Oʻzbekiston nega “Dunyoni koʻk rangga boʻyash” aksiyasiga qoʻshilmoqda?

18:22 19 Noyabr 2020 Siyosat
297 0

20-noyabr kuni Jahon bolalar kuni nishonlanadi. Anʼanaga koʻra, ushbu sana munosabati bilan har yili butun dunyoda “Dunyoni koʻk rangga boʻyash” aksiyasi oʻtkaziladi. Joriy yildan eʼtiboran ushbu aksiyaga Oʻzbekiston ham qoʻshiladi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

Uning maqsadi jamoatchilik eʼtiborini bolalar huquqlarini taʼminlashning dolzarb masalalariga jalb qilishdir. Mamlakatlar umumiy gʻoyani qoʻllab-quvvatlab, diqqatga sazovor, markaziy joylarni yoritishni tashkil qiladi.

Jahon bolalar kuni 1954-yil BMT tomonidan eʼlon qilingan va yosh avlodning farovon hayotini taʼminlash uchun dunyo hamjamiyati eʼtiborini jalb qilishga qaratilgan.

Xalqaro miqyosda qator muhim hujjatlar, jumladan, yosh avlodning hayotga, sogʻliqqa, taʼlimga, dam olishga va boʻsh vaqtga boʻlgan huquqlarini, ota-onalarga gʻamxoʻrlik qilishni, zoʻravonlik va kamsitishdan himoya qilishni, fikrlarni ifoda etishni nazarda tutadigan Bola huquqlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya, Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya qabul qilindi.

Anʼanaga koʻra, 20-noyabr kuni koʻplab mamlakatlarda mavzuga doir tadbirlar oʻtkaziladi, unda ishtirokchilar nafaqat sohadagi yutuqlarni, balki kelajakda hal etilishi lozim boʻlgan keskin muammolarni ham qayd etadilar.

Jumladan, 19 va 20-noyabr kunlari soat 18:00dan boshlab “Xalqlar doʻstligi” va “Turkiston” saroylari, “Poytaxt” biznes markazi, “Oʻzbekiston” simpoziumlar saroyi, Navoiy teatri, Oʻzbekiston tarixi muzeyi, “Milliy” stadioni, Hamid Olimjon maydonidagi 16 qavatli uylar, aeroport, shuningdek, boshqa diqqatga sazovor joylar, mehmonxonalar, sport tashkilotlari koʻk rangda tovlanmoqda.

Samarqand, Buxoro va Xivaning tarixiy va zamonaviy majmualari ham koʻk rangda — birdamlik va hamjihatlik rangiga burkanib, xalqaro aksiyani qoʻllab-quvvatlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?