Oʻzbekiston — Germaniya: tinchlik va barqarorlik yoʻlidagi hamkorlik

09:52 16 Mart 2021 Siyosat
371 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasi kansleri Angela Merkel bilan videokonferensaloqa shaklida boʻlib oʻtgan muzokaralarini deputatlarimiz katta eʼtibor bilan kuzatishdi.

Ayni paytda dunyodagi ogʻir epidemiologik vaziyat tufayli yuzaga kelgan inqiroz sharoitida davlatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari mamlakatlarimiz siyosiy va jamoat doiralari, shuningdek, yaqin va uzoq xorij mamlakatlarida katta qiziqish uygʻotishi tabiiy.

Qariyb oʻttiz yil davomida mustaqil Oʻzbekistonning asosiy sheriklaridan boʻlgan Germaniya mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotining rivojlanishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Soʻnggi yillarda kuzatilgan ikki tomonlama munosabatlarning barqaror dinamikasi ikki yil oldin Berlinda boʻlib oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvlar davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga qaratilgan birgalikdagi harakatlar natijasidir.

Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik har doim ikki davlat rahbarlarining diqqat markazida boʻlib kelgan. Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan muzokaralar mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi kelgusi aloqalarni yana-da faollashtirish uchun qulay zamin yaratmoqda. Oʻzbekiston va Germaniya vakillarining muntazam uchrashuvlari va birgalikda olib borayotgan amaliy ishlari oʻz navbatida hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini yaratish bilan energetika sohasi, xususan, uning qayta tiklanadigan manbalaridan samarali foydalanishga qaratilgan loyihalarni ilgari surish, sanoat klasterlarini rivojlantirish, raqamlashtirish va “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini qaror toptirishga xizmat qilishi aniq.

Oʻzbekistonda Germaniyaning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari faoliyatining kengaytirilishi kutilayotganligi ikki davlat rahbarlari muzokaralaridan maʼlum boʻldi. Bu oʻz navbatida, sarmoyaviy muhitni yaxshilash, yurtimizdagi texnologik yangilanish, davlatimiz va jamiyatimiz hayotining barcha yoʻnalishlarida kechayotgan modernizatsiya jarayonlari uchun zarur boʻlgan qoʻshma loyihalar, biznes tashabbuslar, shuningdek, ilmiy-texnikaviy, taʼlim, sogʻliqni saqlash sohalaridagi hamkorlikda bajariladigan dasturlarni amalga oshirilishiga xizmat qiladi. Oʻzbekiston mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlib kirishi maqsadida, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan sheriklik va hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirish boʻyicha kelgusi rejalarini amalga oshirishda Germaniya bilan oʻzaro ishonchli munosabatlarni yuritmoqda.

Mamlakatlarimizning siyosiy va jamoat arboblari oʻrtasida barqaror rivojlanishga erishish, inson huquqlari va erkinliklari himoyasi hamda gender tenglikni taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha oʻzaro faol aloqalar mavjud boʻlib, ularni chuqurlashtirishda milliy parlamentlar va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasidagi hamkorlik alohida oʻrin tutadi. Bu borada Oliy Majlis va Bundestagning koʻp yillik oʻzaro munosabatlari davomida shakllangan boy tajribasi mavjud boʻlib, kelgusi amaliy ishlarni ikki tomonlama va koʻp tomonlama parlamentlararo maydonlarda birgalikda amalga oshirilishi kutilgan natijalarni beradi.

GFR kanslerining Markaziy Osiyoda doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonchga asoslangan sheriklik munosabatlarini mustahkamlash boʻyicha mamlakatimiz rahbariyati tomonidan olib borilayotgan saʼy-harakatlar va amaliy faoliyatga bergan yuksak bahosi Merkel xonim tomonidan Oʻzbekistonning bugungi ochiq tashqi siyosatini qoʻllab-quvvatlanishi dalilidir. Oʻzbekistonning keng jamoatchiligi Germaniyani mintaqamizni taraqqiy ettirish va Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish jarayoniga zarur boʻlgan infratuzilma rivoji uchun aniq tashabbus va loyihalarni ilgari surilishini nafaqat qoʻllab-quvvatlayotgan, balki bu yoʻlda texnikaviy va amaliy koʻmak koʻrsatayotgan davlat sifatida yuqori darajada qadrlaydi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Germaniya mintaqaviy va global miqyosda tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash yoʻlida qay darajada samarali ishlarni amalga oshirayotganini hayot oʻzi koʻrsatmoqda. Hamkorligimizning muvaffaqiyati esa, avvalo, ikki davlat rahbarlarining doʻstona munosabatlari va konstruktiv muloqotlari samarasi deb bilamiz.

Dilorom FAYZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Xalqaro ishlar va parlamentlararo
aloqalar qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?