Oʻzbekiston Konstitutsiyasi va odil sudlov huquqi

11:09 02 Dekabr 2022 Siyosat
554 0

Soʻnggi yillarda keng qamrovli demokratik islohotlar natijasida jadal rivojlanayotgan Yangi Oʻzbekistonning xalqaro obroʻsi va nufuzi yuksalib bormoqda. Har bir sohada adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash, inson qadrini yuksaltirish, uning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sud tizimida odillik va shaffoflik mezonlarini yanada mustahkamlash – amalga oshirilayotgan islohotlardan koʻzlangan eng asosiy maqsadlardan sanaladi. Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, “Mustaqil va kuchli sud hokimiyati inson huquqlari, demokratiya va qonuniylikni qaror toptirishning asosiy shartidir”.

Mustaqil sud hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslari

Istiqlolning dastlabki yillaridanoq demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan mamlakatimizda hokimiyatlar boʻlinishi va mustaqil sud hokimiyatining vujudga kelishi eng ulkan qadamlardan boʻldi. 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 11-moddasida belgilanganidek, “Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga boʻlinishi prinsipiga asoslanadi”.

Konstitutsiyaning alohida bir bobi bevosita sud tizimiga bagʻishlangan. Ushbu XXII bob “Oʻzbekiston Respublikasining sud hokimiyati” deb nomlanadi va 11 ta (106-116-moddalar) moddani oʻzida qamraydi.

Konstitutsiyaning 112-moddasiga koʻra: “Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga boʻysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi. Sudyalarning daxlsizligi qonun bilan kafolatlanadi”.

Mamlakatimizda sud hokimiyati va sudyalar mustaqilligining huquqiy-tashkiliy asoslari yaratilgan. Xususan, “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunning 9-moddasi “Sudyalarning mustaqilligi” deb nomlangan.

Eng muhimi, Oʻzbekiston Konstitutsiyasida “Inson va uning qadr-qimmati” degan ulugʻ tushuncha – huquqiy qadriyat markaziy oʻringa qoʻyilgan. Bosh qomusimiz Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro hujjatlar talablariga toʻla mos holda, insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlarini kafolatlab berdi.

“Sudlarni adolat qoʻrgʻoniga aylantiraylik”

Mustaqillik yillarida yurtimizda sud tizimini liberallashtirish va insonparvarlashtirishga qaratilgan tub islohotlar, oʻlim jazosini bekor qilish, sud hokimiyatining mustaqilligini taʼminlash, “xabeas korpus” institutini joriy qilish, advokatura rolini oshirish sohalarida muhim qadamlar qoʻyildi. Ayniqsa, Prezident Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi va Taraqqiyot strategiyasi doirasida ayni yoʻnalishda ulkan tarixiy natijalarga erishildi.

Bu haqda soʻz borganda, davlat rahbarining 2017-yil 13-iyunda mamlakatimiz sudyalari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvi – tarixda ilk bor Oʻzbekiston Prezidentmning mamlakat sudyalari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvini alohida taʼkidlash lozim. Zero, aynan ushbu uchrashuvda yurtimizning 1 ming 300 nafar sudyasi oldiga “Sudlarni adolat qoʻrgʻoniga aylantiraylik”, degan talab qoʻyildi.

Prezidentimiz “Sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik boʻlishi kerak!”, degan gʻoyani ham xuddi shu muloqot asnosida ilgari surdi. Binobarin, ushbu chorlov ulugʻ ajdodimiz Amir Temur tomonidan Oqsaroyida muhrlangan “Adolat – davlatning asosi va hukmdorlar shiori!”, degan shiorning nafaqat hamohang, ayni chogʻda, yanada chuqur mazmundagi ifodasidir.

Davlatimiz rahbari tomonidan sud idorasiga ishi tushgan har bir shaxs ushbu dargohda qonun va adolat ustuvor ekaniga ishonch hosil qilishi lozim, degan haqli talab kun tartibiga qoʻyildi. Buning uchun har qanday bahsli masalaga adolatli yechim faqat odil sud tomonidan topilishi kerak.

Sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanishi, ularning xavotirsiz ishlashlari uchun barcha zarur sharoit yaratilishi darkor. Sud tizimidagi islohotlar davom ettirilishi borasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar sudyalar hamjamiyati uchun dasturilamal boʻlishi shart.

Shu negizda Oʻzbekiston sud tizimida shiddatli oʻzgarishlar boshlanib ketdi. Avvalambor, soʻnggi yillarda sudlarning shaffofligi va ochiqligini taʼminlash yoʻlida muhim qadamlar qoʻyildi.

