Oʻzbekiston kriket federatsiyasi tomonidan jurnalistlar uchun matbuot anjumani boʻlib oʻtdi

19:17 12 Iyul 2022 Jamiyat
697 0

Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”

Bugun 2022-yil, 12-iyul kuni soat 12:00da Milliy matbuot markazida Xalqaro kriket kengashi (ICC)ning Osiyo mamlakatlarida kriketni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi, oliy toifali xalqaro ekspert, janob Iqbol Sikander va ICCning moliyalashtirish ishlari menejeri Nitesha Kotariy ishtirokida Oʻzbekistonda kriket sportini rivojlantirishning istiqbollari mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Matbuot anjumanida Xalqaro kriket federatsiyasi va Oʻzbekiston kriket federatsiyasi tomonidan kriketni rivojlantirishga amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha savol-javoblar boʻlib oʻtdi.

Matbuot anjumanida 2020-yili OʻKF raisi Aziz Mixliyev BAAning Dubay shahrida Xalqaro Kriket Kengashi (ICC) va Osiyo Kriket kengashi (ACC) rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazganligi va unda Oʻzbekiston kriket federatsiyasining Xalqaro va Osiyo kriket kengashi aʼzoligiga qabul qilinishi masalasi muhokama qilinganligi eslatib oʻtildi. Ushbu uchrashuvda ular mamlakatimizda kriket sport turining tezroq rivojlanish bosqichiga oʻtishiga xayrixoh ekanliklarini bildirishgan edi. Oʻzaro kelishuvga muvofiq, Xalqaro kriket kengashi (ICC)ning Osiyo mamlakatlarida kriketni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi, oliy toifali xalqaro eksport, janob Iqbol Sikander va ICCning moliyalashtirish ishlari menejeri Nitesha Kotariy Oʻzbekistonga tashrif buyurib, OʻKF faoliyati bilan yaqindan tanishishmoqda va xulosalarini xalqaro kengash rahbariyatiga taqdim etishni rejalashtirishgan.

Janob Iqbol Sikander soʻzlariga koʻra «Osiyo mamlakatlari boshqa davlatlarga qaraganda kriket sporti boʻyicha bilim darajasi keng rivojlanganligini koʻrishimiz mumkin. Bular musobaqalarning tashkil etilishi, oʻyinchilarining koʻpligi, xalqning kriketga boʻlgan qiziqishi kabi kategoriyalar boʻyicha Osiyo mamlakatlari boshqa mamlakatlardan ustun turadi. Bularga Hindiston Pokiston Bangladesh misol qilib keltiramiz. Oʻzbekistonga keladigan boʻlsak hozirgi kunda Oʻzbekiston kriket federatsiyasi tomonidan xalqaro kriket federatsiyasiga aʼzo boʻlish uchun topshirilgan barcha hujjatlar oʻrganilmoqda va shu oʻrganishlarning oxirgi bosqichi sifatida biz Oʻzbekistonga tashrif buyurib turibmiz. Biz bularni oʻrganib chiqyapmiz va xulosamizni topshiramiz. Shu vaqtgacha koʻrgan va eshitganlarimiz bizga yaxshi va qoniqarli taassurot qoldirmoqda.Bundan tashqari biz vazirliklar bilan uchrashuvlar amalga oshiryapmiz. Kriket federatsiyasi tomonidan tashkil qilingan mashgʻulot maydonchalari stadionlarni koʻramiz bular aʼzo boʻlishlikka juda katta qoʻshimcha boʻladi,” deb oʻz soʻzini yakunladi.

Qoʻshimcha maʼlumot uchun, Oʻzbekiston kriket federasiyasi 2019-yilda tashkil etilgan boʻlib, oʻsha yilning 29-noyabrida federatsiya Adliya vazirligi roʻyxatidan oʻtkazildi . Hozirgacha 6 ta 13 yoshgacha, 4 ta 19 yoshgacha , 4 ta kattalardan iborat hamda 1 ta xotin - qizlar jamoalari tashkil etilgan. Bundan tashqari , Oʻzbekistonda istiqomat qilib, turli sohalarda mehnat qilayotgan chet ellik mutaxassislardan iborat 2 ta jamoa ham shakllangan. Respublikamizning Toshkent shahri , Qashqadaryo, Fargʻona , Samarqand, Toshkent, Surxondaryo Buxoro va Xorazm singari viloyatlarida ham jamoalar mavjud . Oʻtgan davr davomida yigʻilgan jamoalar oʻrtasida kriket boʻyicha musobaqalar rejaga koʻra muntazam oʻtkazilmoqda.

«Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, tez orada Oʻzbekiston kriket federasiyasi ham ICCning toʻlaqonli aʼzosi boʻlib, roʻyxatdan oʻtadi. Darhaqiqat, kriket bugun yoshlar qalbidan asta sekin joy olmoqda. Umid qilamizki, mazkur sport turi yanada ommalashib, yurtimizdan jahon chempionlari chiqadi,” deb OʻKF raisi Aziz Mixliyev matbuot anjumani yakunlandi, jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. 

“Xalq soʻzi”,
Foto: Yunus Boʻriyev
/ “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?