Oʻzbekiston paralimpiya terma jamoasi Paraosiyo oʻyinlarining ikki kunida 5ta oltin medalni qoʻlga kiritdi

10:42 08 Oktyabr 2018 Sport
2194 0

Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida III Paraosiyo oʻyinlari davom etmoqda. Kecha suzish bahslarida sportchilarimiz 2ta oltin, 2ta kumush medallarini qoʻlga kiritgandi.

Medallarning barchasi suzish bahslarida qoʻlga kiritildi. Erkaklar oʻrtasida S13 yoʻnalishida 400 metrga erkin suzish boʻyicha ishtirok etgan Dmitriy Xorlin barcha raqiblarini ortda qoldirib, oltin medal sohibiga aylandi. Undan keyin esa marraga Islam Aslanov yetib bordi va kumush medalga ega chiqdi. Huddi shu yoʻnalishning ayollar oʻrtasidagi bellashuvlarida ham oltin va kumush medallar hamyurtlarimizga nasib qildi. Shohsanamxon Toshpoʻlatova marraga birinchi boʻlib yetib bordi va shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan oʻrin egalladi. Undan keyingi natijani qayd etgan Fotimaxon Amilova esa kumush medalga sazovor boʻldi.

Bugun esa erta tongdan Kamolaxon Abdullayeva (uzunlikka sakrash, 4,71 m), Aleksandr Svechnikov (nayza uloqtirish, 67,92 m) va Sofiya Burxanova (yadro uloqtirish, 14,59 m) terma jamoamiz hisobiga navbatdagi oltin medallarni qoʻshib qoʻyishdi.

Qayd etish lozimki, Kamolaxon Abdullayeva Paraosiyo oʻyinlarida ayollar oʻrtasida uzunlikka sakrash boʻyicha chempionlikni qoʻlga kiritgan oʻzbekistonlik dastlabki sportchi boʻldi.

Ayni paytda Oʻzbekiston sport delegatsiyasi hisobida 5 ta oltin va 2 ta kumush medallari mavjud.

Bugun shuningdek sportchilarimiz yengil atletikaning bir necha yoʻnalishida, suzish, dzyudo, pauerlifting, oʻq otish bahslarida sovrinli oʻrinlar uchun kurash olib boradilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?