Sud va sudyalar faoliyatining turli sohalarida yechimini kutayotgan bir qator muammolar bor. Bu muammolar soha ekspertlari tomonidan oʻrganildi va ularni hal etish boʻyicha muayyan amaliy takliflar ishlab chiqildi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “adolat va qonun ustuvorligi – xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini taʼminlashning eng asosiy va zarur shartidir. Oʻtgan davrda Oʻzbekistonda bu borada katta ishlar amalga oshirildi. Ayni vaqtda odil sudlov tizimining chinakam mustaqilligi va ochiqligini taʼminlash, huquq-tartibot organlari faoliyatini takomillashtirish, advokatura institutini kuchaytirish, ushbu sohalar faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha oldimizda koʻpgina vazifalar turibdi”.

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi va odil sudlovga erishish istiqbollari

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi Harakatlar strategiyasining uzviy davomidir. Unda bugungi global oʻzgarishlar, aholi turmush tarzi, hayot talabi va qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda yettita ustuvor yoʻnalishdagi maqsad va vazifalar belgilangan.

Taraqqiyot strategiyasidagi har bir vazifa va maqsad 2021-yilda boʻlib oʻtgan Prezident saylovi jarayonlarida bevosita fuqarolarimiz ishtirokida muhokamadan oʻtkazilib, hayotiy taklif va tashabbuslar bilan toʻldirilgan, boshqacha aytganda, xalqimiz bilan bamaslahat ishlab chiqilgan. Shu maʼnoda, islohotlarni yangi bosqichda davom ettirish, avvalo, xalqimizning xohish-irodasidir.

Taraqqiyot strategiyasi 100 ta ustuvor maqsadni oʻzida mujassam etgan boʻlsa, shundan sud islohotlari bilan bogʻliq bandlar bevosita ikkinchi yoʻnalish doirasida belgilangan. Bu ustuvor yoʻnalish “Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish” deb nomlangan.

Xususan, “Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini oʻrnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish” nomli 15-maqsadga erishish uchun:

·maʼmuriy sudlarda mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqish tizimini takomillashtirish orqali sud nazoratini qoʻllash sohasini kengaytirish;

·“Xabeas korpus” institutini yanada rivojlantirish orqali tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish;

·sud protsessida tomonlarning haqiqiy tenglik va tortishuv tamoyillarini roʻyobga chiqarish;

·sudlar tizimida “yagona darcha” tamoyilini keng joriy etish maqsadida arizalarni sudga taalluqliligidan qatʼiy nazar qabul qilish va vakolatli sudga yuborish hamda muayyan ish doirasida barcha huquqiy oqibatlarni hal qilishni taʼminlash tizimini joriy etish;

·sud tizimini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, byurokratik gʻov va toʻsiqlarni bartaraf etish orqali fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini tubdan oshirish;

·nizolarni hal etishning muqobil usullaridan keng foydalanish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, yarashuv institutini qoʻllash doirasini yanada kengaytirish;

·sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlashda sudyalar hamjamiyati organlarining rolini yanada oshirish, sudyalarning oʻzini oʻzi boshqarish tamoyilini keng joriy etish hamda sudyalarga gʻayriqonuniy tarzda taʼsir oʻtkazishning oldini olish boʻyicha taʼsirchan mexanizmlarni yaratish;

·sudyalar korpusini shakllantirishda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, sud tizimidagi rahbarlik lavozimlariga tayinlashda saylanish va hisobdorlik kabi demokratik tamoyillarni joriy etish;

·Sud tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish ishlarini olib borish singari muhim vazifalar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Taraqqiyot strategiyasi maqsadlarini roʻyobga chiqarish uchun 2022-yil – “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirilishi koʻzda tutilgan jami 398 ta chora-tadbir va ularni bajarish muddatlari Davlat dasturida aniq qilib belgilab qoʻyilgan.

Davlat dasturida Oʻzbekiston Resublikasi Oliy sudiga yuklatilgan jami 9 ta banddagi chora-tadbirlar ijrosini oʻz vaqtida, toʻlaqonli, puxta va samarali taʼminlash alohida diqqat markazida turibdi.

Ushbu vazifalar hayotimizga chuqur tatbiq etilishi natijasida mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligini taʼminlashga xizmat qiladigan “Yangi Oʻzbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” gʻoyasi amalga oshadi. Jumladan, bunda sud tizimining roli va masʼuliyati yanada kuchayadi.

