Oʻzbekiston havo yoʻllari va aeroportlari: sohada monopoliya bilan bogʻliq oʻz yechimini kutayotgan muammolar hali koʻp

20:38 05 Oktyabr 2020 Jamiyat
843 0

Maʼlumotlarga koʻra, Toshkent aeroportida kuniga oʻrtacha 65 reys uchun xizmatni amalga oshirayotgan boʻlsa, hududiy aeroportlarda esa kuniga oʻrtacha 2-2,5 reysga xizmat koʻrsatilmoqda.

Aeroportlarning zamonaviy ixtisoslashgan uskunalar bilan yetarli darajada jihozlanmaganligi va texnik xizmat koʻrsatish darajasining pastligi parvozlar sonining kamayishiga olib kelmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, aeroportlarda kuzatilayotgan kam parvozlar oqibatidagi narxlarning koʻtarilishiga olib keladi.

Yana bir haqiqat shundaki, mahalliy aeroportlarning asosiy daromadi aviakompaniyalar faoliyatidan kelib tushadi.

Chet davlatlarning ish tajribasi bu haqida nima deyoladi? Aeroportlar asosiy daromadlarini havo yoʻlovchilariga koʻrsatilayotgan xizmatlaridan olishadi. Bular, Duty Free doʻkonlari, kafe, barlar, restoran, banklar, dorixonalar, reklama, pullik Wi-Fi, uyali aloqa xizmatlariga ulanish, avtoulovlarni ijaraga olish, oʻyin avtomatlar xizmatlari hisoblanadi.

“Uzbekistan Airports” AJ faoliyatiga keladigan boʻlsak, raqobat muhitini sunʼiy cheklash holatlari haqida ham soʻz yuritishimiz mumkin.

Masalan, joriy yilning sentyabr oyida “Qanot Sharq” MCHJ Oʻzbek aeroportlari kompaniya bilan xizmat koʻrsatish shartnomasini imzolashdan bosh tortgani haqida Qoʻmitaga oʻz shikoyati bilan chiqdi.

Oʻrganishlar davomida “Uzbekistan Airports” AJ vakillari mazkur holatni, rezident-aviakompaniyalar tariflari tasdiqlanmagani bilan izohlashdi.

Biroq tariflar Moliya vazirligi tomonidan 2012-yilda tasdiqlangan, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” rezident-aviakompaniyasining tariflari 2015-yilda. Oʻz oʻrnida Qoʻmita ham kompaniyani ushbu harakatlar “Tabiiy monopoliyalar” toʻgʻrisidagi qonun va “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun talablarini buzganligi toʻgʻrisida ogohlantirdi. “Uzbekistan Airports” AJ vakili bugun ushbu masala yaqin kunlarda qayta koʻrib chiqilishi va uning natijalari Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga taqdim etilishiga ishontirdi.

Shuningdek tadbirda, “Uzbekistan Airways” AJ faoliyati ham koʻrib chiqildi. Senat va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi vakillarining soʻzlariga koʻra, kompaniya ishlarida raqobatni cheklaydigan holatlar ham mavjud.

Prezidentning 2020-yil 2-martdagi 5953-sonli qarori bilan tasdiqlangan «2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida»gi davlat dasturiga muvofiq, ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida kamida 5 ta fuqarolik aviatsiyasi boʻlinmalari tashkil etilishi lozim.

Ammo, shu kunga qadar, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi 35-sonli qaroriga binoan, faqat «Humo Eyr» MCHJ ichki reyslarni amalga oshirish uchun yaratilgan. Biroq uning ham faoliyati toʻliq yoʻlga qoʻyilmagan.

Endi yana bir boshqa holatga eʼtibor qaratsak. «Toshkent — Krasnoyarsk —Toshkent» yoʻnalishi boʻyicha parvozni amalga oshiruvchi Rossiyaning Oʻzbekistondagi “IrAero” aviakompaniyasining vakili Qoʻmitaga qish mavsumida ushbu aviakompaniya oʻz samolyotlarining uchish yoki qoʻnishi uchun maxsus vaqtlar ajratilishi boʻyicha savollar bilan murojaat qildi. Albatta, muammo ijobiy hal qilindi.

Xuddi shu tarzda, Qoʻmita Turkiyaning “Atlas Global Airlines” aviakompaniyasi bilan Toshkent — Antaliya — Toshkent yoʻnalishi boʻyicha va Misrning “Nile Air” kompaniyasi bilan Toshkent — Misr —Toshkent yoʻnalishidagi kelishmovchiliklarni koʻrib chiqdi. Natijada esa, ikki mamlakat oʻrtasidagi charter reyslar ochiq deb topildi.

Bundan tashqari, «Aviakompaniya i Trevel Menedjment» MCHJ (FlyDubaining Oʻzbekistondagi vakili) va SILKJET rezident-aviakompaniyasi ushbu sohadagi mavjud muammo va takliflarni oʻrganib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasining Transport vazirligiga oʻz takliflarini taqdim etdilar.

Sohadagi muammolar, yaʼni isteʼmolchilar bilan boʻlgan munosabatlar haqida soʻz ketar ekan, odamlar muammolarining eʼtiborsiz qoldirilayotgani ham alohida taʼkidlandi. Yil boshidan buyon Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga fuqarolardan bekor qilingan reyslar uchun pullarining qaytarilmayotganligi haqida 100 dan ortiq shikoyatlar kelib tushdi. Bugungi kunga kelib ularning 20 dan ortigʻi ijobiy hal qilinishiga muvaffaq boʻlindi.

Yuqorida qayd qilingan barcha muammolar hisobga olinib, aksiyadorlik jamiyatlariga oʻz faoliyatlarida raqobat va isteʼmolchilar huquqlarini cheklaydigan mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Matbuot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?