Oʻzbekiston pandemiya sharoitida iqtisodiy hamkorlik ruhini tikladi — xitoylik ekspert

21:31 10 Noyabr 2020 Siyosat
363 0

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitidagi nutqida epidemiyalar xavfiga qarshi kurashish, savdo-sotiqdagi toʻsiqlarni bartaraf etish, oʻzaro investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasini ragʻbatlantirish, qashshoqlikni kamaytirish, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish, barqaror ekologik rivojlanishni taʼminlash kabi dolzarb masalalarni koʻtardi.

Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti (Xitoy) ilmiy xodimi Su Channing soʻzlariga koʻra, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan amaliy tashabbuslar pandemiya sharoitida iqtisodiyotni tiklash, savdo-iqtisodiy aloqalarni jonlantirish, sanoat kooperatsiyasi va qashshoqlikni kamaytirish bilan bogʻliq muammolarni hal qilish uchun juda muhimdir, deb yozadi “Dunyo” AA.

— Ushbu takliflar nafaqat pragmatik ruhga ega, balki oʻzida Oʻzbekistonning iqtisodiy rivojlanish strategiyasini ham aks ettiradi, — dedi xitoylik ekspert. — Mamlakat pandemiya sharoitida iqtisodiy hamkorlik ruhini tikladi.

Markaziy Osiyoning yetakchi davlatlaridan biri boʻlgan Oʻzbekiston SHHTni rivojlantirishda muhim rol oʻynamoqda va uning XXR bilan ushbu tashkilot doirasidagi hamkorligi mintaqada tinchlikni saqlash va barqarorlikni taʼminlashga katta taʼsir koʻrsatmoqda.

SHHT hududida qashshoqlikni kamaytirish sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish taklifi odamlar turmush darajasini qoʻllab-quvvatlash masalasiga berilgan ahamiyatni aks ettiradi. Ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston rahbariyati zarur choralarni koʻrmoqda, keng koʻlamli saʼy-harakatlar va muhim mablagʻlarni yoʻnaltirmoqda, qashshoqlikka qarshi kurashish uchun zarur institutlarni yaratmoqda.

XXR va Oʻzbekistonda qashshoqlikni yengish muammosi strategik vazifa sifatida belgilangan. Ikki mamlakat XXRning ilgʻor tajribasini oʻrganish va joriy etish asosida qashshoqlikni kamaytirish masalalari boʻyicha samarali muloqot olib bormoqda.

Oʻzbekiston doimo Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlik oʻrnatish, qayta tiklanish jarayoniga koʻmaklashishda muhim rol oʻynagan. Ushbu yoʻnalishda Prezident Shavkat Mirziyoyevning yangi pragmatik siyosati alohida ahamiyatga ega. Unga koʻra Markaziy Osiyo, jumladan, Afgʻonistonda barqarorlik, barqaror rivojlanish va yaxshi qoʻshnichilik zonasini yaratish mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi etib belgilangan.

Ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar, shu jumladan yoʻl infratuzilmasini qurish, elektr energiyasi bilan taʼminlash, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda loyihalarni amalga oshirishdagi faol ishtirok Oʻzbekistonning Afgʻoniston muammosini hal qilishdagi muhim hissasining bir qismidir.

Men Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻonistonni mintaqadagi loyihalarga yana-da koʻproq jalb qilish boʻyicha tashabbusini toʻliq qoʻllab-quvvatlayman. Bu jabrdiyda afgʻon zaminida vaziyatni tezroq tartibga solish va mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklashga yordam beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?