Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida ham endi jurnalistlar tayyorlanadi

17:44 27 Iyun 2022 Jamiyat
583 0

Foto: Xalq so‘zi

Bu haqda oliy taʼlim muassasasida “27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan oʻtkazilgan bayram tadbiri maʼlumot berildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov, OAV xodimlari hamda akademiya oʻqituvchi va xodimlari ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar soʻnggi yillarda yurtimizda soʻz erkinligiga boʻlgan eʼtibor yangi darajaga koʻtarilganini qayd etishdi. OAV demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, dunyoda va mamlakatimizda sodir boʻlayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy maʼlumotlar yetkazish, yangi Oʻzbekistonning demokratik qiyofasini shakllantirishda muhim rol oʻynayotganini taʼkidlashdi.

Tadbirda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi oʻrtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Taʼkidlash joizki, 2022/2023 oʻquv yilida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida ilk bor bakalavriatning kunduzgi hamda sirtqi taʼlim shakllariga «Jurnalistika (xalqaro jurnalistika)” hamda magistratura bosqichining «Jurnalistika (internet jurnalistika)” yoʻnalishiga abituriyentlar qabuli eʼlon qilindi. Shuning oʻzi ham bugungi kunda mazkur soha vakillariga boʻlgan ehtiyoj tobora ortib borayotganini koʻrsatadi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida boʻlajak jurnalist kadrlarga taʼlim berishda Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi amaliy yordam berishga tayyor ekanini maʼlum qildi.

Tadbirda yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar hamda yosh avlodning barkamol voyaga yetishi, xalqaro standartlar asosida taʼlim olishi, ilm-fan, kasb-hunar choʻqqilarini egallashi hamda xalqimiz maʼnaviy-maʼrifiy yuksalishi borasidagi yangilanishlarni keng jamoatchilikka samarali yetkazishda akademiya bilan faol hamkorlik qilib kelgan bir guruh OAV xodimlari bayram munosabati bilan taqdirlandi. Ularga tashakkurnomalar va esdalik sovgʻalari berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер