Oʻzbekiston muzeylariga 2020 – 2022-yillarda qancha sayyoh tashrif buyurgani ochiqlandi

17:23 21 Iyul 2022 Jamiyat
456 0

Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda “Muzeylar toʻgʻrisida”gi qonun ijrosini taʼminlash va sayyohlar oqimini yanada koʻpaytirish uchun bir qator ishlar amalga oshirildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan oxirgi 5 yilda 20 dan ortiq yangi muzeylar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek soʻngi yillarda muzeylarimizga tashrif buyuruvchilar soni sezilarli oshdi. Xususan, 2020-2022-yillar davomida jami 3,6 million sanʼatsevarlar muzeylarga kelishdi va madaniy merosimizdan bahramand boʻlishdi. 2019-2022-yillarda jami 221,9 mlrd soʻm mablagʻ tushgan. Shundan 165,8 mlrd soʻmi davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar, 56 mlrd soʻm byudjetdan tashqari mablagʻlar hisoblanadi.

Ochiq eshiklar kuni

Muzeylar odamlar bilan fayzlidir. 2020-yil sentyabr oyidan boshlab xalqimizni muzeylarga yanada koʻproq jalb qilish yoʻlida oʻzgacha tashabbusga qoʻl urildi — davlat muzeylarida har oyning birinchi yakshanbasi “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Ushbu kun barcha tashrif buyuruvchilar uchun bepul etib belgilandi.

Ragʻbat

Har qanday sohaning rivojida ragʻbatlantirish katta ahamiyat kasb etadi. Muzeylar borasida ham shunday yoʻl tutildi — ilmiy darajaga ega boʻlgan muzey xodimlarining oylik maoshi oʻrtacha 2,5 baravarga oshirildi.

Bugungi kunda Madaniy meros agentligi tizimida jami 104 ta muzey va ularning filiallari faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Shundan 37 tasi asosiy muzeylar va 67 tasi filiallar hisoblanadi. Ularda jami 2223 nafar xodim faoliyat yuritmoqda.

Muzeylar tomonidan 2020-2022-yillarda jami 12759 ta madaniy tadbirlar va koʻrgazmalar oʻtkazilgan boʻlib, 379 kitob va kataloglar nashr etilgan.

Yangi va yangilanadigan muzeylar

Oʻzbekiston mavjud muzeylar bilan cheklanib qolmoqchi emas. Yaqin kelajakda yurtimizda yana bir qator muzeylar ochilishi, eskilari yangilanishi rejalashtirilgan.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2017-2027-yillarga moʻljallangan davlat dasturi qabul qilingan va unga asosan muzeylar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bilan ayni bir vaqtda 8 ta muzey yangidan tashkil etilib, 21 tasi qayta tashkil etilishi belgilab qoʻyilgan. Shuningdek yana 9 ta yangi muzey quriladi, 11 tasi rekonstruksiya qilinadi va 68 ta muzey zamonaviy talablar asosida mukammal taʼmirlanadi.

Sanʼatsevar millat

Yurtimizda muzeylar faoliyatini yanada takomillashtirish uchun yana bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Yangi muzeylar, xususan, nodavlat muzeylarni tashkil qilish va ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, respublika miqyosida “Sanʼatsevar millat” loyihasini amalga oshirish, uning doirasida sanʼat galereyalarini ochish, muzeylar fondidagi eksponatlarning koʻchma koʻrgazmalarini tashkil etish maqsad qilingan.

Yangi tashabbuslar

Eʼtiborli tomoni, bundan buyon har yili davlat muzeylari va ilmiy-tadqiqot institutlariga arxeologik va etnografik tadqiqotlarni amalga oshirish uchun davlat buyurtmasi tizimi joriy qilinadi. Ushbu tashabbus yurtimiz tarixi va boy madaniy merosimizni koʻproq oʻrganish, kelajak avlodlarga yetib borishini taʼminlashda katta samara keltirishi shubhasiz.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?