Oʻzbekiston hunarmandlari Amerikadagi eng yirik xalq ijodiyoti anjumanida ishtirok etmoqda

17:26 09 Iyul 2021 Madaniyat
1029 0

Oʻzbekistonlik bir guruh hunarmandlar 7-18-iyul kunlari Santa-Fe (Nyu-Mexiko) shahrida oʻtkazilayotgan “Xalqaro xalq amaliy sanʼati bozori” festivalida ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Mamlakatimizning Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi elchixonasidan maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston vakillari dunyoning 60 mamlakatidan kelgan 150 nafardan ortiq hunarmandni birlashtirgan ushbu yarmarkada muntazam ishtirok etib keladi. Festival davomida qariyb 3 million dollarlik xalq amaliy sanʼati mahsulotlari xarid qilinadi. Bu borada Oʻzbekiston vakillari har yili yetakchi boʻlib, ular festival chogʻida 250-500 ming dollargacha oʻz mahsulotlarni sotishadi.

Bu yilgi festivalda eng katta delegatsiyalardan biri oʻzbekistonlik hunarmandlar guruhi boʻldi. Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida 20 dan ortiq hunarmand, jumladan, mashhur toʻquvchilar Gulnora Odilova, Fathullo Kenjayev rahbarligidagi gilam ustalari va boshqalar joy olgan.

Hunarmandlarimiz festivalning 6 ta stendida anʼanaviy sanʼat namunalarini, xususan, Buxoro, Samarqand va boshqa shaharlarimizning dunyoga mashhur sanʼat maktablari vakillari tomonidan toʻqilgan ipak va jun gilamlar, anʼanaviy matolardan tayyorlangan kiyim-kechak va boshqa mahsulotlarni namoyish etishmoqda.

Tashkilotchilar va festival mehmonlari Oʻzbekiston amaliy sanʼatining oʻziga xos chiroyi, nafisligi va rang-barangligini yuksak baholashayapti. Oʻzbek hunarmandlari tomonidan yaratilgan mahsulotlar xalq ijodiyoti muxlislari oʻrtasida ham katta qiziqishga sabab boʻlmoqda. Oʻzbek ustalari yaratgan buyum va asarlar Oʻzbekistonning boy tarixini oʻzida mujassam etgan, shuningdek, yurtimizning koʻhnaligi va zamonaviyligini oʻzida uygʻunlashtirgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?