Oʻzbekiston pandemiya davrida turizm sohasiga sarmoya kiritishni davom ettirayotgan kam sonli davlatlardan biridir — YUNVTO Bosh kotibi

15:46 08 Sentyabr 2021 Iqtisodiyot
190 0

Oʻzbekistonning Ispaniyadagi elchisi Jahongir Gʻaniyev Jahon sayyohlik tashkiloti (YUNVTO) Bosh kotibi Zurab Pololikashvili bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Muzokaralar chogʻida tomonlar texnik yordamni jalb qilish, xususan, sayyohlik sohasida statistika, barqaror turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirishni yaxshilash boʻyicha XXR-YUNVTO “Janubiy-Janubiy hamkorlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi” (China-UNWTO South-South Cooperation Assistance Fund)ning “Bir sayyora” texnik yordam loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv chogʻida Bosh kotibga Oʻzbekistonda sayyohlik sanoatini tubdan isloh qilish, sayyohlikni barqaror iqtisodiy oʻsish va mamlakatni modernizatsiya qilishning muhim vositasiga aylantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi maʼlumotlar taqdim etildi.

Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasi turizm sohasiga salbiy taʼsir koʻrsatganini inobatga olib, hukumat tomonidan turizm bozori ishtirokchilarini qoʻllab-quvvatlash, soha faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar hayotga tadbiq etilgani qayd qilindi. Hozirgi kunda amalga oshirilayotgan sanitariya-epidemiologiya xavfsizlik standartlari boʻyicha “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” loyihasi orqali sayyohlar Oʻzbekistonga safar qilishlari mumkin.

Oʻz navbatida, YUNVTO Bosh kotibi turizm industriyasi faol rivojlantirilayogani uchun Oʻzbekiston rahbariyatiga samimiy minnatdorlik ixhor etdi. “Oʻtgan besh yil mobaynida Oʻzbekiston Prezidenti milliy turizm sohasini rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy sharoitlarni yaratib berdi, dedi Zurab Pololikashvili. Respublikada sayyohlik sohasini tubdan isloh qilish boʻyicha misli koʻrilmagan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Shuningdek, Oʻzbekiston pandemiya davrida turizm sanoatiga sarmoya kiritishni davom ettirayotgan sanoqli davlatlardan biridir”.

Suhbatdosh tashkilotning Oʻzbekiston sayyohlik sanoatini rivojlantirishga har tomonlama yordam koʻrsatish va mamlakatimizning milliy va global turizmni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash majburiyatini ham tasdiqladi.

Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston 1993-yilda YUNVTOga aʼzo boʻlgan. Respublika tashkilot faoliyatida faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, Oʻzbekistonning YUNVTO bilan hamkorligidagi muhim tadbirlardan biri 2014-yil 30-sentyabr – 4-oktyabr kunlari Samarqand shahrida tashkilot Ijroiya qoʻmitasining 99-sessiyasi oʻtkazildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?