning oʻzaro amaliy hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishni ham taklif etdi.

Soʻzining yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev “BRIKS plyus” shaklidagi muloqotning oʻtkazilishi tezkor ravishda umumiy tahdidlarning oldini olish, global barqarorlik va mamlakatlarimizning izchil taraqqiyotini taʼminlash yoʻlida ishtirokchilarning intilishlari mushtarakligini yana bir bor namoyish etganini taʼkidladi.

Boshqa xorijiy yetakchilarning nutqlarida ham global sheriklikni va 2030-yilga qadar Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibini ilgari surishda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish muhimligi toʻgʻrisida fikrlar bildirildi. Iqtisodiyot, innovatsiyalar va “yashil” texnologiyalar, savdo, transport va kommunikatsiyalar, ekologiya, boshqa ustuvor sohalardagi koʻp tomonlama muloqotning istiqbolli yoʻnalishlari qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?