Oʻzbekiston — Malayziya: parlamentlararo hamkorlik yanada rivojlanadi

14:10 02 May 2023 Siyosat
380 0

2023-yil 28-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Malayziya parlamenti Vakillar palatasi Spikeri Joxari bin Abdul boshchiligidagi delegatsiya aʻzolari bilan uchrashdi.

Muloqot avvalida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, Bosh qomusga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar mazmun-mohiyati, ahamiyati haqida batafsil maʻlumotlar berildi.

Uchrashuvda soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, Prezidentimizning siyosiy irodasi va tashabbusi bilan davlat boshqaruvida parlamentning roli kuchaytirilayotgani, iqtisodiy-ijtimoiy yoʻnalishlarda jiddiy oʻzgarishlarga qoʻl urilayotgani qayd etildi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar zamirida “inson qadri uchun”, “xalq manfaati har narsadan ustun” degan gʻoya yotgani taʻkidlandi.

Shuningdek, Qonunchilik palatasi faoliyati, norma ijodkorligi, siyosiy partiyalar fraksiyalari va qoʻmita ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida soʻzlab berildi.

Oʻzaro ishonch ruhida kechgan uchrashuvda keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarning bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgani, mamlakatlarimiz oʻrtasida siyosiy va iqtisodiy sohadagi muloqotlarning faollashgani ijobiy baholandi.

Muloqotda parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, uni yangi mazmun bilan boyitish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashish, innovatsion texnologiyalar va turizm sohasidagi oʻzaro aloqalarni yanada jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Oʻz navbatida, Malayziya parlamenti Vakillar palatasi Spikeri J.Abdul samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil boʻlgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu yoʻnalishdagi muloqotlarni koʻpaytirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.

— Yangilanayotgan Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari mustahkamlab quyilayotgani, aholining xohish-irodasi, bergan takliflari aks etgani, fuqarolarning farovon yashashiga, davlatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladigan normalar kiritilgani eʻtirofga loyiq, — dedi J.Abdul. — Oʻylaymanki, oʻzbek xalqi demokratiyaning bir koʻrinishi boʻlgan referendumda oʻz javobini aytadi va yangilanayotgan Konstitutsiyaning normalarini qoʻllab-quvvatlaydiSamimiy va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda tomonlar parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib oldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?