Oʻzbekiston oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash yoʻlida qanday ishlar olib borilmoqda?

07:37 05 Sentyabr 2021 Iqtisodiyot
319 0

Dunyoning koʻplab davlatlari ushbu murakkab masalaning yechimi ustida tinimsiz bosh qotirib kelayotgan bir davrda tahlillar Oʻzbekiston oziq-ovqat xavfsizligini nafaqat taʼminlash, balki mustahkamlash borasida soʻnggi yillarda sezilarli natijalarga erishib kelayotganligini koʻrsatmoqda.

Aslida, oziq-ovqat xavfsizligi juda keng tushuncha boʻlib, u eng avvalo, aholi ehtiyojini fiziologik meʼyorlarga mos ravishda isteʼmol mahsulotlari bilan taʼminlashni nazarda tutadi. Biroq keyingi paytda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining oʻsishi aholi soni va ehtiyojlarining ortishidan orqada qolayotgani, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi hamda qayta ishlash sanoati rivoji uchun yetarli sharoit mavjud boʻlmagan mamlakatlarda muammo tobora chuqurlashib bormoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan Islom taraqqiyot banki(ITB) boshqaruvchilar kengashining 46 yillik yigʻilishida ham ushbu masalaga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, ITBning fan, texnologiya va innovatsiyalar jamgʻarmasining salohiyati va imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish, qishloq xoʻjaligiga ilgʻor ishlanmalarni joriy qilish orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, ayniqsa, dolzarbligi taʼkidlab oʻtildi.

Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, jumladan, klasterlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgani, kam hosilli paxta yerlarining qisqartirilib, oʻrniga oziq-ovqat mahsulotlari: dukkakli, sabzavot va poliz ekinlari ekilishi, respublika miqyosida barcha hududlarning oziq-ovqat yetishtirish boʻyicha tor sohalarga ixtisoslashtirilgani, aholining dehqon va tomorqa xoʻjaliklari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, har tomonlama ragʻbatlantirish, manfaatdorlikni oshirish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar tom maʼnoda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Xususan, Surxondaryo viloyati misolida oladigan boʻlsak, sohada olib borilgan ishlar natijasida yalpi hududiy mahsulotda qishloq xoʻjaligining hajmi 2016-yilda 4,2 trln. soʻmni, aholi jon boshiga koʻrsatkich 1,7 mln. soʻmdan toʻgʻri kelgan boʻlsa, 2020-yilda ushbu hajm 19,9 trln. soʻmni, aholi jon boshiga 7,5 mln. soʻmdan toʻgʻri kelishi taʼminlandi.

Sohaga qaratilgan eʼtibor jumladan, gʻallachilikda ham hosildorlikning oʻsishiga zamin yaratdi. 2016-yilda vohada 98,0 ming gektar maydonga urugʻ ekilib, 274,2 ming tonna yoki 109,8 foizga bajarilgan boʻlsa, 2020-yilda esa 93,0 ming gektar maydonga urugʻ qadalib, 300,3 ming tonna gʻalla olinib, rejaga nisbatan 103,6 foizga bajarilgan. Bu esa, 2016-yilga nisbatan 5,0 ming gektar kam ekilishiga qaramasdan, 26,1 ming tonna koʻp bugʻdoy yetishtirilishini taʼminladi.

2020-yilda viloyatdagi 756 ta fermer xoʻjaliklarga hamda 5 ta sabzavotchilik yoʻnalishidagi klasterlariga 40372 gektar yer maydonlari ajratildi. Ular tomonidan yetishtirilgan sabzavot mahsulotlari 1013532 tonnaga yoki 104,8 foizga oʻsganini koʻrish mumkin.

Bogʻdorchilik sohasida ham qarovsiz yerlarning oʻzlashtirilishi natijasida yuqori natijalarga erishilganini alohida qayd etish lozim. Viloyatdagi mavjud yaroqsiz bogʻ maydonlari 2016-yilda 639 gektarni tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilda bu koʻrsatkich 566 gektarga kamayib qaytadan rekonstruksiya va yangidan barpo qilindi. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2019-yil 11-dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish, sohada qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan viloyatda 2 ta bogʻdorchilik klasterlari tashkil etilib, ularga 1180 gektar yer maydonlari va 35 ta bogʻdorchilik fermer xoʻjaliklari biriktirildi. Natijada viloyatdagi mavjud bogʻdorchilikka ixtisoslashgan barcha xoʻjaliklarda 2016-yilda 112188 tonna mahsulot yetishtirilgan boʻlsa, 2020-yilga kelib bu koʻrsatkich 51231 tonnaga koʻpayib, 145,6 foizga oshdi.

Maʼlumki, Surxondaryo uzumchilik yetishtirish boʻyicha qulay iqlim sharoitiga ega hudud sanaladi. Viloyatda mavjud uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari soni 2016-yildagiga qaraganda 226 taga koʻpayib, 2020-yilda 1256 taga yetdi, sanoatbop uzum maydonlari 456 gektarga koʻpaydi. Yetishtirilgan uzum mahsuloti qariyb 95,5 ming tonnaga yetkazildi.

