Oʻzbekiston Global innovatsion indeks reytingida 7 pogʻona koʻtarildi

18:48 20 Sentyabr 2021 Jamiyat
936 0

20-sentyabr kuni AQSHning Kornel universiteti, Fransiyaning Insead biznes maktabi va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti Global innovatsion indeks reytingini eʼlon qildi. Unda 132 davlat orasida 86-oʻrinni egalladi. 2020-yilda mamlakatimiz mazkur reytingda 93-oʻrinni va 2015-yilda 122 pogʻonani band etgan edi.

Global innovatsion indeksi 20-sentyabr sanasida eʼlon qilgan nashrining nomi “COVID-19 inqirozi orqali innovatsiyalarni kuzatish” boʻlib, hisobot COVID-19 inqirozning global innovatsiya koʻrsatkichlariga taʼsirini baholaydi.

Global innovatsion indeks (The Global Innovation Index) 81 ta koʻrsatkichdan iborat va ular iqtisodiy rivojlanishning turli darajalarida boʻlgan mamlakatlarning innovatsion rivojlanishini tavsiflaydi. Mazkur indeks ikki subindeks koʻrsatkichlarining oʻrtacha qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi. Birinchi subindeks innovatsiyalarni joriy etish uchun mavjud resurslar va sharoitlar (Innovation Input) – institutlar, inson kapitali va tadqiqotlar, infratuzilma, ichki bozor va biznesning rivojlanish darajasi kiradi. Ikkinchi subindeks esa innovatsiyalarni joriy etishda erishilgan amaliy natijalar (Innovation Input) – texnologiyalar va bilimlar iqtisodiyotining rivojlanishi hamda ijodiy faoliyat natijalarini oʻz ichiga oladi.

Mamlakatimiz innovatsiyalarni joriy etish uchun mavjud resurslar va sharoitlar subindeksida oʻtgan yilgi natijalaridan 6 pogʻona koʻtarilib 75 oʻrinni; innovatsiyalarni joriy etishda erishilgan amaliy natijalar subindeksida esa 18 pogʻona koʻtarilib 100-oʻrinni egalladi.

Reytingga koʻra, Oʻzbekistonning dunyo miqyosida kuchli indikatorlari quyidagilar: “Ilm-fan va muhandislik sohasida bitiruvchilar soni” - 7-oʻrin, “Biznesni yoʻlga qoʻyishning soddaligi” - 8-oʻrin, “Mehnat unumdorligi” - 8-oʻrin, “Kapitalni yalpi tarzda toʻplash” - 7-oʻrin, “Taʼlim uchun davlat xarajatlari” - 28-oʻrin.

Quyi oʻrta daromad guruhi davlatlari orasida Oʻzbekiston 2021-yil 10-oʻrinni egalladi. Mazkur guruh mamlakatlari orasida Oʻzbekiston institutlar, inson kapitali va tadqiqotlar, infratuzilma, va ichki bozorning rivojlanish darajasi yoʻnalishlarida yetakchi qatorlarini egallab turmoqda.

Global innovatsion indeks reytingida Shveysariya — 1-oʻrin, Xitoy — 12-oʻrin Rossiya — 45-oʻrin, Qozogʻiston — 79-oʻrin, Qirgʻiziston — 98-oʻrin, Tojikiston — 103-oʻrinni egalladi. Innovatsion rivojlanish vazirligi tegishli davlat boshqaruv organlari va idoralari hamda xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda soʻngi yillarda Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish va Global innovatsion indeks reytingida oʻrnini yaxshilashga qaratilgan salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Natijada, mamlakatdagi innovatsion faoliyatda tub ijobiy burilishlar xalqaro tashkilotlar tomonidan muntazam tarzda eʼtirof etib kelinmoqda. Reytingning bu yilgi sonida mamlakatimizning Oʻrta Osiyo va Janubiy Osiyo davlatlari ichida 4-oʻrinda ekanligi taʼkidlangan.

Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish va innovatsion rivojlanishda milliy oʻlchamlarni toʻgʻri belgilab olish, mamlakatning xalqaro miqyosda innovatsion rivojlanishini taʼminlash uchun 2019-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan va undagi asosiy vazifalardan biri etib 2030-yilga qadar respublikamizni Global innovatsion indeks baholash reytingida yetakchi 50 ta davlat qatoriga kiritilishi qatʼiy belgilab berilgan.
 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?