Oʻzbekiston Notarial palatasi: uch yillik faoliyat sarhisobi

21:41 20 Yanvar 2023 Jamiyat
635 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Joriy yilning 20-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Oʻzbekiston Notarial palatasi tashabbusi bilan Toshkentda notariat sohasini takomillashtirishga bagʻishlangan “Kasbim — faxrim mening” mavzusida seminar tashkil etildi.

Unda respublikamizning barcha hududidan xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar taklif etildi. Notariuslarni seminarda ishtirok etishlari davrida joylarda fuqarolarda noqulayliklar kelib chiqishini hamda turli eʼtirozlarni oldini olish maqsadida barcha hududlarda navbatchi notariuslar faoliyati tashkil etildi.

Maʼlumki, 2020-yil Oʻzbekiston notariat tizimi isloh qilinib, davlat notariat tizimi nodavlat tizimiga oʻtkazildi va xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar shakllantirildi.

Bugungi kunda respublikamizda 954 nafar xususiy notariuslar faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Faqat olis hudud hisoblangan Jizzax viloyatining Yangiobod tumani 1 nafar davlat notariusi saqlab qolingan.

Notariat tizimini isloh qilinganiga bugun 3 yil toʻldi. Shu davr ichida notariat sohasida bir qator ishlar amalga oshirildiki, bular sohadagi mavjud muammolarni tizimli ravishda bosqichma-bosqich yechish imkonini berayotir. 

Seminarda notariat sohasida 3 yil davomida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilindi, mavjud muammolarni aniqlab olindi hamda ularni bartaraf etish mexanizmlarini ishlab chiqish, shu bilan bir qatorda sohani yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Uch bir sohani jadal taraqqiyotga olib chiqish uchun koʻp muddat emas. Shundan boʻlsada, oʻtgan yillar davomida Oʻzbekistonning yangi notariat tizimi shakllantirildi, desak ham mubolagʻa boʻlmaydi. Aniqroq aytadigan boʻlsak, 3 yil ichida soha shiddat bilan rivojlandiki, buni qoʻyidagi misollar ham tasdiqlaydi. Jumladan, soha raqamlashtirildi, rivojlangan mamlakatlar notariat tizimlari bilan izchil aloqalar oʻrnatildi. Bu davrning eng muhim yutuqlaridan biri — Oʻzbekiston notariatini Xalqaro Notariuslar ittifoqiga aʼzo boʻlishi hisoblanadi. 2021-yilning 3-dekabr kuni Oʻzbekiston notariat tizimi Xalqaro Notariuslar ittifoqiga aʼzolikka qabul qilindi.

Faol xalqaro hamkorlik

Oʻtgan davrda Oʻzbekiston notarial palatasi 9 xorijiy davlat  — Germaniya, Fransiya, Litva, Rossiya, Belorussiya, Ozarbayjon, Ukraina, Qozogʻiston va Qirgʻiziston notarial palatalari bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi. Shu bilan birga, 20 davlat va nodavlat tashkilotlar bilan memorandumlar imzolanib, faol hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi.

Birgina oʻtgan yilning oʻzida 2 ta onlayn konferensiyada, 4 ta xalqaro onlayn seminarda notariuslarning ishtiroki taʼminlandi.

Erishilgan yutuqlar xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilayotir. Xususan, Fransiya, Germaniya, Rossiya, Ozarbayjon, Tojikiston va Qirgʻiziston delegatsiyalari mamlakatimizga tashrifi chogʻida Oʻzbekistonning notariat sohasidagi tajribasiga katta baho berdi. Bu ham ishlar toʻgʻri tashkil etilayotganidan dalolatdir. 

2022-yilning may oyida Myunxen shahrida (Germaniya) boʻlib oʻtgan Xalqaro notariuslar ittifoqi Bosh kengashining navbatdagi yigʻilishida hamda 2022-yilning iyun oyida Nur-Sulton shahrida Xalqaro notariuslar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan II Markaziy Osiyo xalqaro notarial konferensiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi vakillari ishtirok etishdi. 

Shuningdek, 2022-yilda Fransiya notariuslari Oliy Kengashi Kongressida, Meksikada boʻlib oʻtgan Xalqaro notariuslar ittifoqi Kongressida, Sankt-Peterburgda boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiyada mamlakatimiz vakillarining ishtirok etdi.

Bularning barchasi Oʻzbekiston notariat tizimini xorijiy tajriba asosida yanada takomillashtirish, notariat sohasida Oʻzbekiston tajribasini ommalashtirish xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Xalq bilan muloqot

Birgina oʻtgan yil davomida Notarial palata hamda hududiy boshqarmalarga jami 621 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 186 tasi qanoatlantirilgan boʻlsa, 314 tasiga tegishli tartibda huquqiy tushuntirish berildi. Oltmish oltitasi tegishliligi boʻyicha Adliya vazirligiga yuborildi.

Shuningdek, 76 nafar nomzodga xususiy amaliyot bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya berildi. Yil davomida 10 428 ta sayyor notarial xizmat koʻrsatilgan.

Qonunchilik takomillashtirilmoqda

Notarial palata tomonidan sohaga tegishli 7 ta normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha 32 takliflar kiritilgan. Shundan 14 tasi qabul qilinib, qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritilgan.

Shuningdek, Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti , Kadastr agentligiga bir qator tashkilotlarga ham taklif kiritildi. Ulardan aksariyati qabul qilindi.

Notarial tasdiqlangan hujjatlarga tenglashtiriladigan vasiyatnomalar, ishonchnomalar va arizalarni rasmiylashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi konsullari, IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti, Sogʻliqni saqlash hamda Mudofaa vazirliklari vakolatli rahbar xodimlari, Mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari uchun Uslubiy qoʻllanma ishlab chiqildi.

Malakali kadrlar soha taraqqiyotiga xizmat qiladi

Notarial palata bilan Yuristlar malakasini oshirish markazi (YUMOM) oʻrtasida 2020-yilda imzolangan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandum doirasida 2022-yil davomida 547 nafar notariuslar mediatorlik kurslarida oʻqitildi hamda ularga professional mediatorlik sertifikatlari berildi.

Notarial palata huzurida “Yosh notariuslar klubi” tashkil etilib, unga respublikamizdagi oliy yuridik maʼlumot beradigan oʻquv yurtlarining 594 nafar talabalari aʼzolikka qabul qilindi. Ularni malakali notariuslarda amaliyot oʻtashlari tashkil etildi. Jumladan, TDUYU, SamDU, NamDU, Termiz DU hamda Buxoro DU va Qoraqalpoq DUning huquqshunoslik fakultetlari bilan kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

Oʻzbekiston Notarial palatasi tashkil etilganligining uch yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda “Notarius madhiyasi” hamda “Notarius kundaligi” kitobining taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Aytish joizki, muallifi Shahriyor Shavkat boʻlgan ushbu madhiya jahon notariat tizimida yagona, xuddi shunday “Notarius kundaligi” kitobi ham notariat tarixida birinchi hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?