Sud va fuqarolik jamiyati

Bu oʻrinda dastlab sudyalarning oʻzini oʻzi boshqarishiga taalluqli muammolarga toʻxtalish lozim, deb oʻylayman. Yanada aniq qilib aytganda, “Sudyalar hamjamiyati toʻgʻrisida”gi qonunni ishlab chiqish lozim, degan fikrdaman.

Bunday yangi qonun asosida sudyalarning oʻzini oʻzi boshqarish tartibi va shakllari joriy qilish mumkin boʻladi. Qonunda, jumladan, Sudyalar syezdi, konferensiyasi, kengashi, umumiy yigʻilishi, malaka hayʼati haqidagi normalar oʻz aksini topadi.

Maʼlumki, 1997-yilda tashkil etilgan Oʻzbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi joriy yilda tashkil topganining 25 yilligi nishonlamoqda. Ushbu NNT sudyalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, sud hokimiyatining nufuzini oshirishda muhim oʻringa ega. Oʻtgan davrda Assotsiatsiya sud hokimiyatini mustahkamlashga munosib hissa qoʻsha oladigan mustaqil jamoat tashkiloti sifatida shakllandi.

Eng asosiysi, mamlakatimiz sud-huquq tizimida Prezident Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan tarixiy islohotlarni amalga oshirish, odil sudlov sifati va samaradorligini taʼminlash, malakali sudyalar korpusini shakllantirish, sud hokimiyatining nufuzini yuksaltirish, bir soʻz bilan aytganda, sudlarni tom maʼnoda “Adolat qoʻrgʻoni”ga aylantirishda oʻz safida mingdan ortiq aʼzoni jamlagan Oʻzbekiston Sudyalari assotsiatsiyasining ham munosib oʻrni bor.

Yaqinda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Sudyalari assotsiatsiyasining VI syezdida Assotsiatsiya raisligiga koʻp yillar davomida shu lavozimda faoliyat yuritib kelayotgan Ubaydulla Mingboyev nomzodi maʼqullandi. Syezdning 16 nafar delegati Assotsiatsiya Markaziy kengashiga aʼzo, yana 3 nafar nomzod Taftish komissiyasi aʼzosi boʻldilar. Ushbu yangilangan rahbariy tarkib Oʻzbekiston Sudyalari assotsiatsiyasining rivojlanish strategiyasini tayyorlash masalasini koʻrib chiqish kerak, degan fikrdamiz.

Shuningdek, Oʻzbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi kelgusi yil 70-yilligini nishonlaydigan Sudyalarning xalqaro assotsiatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirishi zarur. Bularning barchasi, oʻz navbatida, Assotsiatsiyaning “Inson qadri uchun” gʻoyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirishga koʻmaklashishi hamda sudyalar faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga yoʻnaltirishi uchun yanada keng yoʻl ochadi.

Binobarin, sudyalarni vatanparvar, adolatni chuqur his etadigan va unga oʻz faoliyatida doimo qatʼiy amal qiladigan ruhda tarbiyalash, ularning bilimi va kasbiy mahoratini muntazam ravishda oshirib borishni tashkillashtirish nihoyatda dolzarb masaladir. Buni ng uchun, jumladan, sudyalar hamjamiyati organlarining sud tizimini takomillashtirish borasidagi harakatlarini izchil uygʻunlashtirish va yagona maqsadga yoʻnaltirish, aholi oʻrtasida sud hokimiyatining nufuzi va obroʻ-eʼtiborini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni muntazam ravishda tashkil etish taqozo etiladi.

Navbatdagi muammo – sudyalarning oʻrtacha ish hajmi ortib ketganiga borib taqaladi. Bu muammoni hal qilish uchun sudyalar sonini bosqichma-bosqich oshirib borish tavsiya etilmoqda.

Xorijiy mamlakatlar tajribasi bunday yechim asosli ekanini koʻrsatmoqda. Xususan, ayni vaqtda 100 ming aholiga sudyalar soni Germaniyada – 24 nafar, Rossiyada – 18 nafar, Qozogʻistonda – 16 nafar, Qrgʻizistonda – 7,3 nafar, Tojikistonda esa 5 nafarni tashkil etadi. Oʻzbekistonda bu koʻratkich 3,7 nafardan iborat, xolos.

