Oʻzbekiston — ota yurtimiz, eʼtiqodimiz beshigi — Turkiyaning yetakchi nashrida shunday sarlavhada maqola chop etdi

13:44 13 Mart 2021 Welcome to uzbekistan
2446 0

Oʻzbekistonning turizm sohasidagi mavjud imkoniyatlari, shu jumladan, ziyorat turizmi salohiyatini keng targʻib qilish va rivojlantirish bilan bogʻliq kompleks chora-tadbirlar davom ettirilmoqda. Xususan, Turkiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalarida mamlakatimiz, shu jumladan, Buxoro viloyatining jozibadorligi haqida qator materiallar chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Turkiyaning markaziy nashrlaridan biri boʻlgan “Turkıye” gazetasida “Gezi” (“Kezish/sayohat qilish”) rukni ostida Oʻzbekistonga bagʻishlangan «Oʻzbekiston — ota yurtimiz, eʼtiqodimiz beshigi» nomli maqola oʻquvchilar eʼtiboriga havola qilindi.

Maqolani tayyorlash va chop etishda taniqli sharhlovchi Merem Aybuke Sinan faol ishtirok etdi. Ushbu materialda Oʻzbekistonning ziyorat turizmi sohasidagi salohiyati keng yoritilgan, mavjud imkoniyatlar haqida soʻz yuritilgan, bu borada batafsil maʼlumotlar taqdim etilgan. Materialda Buxorodagi qadamjolar, xususan, yetti pir ziyoratgohlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Maqola yurtimizdagi qadamjolarning rang barang fototasvirlari bilan bezatilgan.

Muallif mamlakatimizning Anqaradagi elchixonasi yordamida Oʻzbekistonga amalga oshirgan sayohati haqida qiziqarli hikoya taqdim etgan. Jurnalist bir haftalik sayohat Oʻzbekistonni kashf qilish uchun yetmasligini bildirib, yurtimizga takroran kelishini taʼkidlagan va oʻz vatandoshlarini ham ziyoratga chorlagan.

Oʻzbekiston qadimdan boy maʼnaviy-tarixiy merosi, rivojlanib borayotgan turizm salohiyati xorijdagi mamlakatlarda tobora katta qiziqish uygʻotmoqda. Ayniqsa, Turkiyada Oʻzbekistonga boʻlgan eʼtibor butunlay boshqacha, deyish mumkin. Xususan, Yevropa va boshqa qitʼalar aholisi uchun mamlakat Buyuk ipak yoʻlining chorrahasi sifatida tanish boʻlsa, Turkiyada bunga qoʻshimcha tarzda Oʻzbekiston qadim turkiy xalqlar yashagan diyor, yaʼni ota yurt, hamda tasavvuf, moturudiylik, naqshbandiylik asoschilari, eʼtiqod ustunlari yashab, ijod qilgan ziyoratgoh sifatida ham maʼlum va mashhurdir, deb taʼkidlanadi maqolada.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?