Oʻzbekiston hukumati bugun xorijiy investor va tadbirkorlarga juda katta yordam bermoqda - Li Xiangrun

16:54 02 Avgust 2022 Jamiyat
295 0

Foto: Xalq so‘zi

Investitsiyalar har qanday mamlakat taraqqiyotining muhim omili sanaladi. Yurtimizda ham keyingi yillarda investitsion muhitni yanada yaxshilash, sarmoyadorlar uchun qulay shart-sharoitlar hamda zarur imtiyoz va yengilliklar berishga alohida ahamiyat qaratilmoqdaki, bu iqtisodiyotimiz barqarorligida mustahkam asos boʻlmoqda.

Birgina Samarqand viloyatida 2022-yilda jami qiymati 11,1 trillion soʻmlik 786 ta investitsiya loyihasini ishga tushirish hisobiga 20 mingga yaqin ish oʻrinlari yaratish rejalashtirilgan. Joriy yil birinchi yarmida 128,9 million dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va xorijiy kredit mablagʻlari hisobidan 48 ta loyiha amalga oshirildi. Natijada viloyatda xorijiy investitsiya mablagʻlarini jalb etish evaziga yangi korxonalar tashkil etilib, import oʻrnini bosuvchi, eksportga moʻljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi hamda hududning eksport salohiyati oshib bormoqda. Masalan, shu yilning yanvar-iyun oylarida 410 ta korxona tomonidan 49 ta mamlakatga 274,9 million dollar miqdoridagi mahsulotlar eksport qilingan

Eksport faoliyatiga oʻtgan davr mobaynida 115 ta yangi korxona jalb qilinib, ular tomonidan 20,5 million dollarlik mahsulotlar Rossiya, Qozogʻiston, AQSH, Xitoy, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlarga yuborilgan.

Samarqand shahrida xitoylik investorlar bilan hamkorlikda metall profil va quvurlar hamda rux va polimer qoplamali tunuka mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Azia Metall Prof” masʼuliyati cheklangan jamiyati ham oʻz faoliyatini bir nechta bosqichda amalga oshirib kelmoqda.

— Rux va polimer qoplamali tunuka mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonamizda bugungi kunda 200 dan ortiq ish oʻrinlari yaratilgan va mahsulotlarimizning deyarli teng yarmi tashqi bozorga chiqariladi, —  deydi korxona direktori Zarshed Ibodov. — Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Polsha, Gruziya, Ozarbayjon davlatlariga oʻtgan olti oy davomida ishlab chiqarilgan 60 ming tonnadan ziyod mahsulotning 22 ming tonnasi eksport qilindi. Kelgusidagi maqsadimiz xom ashyodan tayyor mahsulotgacha ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyib, Samarqandda tunuka va metall mahsulotlari ishlab chiqarish klasterini tashkil etishdan iborat. 2023-yilning oxiriga qadar qoʻshimcha yangi liniyalarni ishga tushirish hisobiga zavodning ishlab chiqarish quvvati 120 mingdan 350 ming tonnagacha oshiriladi.

Ahamiyatli tomoni shundaki, korxonada mahalliy mutaxassis va ishchilar bilan birga yuz nafarga yaqin xitoylik mutaxassislar ham mehnat qilishyapti.

Li Xiangrun korxona taʼsischilaridan biri. U 2018-yildan buyon Oʻzbekistonda yashab, mehnat qilib keladi. Ushbu ishlab chiqarish quvvatini tashkil etish va samarali faoliyatida uning hissasi katta. Li Xiangrun mamlakatimizda investor va tadbirkorlar uchun yaratib berilayotgan qulay imkoniyatlardan mamnun.

Darvoqe, 30-iyul Xalqlar doʻstligi kuni munosabati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga binoan yuksak mukofotlarga sazovor boʻlganlar orasida u ham bor. Li Xiangrun “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi.

—  2018-yildan buyon hayotim Oʻzbekiston bilan bogʻliq. Biz investitsion loyihamiz asosida turli hajm va oʻlchamdagi metall-profil mahsulotlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik. Maqsadimiz ushbu loyihalarni yuqori darajaga olib chiqishdir, — deydi “Doʻstlik” ordeni sohibasi, “Azia Metall Prof” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi Li Xiangrun. —  Meni quvontirgan jihat shundaki, Oʻzbekiston hukumati bugun xorijiy investor va tadbirkorlarga juda katta yordam bermoqda. Biz buni oʻz faoliyatimiz misolida koʻryapmiz. Muhimi, biz bu yerda xavfsiz va ishonchli mehnat qilyapmiz. Hukumat ham bizga turli masalalarda — infratuzilma boʻladimi, bojxona masalasidami - katta yordam berayotir. Oʻzbekiston xalqi juda mehribon va mehmondoʻst, bu yerda doʻstlarim ham juda koʻp. Biz 4 yildirki, ular bilan ahil yashab, ishlab kelyapmiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev Farmoni asosida Xalqlar doʻstligi kuni munosabati bilan menga yuksak ordenning berilishi, ochigʻi, kutilmagan voqelik boʻldi. Men buni oʻzgacha faxr va iftixor bilan qarshi oldim. Bundan keyin ham ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, doʻstlik munosabatlari yanada mustahkam boʻlishiga oʻz hissamni qoʻshaman.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?