Qolaversa, mamlakatimizda sud faoliyatini raqamli texnologiyalar yordamida onlayn tahlil qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyilmagan. Bu muammoga yaqin yillarda Oliy sud binosida Vaziyatli markaz yaratish yoʻli bilan maqbul yechim topish mumkin.

Hozirga qadar yurtimizda sud-huquq yoʻnalishi boʻyicha ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari vakillari yetishmaydi. Yuridik jurnalistika davr talablari darajasida rivojlanmagan. Shuning uchun Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida sud-huquq yoʻnalishi boʻyicha maxsus kafedra hamda Toshkent davlat yuridik universitetida Odil sudlov kafedrasi tashkil etish muhim ahamiyatga ega.

Bunday kafedraning faoliyati yoʻlga qoʻyilgach, ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga doir maʼlumotlarni aholiga malakali tarzda yetkazish imkoniyati tugʻiladi. Shu bilan birga, jurnalistlarning ushbu sohadagi koʻnikmasini oshirishga yoʻl ochiladi.

Odil sudlov va xalqaro huquq

Mamlakatimizda odil sudlovni amalga oshirishga qaratilgan xalqaro huquq normalarini bajarish masalasi alohida eʼtiborda turibdi. Soʻnggi yillarda bu borada:

birinchidan, yurtimizda Biznes-Ombudsman va Bolalar Ombudsmani tashkil etildi. Biznes-ombudsmanga iqtisodiy ishlar boʻyicha shuningdek, maʼmuriy ishlar boʻyicha birinchi instansiya sudining tadbirkorlar faoliyati bilan bogʻliq qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati taqdim qilish huquqi berildi. Endilikda kassatsiya shikoyati apellyatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilinganidan keyin 1 yil ichida berilishi mumkin;

ikkinchidan, sud hokimiyatini demokratlashtirish, barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolat tamoyillarini hayotga tatbiq etish, sud hokimiyatining mustaqilligini, aholining odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirish, “Xabeas korpus” institutini kengaytirish, sud tizimini mustahkamlash, shuningdek, tergov jarayonida sud nazoratini kuchaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar koʻrildi;

uchinchidan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, nizolarni sudgacha hal etish, taraflarni yarashtirishda advokatlarning vakolatlari sezilarli darajada kengaydi. Sud ishlarining adolatliligi, ochiqligi va oshkoraligini taʼminlash uchun “elektron adolat” tizimi joriy etildi;

toʻrtinchidan, jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish tizimi yaratildi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini tuzishga yoʻl ochildi, sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari va chora-tadbirlari belgilandi. Bugungi kunda tintuv, voqea joyida olingan koʻrsatmalarni tekshirish, tergov eksperimenti kabi protsessual harakatlarni videotasvirga olish orqali majburiy qayd etish talablari qonun bilan mustahkamlangan;

beshinchidan, maʼmuriy, jinoiy, jinoiy-protsessual, jinoiy-ijroiya, fuqarolik va iqtisodiy qonunchilik takomillashtirilmoqda. Jamoat birlashmalari kafolati ostida shaxslarni afv etish va jazodan ozod qilishning mutlaqo yangi tizimi joriy etildi. “Jasliq” ixtisoslashtirilgan koloniyasining yopilishi muhim voqea boʻldi;

oltinchidan, fuqarolarimiz huquqlari va manfaatlarini, qayerda boʻlishlaridan qatʼi nazar, himoya qilish va ularning Oʻzbekistonga qaytishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Misol sifatida Yaqin Sharq va Afgʻonistondagi qurolli mojarolar hududlaridan 541 nafar fuqaro, asosan, ayollar va bolalarning Vatanimizga qaytarib keltirilganini aytish mumkin.

Konstitutsiyaviy islohot va sud tizimi

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilgan keng koʻlamli va izchil demokratik islohotlar natijasida Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning mustahkam siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-maʼrifiy va maʼnaviy-madaniy asoslari yaratildi.

Kundalik hayotimizda “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “soʻz erkinligi”, “din va eʼtiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” kabi fundamental demokratik tushunchalar va qadriyatlar real voqelikka aylandi. Jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi shiddat bilan oʻzgarmoqda.

“Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini soʻzsiz taʼminlash hamda kuchli faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlar davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilandi.

Dastlab Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi” doirasida Konstitutsiyamiz normalari yanada takomillashtirildi.

Oʻz navbatida, davlatimiz rahbari ilgari surgan “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ni amalga oshirish asnosida izchil konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy islohotning bosh gʻoyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev, asosiy tashabbuskori esa mamlakatimiz aholisining keng qatlamidir.

