Oʻzbekiston milliy akkreditatsiya tizimi xalqaro darajada tan olindi

20:34 20 Sentyabr 2022 Iqtisodiyot
571 0

Illyustrativ foto

Har bir davlat iqtisodiyoti oldida turgan muhim vazifalardan biri bu, shubhasiz, eksport salohiyatini oshirish, jahondagi yangidan-yangi bozorlarga kirib borishdir. Ammo mamlakatlarning bozor borasidagi oʻz qonun-qoidalari, qonunchilik hujjatlari, tovar va mahsulotlarning kirib kelishiga aloqador talablari bor.

Bunday talablar aslida ichki bozor sifati va sofligini, isteʼmolchilar huquqlarini taʼminlashni nazarda tutadi. Ularni bartaraf etish uchun har bir davlat milliy akkreditatsiya organlari Laboratoriyalar akkreditatsiyasi boʻyicha xalqaro hamkorlik — ILAC kabi xalqaro tashkilotga aʼzo boʻlishi, koʻp tomonlama bitimlarni imzolashi lozim.

Bu aʼzolik davlatlar uchun nima beradi? Aʼzo va koʻp tomonlama bitimlarni imzolagan davlatlar bir-birining mahsulot sifati sinovlarini oʻzaro tan oladi. Yaʼni, “bir marotaba sinovdan oʻtkazib, butun dunyoda tan olish” tamoyiliga koʻra ish yuritadi. Bu esa, oʻz navbatida, bozorlarga erkin kirib borish imkoniyatini beradi. Shuningdek, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tovar va xizmatlarining sifati xorijiy davlatlar iqtisodiyoti va jamiyati talabi darajasida boʻlishiga, sifat koʻrsatkichining yuqoriligi bilan ishonch qozonib, savdodagi texnik toʻsiqlarni bartaraf qilishga yordam beradi.

Xalqaro tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, xorijiy davlatlar akkreditatsiya idoralari ILAC tashkilotiga toʻla huquqli aʼzo boʻlib kirishi uchun oʻrtacha 5-6 yil talab etiladi (Qozogʻiston, Kolumbiya – 4 yil; Tailand – 5 yil; Rossiya, Yamayka – 6 yil; Belarus, Turkiya, Chili – 7 yilda aʼzo boʻlgan).

Ammo xalqaro ekspertlar (Turkiya, Germaniya, Hindiston) tomonidan tizimni baholash boʻyicha olib borilgan tahlillar Oʻzbekiston akkreditatsiya markazining 3-4 yil (2019-2022-yillar) ichida nufuzli tashkilotlarga aʼzo boʻlishi mumkinligini koʻrsatgan edi.

Darhaqiqat, amalga oshirilgan ishlar natijasida Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi 2018-yil 19-mart kuni muxbir aʼzo sifatida ILAC safiga qoʻshilgan va 2020-yil aprel oyida ILACning haqiqiy muxbir aʼzosi sifatida tan olingan.

Markaz oldida turgan keyingi vazifalardan biri mazkur xalqaro tashkilotlar doirasida amal qiluvchi akkreditatsiya natijalarini oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi koʻp tomonlama bitimga (ILAC-MRA) qoʻshilish va bu orqali mahalliy mahsulotlar eksport salohiyatini oshirish hamda jahon bozorida toʻsiqlarsiz eʼtirof etilishini taʼminlashdan iborat edi.

Ushbu natijaga erishish uchun Markaz oʻz faoliyatini tubdan xalqaro standartlarga moslashtirish, xalqaro miqyosda talab qilinadigan barcha vazifalarni bajarish, bitimlarga aʼzo boʻlgan davlatning tajribalarini oʻrganish, xalqaro toifadagi ekspertlar bilan seminar va mahorat darslarini tashkil qilib, faoliyatni yanada takomillashtirishga eʼtibor qaratdi. Mutaxassislarning malakasi oshirildi, laboratoriya xodimlari uchun ham qator oʻquv-mashgʻulotlari olib borildi.

Nihoyat, joriy yilning yanvar oyidan mart oyiga qadar 8 nafar xalqaro ekspert (Gonkong, Hindiston, Tayvan, Eron, Malayziya, Shri-Lanka, Filippin, Indoneziya) “Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi” DUK faoliyatini baholashdan oʻtkazib, xulosalarini aytdi. Umumiy hisobda Markaz faoliyati qoniqarli baholanib, kamchiliklar borasida tavsiyalar berildi. Ushbu kamchiliklar atroflicha oʻrganilib, bartaraf etildi va natijalar yozma ravishda xalqaro tashkilotlarga taqdim etildi.

Barcha saʼy-harakatlar natijasi oʻlaroq 2022-yilning 14-sentyabr kuni “Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi” DUK Laboratoriyalar akkreditatsiyasi boʻyicha xalqaro hamkorlik – ILACning toʻla huquqli aʼzosi safiga qabul qilindi va ISO/IEC 17011:2017 xalqaro standarti talablari hamda ILAC tartib-taomillariga muvofiq Oʼ ZAKK,

• ISO/IEC 17025 sinov

• ISO/IEC 17025 kalibrlash

sohalarida akkreditatsiya natijalarini oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi koʻp tomonlama bitimga (ILAC MRA) qoʻshildi.

Buning natijasida Oʻzbekistonda amalga oshirilgan sinovlar dunyoning 116 ta davlatida tan olindi.

OʼZAKK Laboratoriyalar akkreditatsiyasi boʻyicha xalqaro hamkorlik – ILAC tashkiloti bilan birgalikdagi faoliyatga muhim ahamiyat qaratadi. Ushbu nufuzli tashkilot bilan aloqalar Oʻzbekiston milliy akkreditatsiya tizimini rivojlantirishdagi ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgilangan. ILAC Nizomining maqsadi, tamoyillari va vazifalaridan kelib chiqib Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi barcha majburiyatlarni soʻzsiz va bekamu-koʻst bajarishni oʻz zimmasiga oldi. Zotan, ILACga aʼzo boʻlish akkreditatsiya tizimining xalqaro standartlar asosida ishlashining kafolatidir.

Xulosa oʻrnida aytish joizki, Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiyalash hamkorligi (ILAC) 4 ta yirik mintaqaviy idoradan (Yevropa, Markaziy Amerika, Afrika va Osiyo Tinch okeani) tashkil topgan. Bugungi kunda dunyoning 116 ta davlati akkreditatsiya idorasi tashkilotning toʻla huquqli aʼzolari hisoblanadi. Yaʼni, “ILAC MRA – “Sinovlarni oʻzaro tan olish bitimi”ga qoʻshilgan. Binobarin, mamlakatimizning bunday nufuzli tashkilotning toʻlaqonli aʼzosi boʻlishi yurtimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning yorqin samarasidir.
Ansabxon Zakirov,
“Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi” DUK direktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?