Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Isroil–Falastin mojarosiga munosabat bildirdi

11:11 20 May 2021 Jamiyat
2349 0

Musulmonlar idorasi Falastin–Isroil mojarosiga munosabat bildirdi.

Unga koʻra, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Sharqiy Quddusdagi moʻmin-musulmonlar uchun eng tabarruk mintaqada notinchliklar davom etayotganidan jiddiy tashvishda.

«Jahon hamjamiyati Falastin-Isroil muammosini xalqaro huquq normalariga muvofiq, tinch yoʻl bilan hal etilishi zarurligini bot-bot taʼkidlamoqda. Zero, Islom dini – avvalo, tinchlik va doʻstlikka, ahillik va birdamlikka hamda bagʻrikenglikka daʼvat etadi.

Al-Aqso masjidi Islom dini manbalarida keltirilgan uch muqaddas masjiddan biridir. Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: “Ulovlar faqat uchta masjid tomongagina jihozlanadi: Masjidi Harom, mening ushbu masjidim va Masjidi Aqso”.

Quddus shahrida joylashgan muqaddas makon – Masjidi Aqso yoxud Baytul Maqdis Makkadagi Masjidul Haromdan keyin qurilgan eng qadimgi masjid. Ushbu tabarruk maskanlar moʻmin-musulmonlar uchun doimo azizu mukarramdir.

Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozni avval Masjidul Aqso tomonga yuzlanib oʻqidilar. Oʻn uch yillik Makka davri toʻliq shunday oʻtdi. Madina shahriga hijrat qilganlaridan keyin ham mazkur masjid qiblalikda davom etdi. Faqat oʻn olti oy oʻtibgina qibla Makka shahridagi Haram tomon oʻzgardi.

Manbalarda qayd etilishiga koʻra, uni Odam alayhissalom barpo etgan. Zamonlar oʻtib esa Ibrohim alayhissalom uni qayta tiklagan. Keyin Isʼhoq va Yoqub alayhissalomlar unga masʼul boʻldilar. Soʻng Sulaymon alayhissalom tomonidan masjid yangidan qad rostlab hozirgi koʻrinishga keldi.

Isro kechasi Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Makka shahridan Quddusga – Aqso masjidiga sayr ettirdi. Bu haqida: “Oʻz bandasini tunda Masjidi Haromdan atrofini barakotli qilib qoʻyganimiz Masjidi Aqsoga oyatlarimizni unga koʻrsatish uchun sayr ettirgan Zot (oʻziga noloyiq sifatlardan) pokdir” (Isro, 1).

Isro kechasi Nabiy alayhissalom Makkadagi Masjidi Haromdan chiqib, farishta Jabroil alayhissalom bilan Quddus shahriga bordilar. Masjidi Aqsoda barcha paygʻambarlarga imomlik qilib namoz oʻqib berdilar.

Demak, Masjidul Aqso Islom dinining shior makonlaridan biri, ikki qiblaning birinchisi, uchta asosiy masjidlar sirasidan, musulmonlarga tegishli muborak maskan. Oʻz navbatida ushbu mintaqada boshqa din vakillari uchun ham tabarruk hisoblangan ziyoratgohlar mavjud. Shunday ekan mintaqada zoʻravonlik, jabru sitamga chek qoʻyilishi hamda bundan buyon shafqatsizlik va qon toʻkilishiga yoʻl qoʻymaslik juda ham muhim hisoblanadi.

Zero, Islom dini insonlarga ozor berishdan qaytaradi. Nafaqat inson zotiga, balki, chumoliga ham ozor berish, hattoki, aziyat beruvchi biror soʻz aytishdan ham qaytaradi.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi hozirgi qaltis vaziyatda davlatlar, millatlar va elatlar oʻrtasidagi nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish eng toʻgʻri yoʻl, deb hisoblaydi. Ayni vaqtda, moʻmin-musulmonlarni mavjud voqelikni Quddusdagi vaziyat bilan bogʻlagan holda nooʻrin bahs-munozaralar, ixtilof va tushunmovchiliklar keltirib chiqarishga, notoʻgʻri xatti-harakatlarga daʼvat qilayotgan fitnalardan ehtiyot boʻlishga chaqiramiz.

Taʼkidlash joizki, Sharqiy Quddusdagi notinch vaziyat barchamizning dillarimizni ogʻritdi, ruhoniyatimizni mahzun qildi. Bunday paytlarda moʻminning moʻmindagi haqqi duo qilishdir. Zero, duo najot va qalqondir. Yaratgan Parvardigordan iltijo qilib soʻraymizki, butun dunyo, xususan musulmon olamida tinchlik va ofiyatni barqaror etsin, Yer yuzidagi barcha moʻmin-musulmonlarga omonlik, nusrat va qalblariga sakinat ato etsin», deyiladi munosabatda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?