Bularning barchasi bejiz emas. Chunki zamonaviy globallashuv sharoitida butun dunyo mamlakatlari jadal tarzda konstitutsiyaviy rivojlanishning oʻz modelini izlamoqda. Shu bilan birga, Konstitutsiya davlatning siyosiy va ijtimoiy barqarorligini taʼminlashning asosiy omillaridan biri boʻlib qolmoqda. Bunda konstitutsiyaviy tamoyillar:

birinchidan, insonning asosiy huquq va erkinliklarini kengaytirish (shaxs konstitutsiyasi);

ikkinchidan, “jamoat huquqlari”, “umumjamiyat huquqlar”ning himoyasini mustahkamlash, yaʼni fuqarolik jamiyati institutlarini muvofiqlashtirish, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish (jamiyat konstitutsiyasi);

uchinchidan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimini tashkillashtirish, bevosita demokratiya shakllari bilan uygʻunlashgan vakillik demokratiyasini (saylov, referendum, umumxalq muhokama) takomillashtirish, hokimiyat vakolatlarini boʻlish, jumladan, qonunchilik va ijroiya hokimiyati oʻrtasidagi oʻzaro nazorat va muvozanatni saqlash hamda sud organlari mustaqilligi tamoyilini qoʻllash, mansabdor shaxslarning masʼuliyati va hisobdorligini yanada oshirish (davlat konstitutsiyasi) mezzonlarini koʻzda tutadi.

Konstitutsiyaviy islohot hozirgi va kelajak barqaror rivojlanishning zarur yuridik zaminidir. Xususan, u hokimiyat tarmoqlari oʻrtasida oʻzaro nazorat va muvozanatni saqlash tizimini mustahkamlashga, hisobdorlik, shaffoflik, ishtirok va kelajakni koʻra bilishni oshirishga koʻmaklashuvchi konstitutsiyaviy “qoidalar”ni oʻzgartirish yoʻli bilan “samarali boshqaruvning” hayotiy ahamiyatga ega instrumenti boʻlishi mumkin.

Boshqaruvning sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan oʻzgarishlar siyosiy tizim barqarorligiga imkon beradi. Bu, oʻz navbatida, iqtisodiyot uchun foydali boʻlib, investitsiya va taraqqiyot uchun barqaror zamin yaratadi.

Dunyodagi konstitutsiyaviy oʻzgarishlarni oʻrganish oʻziga xos jihatni — davlat Bosh qonunini zamon talablariga moslashtirish, uning vujudga kelayotgan daʼvatlarga javob berish qobiliyatini oshirish zaruratini namoyon qilmoqda. Jahon zamonaviy konstitutsiyaviy rivojlanishining ustuvor tendensiyalari quyidagilarga jamlanmoqda:

·konstitutsiyaviy islohotlarning tizimliligi. Ular siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va gumanitar sohalar, shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlar bilan modernizatsiya jarayonlarining oʻzaro bogʻliqligi va oʻzaro shartlanganligi;

·konstitutsiyaviy tartibga solishning kengayishi, davlat hokimiyati mexanizmini isloh qilish va boshqaruv shaklini oʻzgartirish;

·konstitutsiyaviy koʻlam sohasini rivojlantirish, huquqiy suverenitetni mustahkamlash va davlat konstitutsiyaviy oʻziga xosligini belgilash;

·inson huquq va erkinliklarining sud himoyasini oshirish, konstitutsiyaviy odil sudlov vakolatini kengaytirish, fuqarolarga Konstitutsiyaviy sudga bevosita murojaat qilish huquqini berish;

·konstitutsiyaviy huquq ijodkorligining globallashuvi, dunyo davlatlari konstitutsiyalarida xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyil va normalarini aks ettirish;

·davlat va jamiyatning konstitutsiyaviy rivojlanishini ekologiyalashtirish, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish prinsipini amalga oshirish;

·raqamli huquqlarni mustahkamlash va rivojlantirish, axborot jamiyatini institutlashtirish, kiberxavfsizlikni huquqiy jihatdan tartibga solish.

Eʼtibor berilsa, ushbu tendensiyalarning barchasi, shubhasiz, mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari bilan uygʻundir. Eng muhimi, Yangi Oʻzbekistonda sud tizimi mustaqilligining yangicha konstitutsiyaviy asoslari shu kabi ilgʻor omillarga tayanadi.

Akmal SAIDOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер