Oʻzbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi Vashingtonda AQSH Kongressi aʼzolari bilan uchrashdi

20:39 29 Sentyabr 2021 Siyosat
482 0

Foto: “Dunyo” AA

Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi parlament delegatsiyasi AQSH Kongressi Vakillar palatasida amerikalik kongressmenlar bilan uchrashdi.

Oʻzbekistonning Vashingtondagi  elchixonasi maʼlumotiga koʻra, muzokaralar chogʻida AQSH qonunchilariga mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan yangilanishlar jarayoni, iqtisodiyotni erkinlashtirish dinamikasi, yangi tashqi siyosat, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonch muhitini mustahkamlash boʻyicha saʼy-harakatlar, shuningdek, Oʻzbekiston — AQSH oʻzaro hamkorligining bugungi holati va istiqbollari haqida fikr yuritildi.

Kongressmenlarga Oʻzbekiston Prezidenti sayloviga koʻrilayotgan tayyorgarlik haqida ham soʻzlab berildi. Saylov jarayonida oshkoralik, adolat va tenglik asosida, umumeʼtirof etilgan demokratik meʼyorlarga muvofiq ovoz berishni tashkil etish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar alohida qayd etildi.

AQSH Kongressida «Oʻzbekiston boʻyicha kokus» aʼzosi, Missisipi shtatidan saylangan respublikachi kongressmen Stefan Palasso Oʻzbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan oʻz tabrigini izhor etdi. 

«Joriy yil Oʻzbekiston zamonaviy tarixidagi muhim bosqich nishonlanmoqda va AQSH vakillari ushbu sanani nishonlashda mintaqadagi eng yaqin hamkori yonida boʻlishdan chin dildan mamnundirlar», dedi  Stefan Palasso.

Kongressmenga koʻra, Oʻzbekiston bilan hamkorlik AQSH tashqi siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biridir. Amerikalik qonunchi Missisipi shtati rahbari Fil Brayant AQSH gubernatorlari orasida Oʻzbekistonga birinchi boʻlib safar qilganiga alohida urgʻu berdi. 

“Gubernatorning Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi Oʻzbekiston va Missisipi shtati oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikka asos soldi”, deya taʼkidladi u.

Kongressmen qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, bu sohadagi ilmiy oʻzaro akademik almashinuvni kengaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston mudofaa vazirligi va Missisipi milliy gvardiyasi oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashni hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari deb atadi.

Texas shtatidan saylangan respublikasi kongressmen, razvedka va terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha kichik qoʻmita hamraisi Avgust Pflyuger 4-7-oktyabr kunlari AQSH kongressmenlar guruhi tarkibida Oʻzbekistonga safarga otlanayotganini maʼlum qildi. 

“Men Oʻzbekiston rasmiylari bilan uchrashishni sabrsizlik bilan kutyapman, shuningdek, mamlakatning tarixiy va diqqatga sazovor joylarini ziyorat qilishni ham rejalashtirganman”, dedi Avgust Pflyuger.

U suhbat chogʻida kongressmenlar Trent Kelli va Visente Gonsales tomonidan Kongress muhokamasiga kiritilgan Oʻzbekiston mustaqilligi va suverenitetini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maxsus rezolyutsiyaga hammualliflik qilishga tayyorligini bildirdi. U Texas shtatidan boshqa qonunchilarni ushbu hujjatni maʼqullashga jalb etishini bildirdi.

AQSH Kongressining tashqi ishlar va sud hokimiyati boʻyicha qoʻmitasi aʼzosi, Kaliforniya shtatidan saylangan respublikachi kongressmen Darrel Issaning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston islohotlarni oʻtkazish jarayonida sobitqadamlik qilmoqda, mamlakatda amalga oshirilayotgan ijobiy oʻzgarishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Kongressmen bundan avval Nur-Sulton va Kobul shaharlariga safar qilgani, mintaqa, jumladan, Oʻzbekiston bilan yaxshi tanish ekanini aytdi. Shu munosabat bilan qonun chiqaruvchi AQSH Kongressi delegatsiyasi tarkibida mamlakatimizga safar qilishga tayyorgarlik koʻrayotganidan mamnuniyat izhor qildi.

U Vakillar palatasidagi «Oʻzbekiston boʻyicha kokus» faoliyatidan xabardorligini maʼlum qildi. 

«Oʻzbekiston doʻstlari guruhi Kapitoliyda keng qoʻllab-quvvatlanmoqda», - deya qoʻshimcha qildi Darrel Issa. Shu maʼnoda, ushbu doʻstlik guruhiga qoʻshilishga boʻlgan qiziqishini tasdiqladi.

Uchrashuvlar chogʻida kongressmenlar bilan Oʻzbekiston-AQSH hamkorligining dolzarb masalalari boʻyicha muntazam aloqalarni rivojlantirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

“Dunyo” AA. Vashington.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?