Bundan tashqari, voha qishloq xoʻjaligidagi ustuvor yoʻnalishlardan boʻlgan chorvachilik sohasida qoʻl urilgan qator ijobiy ishlar natijasida aholining goʻsht va sutga boʻlgan ehtiyojlari qondirish borasida ijobiy koʻrsatkichlarga erishildi. Chorvachilik bilan shugʻullanuvchi fermer xoʻjaliklar soni 4 yil ichida 1135 taga koʻpayib, 2127 taga yetdi. Shuningdek, ularga ajratilgan yer maydonlari 5621 gektarni tashkil etdi. Bu esa oʻtgan 2016-yilga nisbatan 184 foizga yoki 2566 gektarga koʻpdir. Buning natijasida barcha toifadagi chorva bosh sonlari 881,5 ming boshdan 2020-yilga kelib 998 ming boshga koʻpaytirildi. Natijada 2020-yilda barcha toifadagi xoʻjaliklar tomonidan yetishtirilgan goʻsht mahsuloti 119 782 tonnaga yetkazilib, 114,6 foizga oʻsishga erishildi.

Shuningdek, parrandachilik yoʻnalishida ularning soni 5,1 mln. boshga yetkazilgan boʻlsa, baliqchilik yoʻnalishida mahsulot yetishtirish darajasi 2016-yilga nisbatan 1820 tonnaga oshib, 4400 tonnaga yetkazildi.

Dunyoda shunday davlatlar borki, ularda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirilmaydi. Oziq-ovqat uchun zarur mahsulotlarning asosiy qismi chetdan sotib olinadi. Ammo yuqoridagi raqamlar bizda istalgan oziq-ovqat mahsulotlarini qulay narxlarda xarid qilish imkoniyatimiz borligini, bu esa bizning qanday toʻkinchilikda yashayotganimizni bildiradi.

Albatta, mahsulotni yetishtirish bilangina chegaralanib qolmasdan, uni qayta ishlash ham muhim vazifa sanaladi. Chunki, mahsulot koʻp va xoʻp yetishtirilgani bilan uni sotishda faqatgina ichki bozor bilan cheklanib qolinsa, ichki bozor talablaridan ortiqcha mahsulotlar isrof boʻladi va dehqon kasodga uchraydi. Peshona teri bilan yetishtirgan mahsulotini ichki bozordan tashqari tashqi bozorga, xorijiy davlatlarga eksport qilish dehqon uchun koni foyda. Buning uchun esa mahsulotning qayta ishlab, saralash asosiy talab etiladigan bosqich hisoblanadi.

Viloyatda ichki bozor talabini qondirish uchun yiliga oʻrtacha 857,7 ming tonna meva-sabzavot (sabzavot, kartoshka, poliz, meva-uzum) mahsulotlari talab etiladi. 2020-yilda viloyatda 1 198,2 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirilgan boʻlib, shundan 857,7 ming tonna ichki bozorga, 140 ming tonna qayta ishlashga, 200,5 ming tonna eksportga yoʻnaltirildi. Qishloq xoʻjaligi eksportiga keladigan boʻlsak, yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlari asosan, Rossiya, Xitoy, Pokiston, Afgʻoniston, Qozogʻiston davlatlariga eksport qilinyapti.

Viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2,9 barobarga oʻsib, 2021-yil yakunida 6,7 trln. soʻmni tashkil etadi. Vaholanki, bu koʻrsatkich 2017-yilda 2,3 trln. soʻmga teng edi. Bunda oziq-ovqat mahsulotlarining sanoat sohasidagi ulushi 24,5 foizga yetadi.

Prezidentimizning 2017-yil 6-yanvardagi “2017-2018-yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlashni yanada chuqurlashtirish va ularni saqlash uchun quvvatlarni barpo etish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda 2019-yil 29-iyuldagi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi qarorlari mazkur yoʻnalishda ijobiy natijalarga erishishda muhim omil boʻlib xizmat qildi. Natijada qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash quvvatlari oshirilib, yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish oʻzlashtirildi.

Xususan, meva-sabzavotni qayta ishlash darajasi 0,4 foizdan 12,4 foizga, uzumni qayta ishlash 4 foizdan 7 foizga, goʻshtni qayta ishlash 0,3 foizdan 1,1 foizga, sutni qayta ishlash 0,3 foizdan 0,7 foizga oʻsishi taʼminlandi. 2017-yilga qadar aholining eng zarur ehtiyojdagi mahsulotlar: un va yogʻ ishlab chiqarish uchun viloyatning oʻzida xom-ashyo mavjud boʻla turib, qayta ishlash darajasi 50 foizga ham yetmagan, bu 2021-yilga kelib 115 foizga yetkazildi. 2,1 mingta yangi ish oʻrni, 700 mlrd. soʻmlik qoʻshimcha qiymat yaratilib, byudjetga qoʻshimcha 50 mlrd. soʻm tushum manbai hosil qilindi. Eksport koʻrsatkichi 1,0 mln. dollardan 3,5 mln. dollarga yetkazildi.

Xulosa qilib aytganda, oziq-ovqat sanoatida yuqori koʻrsatkichlarga erishib, xalqimiz farovonligi, dasturxoni toʻkin boʻlishini nazarda tutuvchi mazkur islohotlar partiyamiz dasturida nazarda tutilgan maqsad-vazifalar bilan hamohangdir. Bugun ana shu rejalarning amaliy natijalarini koʻrayotganimiz yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash yoʻnalishida toʻgʻri yoʻlda ekanligimizdan dalolatdir.

Botir MARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?