Oʻzbekiston xalqiga Halqlar doʻstligi kuni munosabati bilan bayram tabrigi

23:42 30 Iyul 2021 Siyosat
1282 0

Muhtaram vatandoshlar!

Qadrli doʻstlar!

Siz, azizlarni, butun Oʻzbekiston xalqini mamlakatimizda birinchi bor nishonlanayotgan bayram – Xalqlar doʻstligi kuni bilan chin qalbimdan, samimiy muborakbod etib, barchangizga oʻzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Maʼlumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining qaroriga muvofiq, 30-iyul – butun dunyoda Xalqaro doʻstlik kuni sifatida nishonlanib keladi. Oʻzbekistonda shu yil 10-fevralda qabul qilingan qonunga asosan ushbu sana Xalqlar doʻstligi kuni deb belgilandi. Bu bayramning taʼsis etilishi butun respublikamiz aholisining ayni koʻnglidagi ish boʻldi.

Bizning qadimiy va qutlugʻ zaminimiz koʻp asrlar davomida Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashib, turli sivilizatsiya va madaniyatlar oʻzaro munosabatga kirishgan, nafaqat savdo, balki gumanitar aloqalar amalga oshirilgan markaz boʻlib kelgan. Bu yerda yonma-yon yashagan turli xalqlar, madaniyat va dinlar vakillarining aynan doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari mintaqamizning madaniy rivoji uchun qudratli omil boʻlgan.

Chindan ham, bizning ajdodlarimiz ogʻir zamonlarda avvalambor koʻpmillatli xalqimizning birligi va jipsligi, fidoyiligi, insonparvarligi va bagʻrikengligiga tayanib, barcha sinov va mashaqqatlarni yengib oʻtgan.

Oʻzbekiston – ulkan imkoniyat va resurslarga ega boʻlgan mamlakat. Lekin bizning eng katta boyligimiz – turli millat va konfessiyalar vakillari oʻrtasidagi tinchlik va barqarorlik, oʻzaro hurmat va hamjihatlikdir.

Biz bunday bebaho boylik bilan haqli ravishda faxrlanamiz hamda davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini mamlakatimizdagi doʻstlik va ahillik muhitini mustahkamlashga yoʻnaltiramiz.

Mustaqil Oʻzbekistonda millatlar va konfessiyalararo totuvlik va oʻzaro bir-birini tushunish, yosh avlodni bagʻrikenglik, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda Oʻzbekiston Respublikasining barcha fuqarolari, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani muhrlab qoʻyilgan. Ularga oʻz madaniyati, anʼana va urf-odatlarini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Keyingi yillarda ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar oʻzining sifati va maʼno-mazmuniga koʻra yangi, yana-da yuksak bosqichga koʻtarildi.

Bugun biz oʻz oldimizga Yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek buyuk maqsadni qoʻydik. Hech shubhasiz, bu borada jamiyatimizda qaror topgan doʻstlik va birdamlik muhiti mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni saqlash va mustahkamlash, islohot va yangilanishlar yoʻlidan izchil ilgarilab borish, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini oshirishning mustahkam asosidir.

Hurmatli doʻstlar!

Sizlarga maʼlumki, biz Millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasini qabul qildik. Bu hujjat ushbu yoʻnalishdagi izchil ishlarimizning samaradorligini oshirishning muhim huquqiy poydevoriga aylandi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari yagona va ahil oila boʻlib yashayotgani barchamizni quvontiradi. Ular barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilib, jonajon Oʻzbekistonimizning ravnaqi va gullab-yashnashiga munosib hissa qoʻshmoqdalar.

Yurtimizda 16 ta konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar oʻz faoliyatini erkin amalga oshirmoqda. Mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni yana-da uygʻunlashtirishda 150 ta milliy madaniy markaz katta rol oʻynamoqda. Ularning koʻp qirrali faoliyati har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda. Xususan, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi ushbu maqsadlar uchun zarur mablagʻlarni yoʻnaltirmoqda, turli subsidiya va grantlar ajratilmoqda.

Toshkentda Doʻstlik bogʻi tashkil etilmoqda. Poytaxtimiz va hududlarimizda barpo etilgan Doʻstlik uylari fuqarolarimizni oʻz bagʻriga chorlaydigan markazlarga aylanmoqda.

Davlat taʼlim muassasalarida oʻquv ishlari 7 tilda olib borilmoqda, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi oʻz koʻrsatuv va eshittirishlarini 12 tilda berib bormoqda.

Biz soʻnggi yillarda chet ellarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarni kuchaytirishga alohida ahamiyat bermoqdamiz. Ushbu yoʻnalishda chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilmoqda.

Biz barchamiz mamlakatimizda yashab, Vatanimiz taraqqiyoti yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan turli millat va elat vakillari, jumladan, milliy madaniy markazlarning rahbarlari va faollarini yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.

Bu haqda soʻz yuritganda, Viktor Pak, Margarita Filonovich, Galina Melnikova, Vladimir Boyko, Viktoriya Akilova, Rahmatulla Jabborov, Rishat Nabiullin, Gulandom Subhonova, Hanifa Solihova, Umrizoq Quvvatov, Serikbay Usenov, Kaykep Aliyeva, Temur Kapadze kabi yosh avlodimizga oʻrnak boʻlib kelayotgan taniqli jamoat arboblarining nomlarini alohida tilga olishni istardim.

Qutlugʻ bayram – Xalqlar doʻstligi kuni arafasida turli millatga mansub fuqarolarimiz yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Fursatdan foydalanib, ularni chin dildan tabriklab, barchasiga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Muhtaram vatandoshlar!

Bugungi murakkab zamonda dunyoning turli mintaqalarida millatlar va konfessiyalar oʻrtasida keskinlik kuchayib bormoqda. Bunday tahlikali sharoitda biz birinchi navbatda jamiyatimizdagi tinchlik, barqarorlik va fuqarolararo totuvlikni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylashimiz, farzandlarimizni koʻpmillatli xalqimizning yuksak maʼnaviy-axloqiy qadriyatlari ruhida tarbiyalashimiz zarur.

Hurmatli doʻstlar, barchangizni yana bir bor Xalqlar doʻstligi kuni bilan tabriklayman.

Ishonchim komilki, ushbu bayram yurtdoshlarimiz qalbida mustahkam oʻrin egallaydi va hayotimizda ezgu anʼanaga aylanadi.

Barchangizga sihat-salomatlik, yutuq va omad, oilalaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.

Goʻzal va betakror yurtimizda doimo tinchlik va osoyishtalik hukm sursin, koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqiga baxtu saodat yor boʻlsin!

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?