Oʻzbekiston, Ozarbayjon va Qozogʻiston rahbarlari "yashil” energiyani rivojolantirish va uzatish loyihasiga start berdilar

13:17 13 Noyabr 2024 Siyosat
242 0

13-noyabr kuni COP29 sammiti doirasida Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Ozarbayjon oʻrtasida “yashil” energiyani rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qayta tiklanuvchi energiya iqtisodiy maqsad emas, balki kelajakka qoʻshilayotgan hissa, kelgusi avlodlar oldidagi masʼuliyat tuygʻusining natijasi ekanligini taʼkidladi.

Loyihaning ekologik ahamiyati alohida qayd etildi. Uzatiladigan energiya - bu shamol va quyosh energiyasi boʻlib, qayta tiklanadigan va toza manba hisoblanadi hamda iqlimga taʼsirni yumshatish imkonini beradi.

Shu orqali tomonlar Parij bitimi va Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida iqlimni muhofaza qilish boʻyicha qoʻshma saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlamoqda.

Mamlakatlarimiz qayta tiklanuvchi energiyaning katta zaxiralariga ega boʻlib, global energetik oʻzgarishlarga salmoqli hissa qoʻshishi mumkinligi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan Prezidentimiz bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarning muhim jihatlariga alohida toʻxtalib oʻtdi.

“Yashil” energetikani jadal rivojlantirish boʻyicha katta dastur qabul qilingan. Mamlakatimizda har yili 2 gigavattga yaqin quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirilmoqda.

Bundan tashqari, joriy yil oxirigacha tarmoqqa qoʻshimcha 2,6 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish quvvatlari va 300 megavattli energiya saqlash tizimlari ulanadi.

2030-yilga kelib qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40 foizga yetkazish, shuningdek, 4,2 gigavattlik energiya saqlash tizimlarini yaratish rejalashtirilgan.

Ishga tushirilayotgan loyihaning iqtisodiy samarasini barcha ishtirokchilar his etishiga ishonch bildirildi.

Oʻn minglab yangi ish oʻrinlari yaratiladi, energetika infratuzilmasi rivojlanadi, texnologik va ishbilarmonlik aloqalari kengayadi. Eng muhimi, aholi turmush darajasi oshadi.

Loyihani amalga oshirishni jadallashtirish, jumladan, qoʻshma korxona tashkil etish, texnik hujjatlarni ishlab chiqish va kelishish va boshqa tartib-taomillarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Yakunda davlatimiz rahbari Oʻzbekistonning ushbu mintaqaviy loyihani birgalikda amalga oshirishga intilishi qatʼiy ekanini tasdiqladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?