Oʻzbekiston — Germaniya onlayn sammiti natijalari GFR ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi

11:59 16 Mart 2021 Siyosat
418 0

Germaniyaning yetakchi axborot portallarida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal kansleri Angela Merkel oʻrtasida 12-mart kuni boʻlib oʻtgan onlayn-sammit natijalariga bagʻishlangan materiallar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi maʼlumotiga koʻra, Federal kansler idorasi veb-saytida Germaniya Federal hukumati rasmiy vakili Shteffen Zaybert bayonoti chop etildi. “Federal kansler Angela Merkel va Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻrtasidagi videokonferensiyaning asosiy yoʻnalishi ikki tomonlama munosabatlarning yana-da ijobiy rivojlanishi, Oʻzbekistondagi inson huquqlari holatining yaxshilanishi, mintaqadagi vaziyat, shuningdek, COVID-19ga qarshi kurashish choralariga qaratildi”, deb qayd etgan Sh.Zaybert.

“Deutsche Welle” “Germaniya kansleri Oʻzbekiston Prezidenti bilan inson huquqlari va COVID-19ga qarshi kurash masalalarini muhokama qildi” sarlavhali maqolani chop etdi. Unda taʼkidlanishicha, muzokaralar chogʻida ikkala tomon 2019-yilda Berlinda boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralar doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish orqali taʼminlanadigan ikki tomonlama munosabatlar rivojlanishining barqaror dinamikasini qayd etdi. Materialda onlayn-sammitda qoʻshma loyihalar, ishbilarmonlik aloqalari va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Germaniyaning yetakchi kompaniyalari va Oʻzbekistondagi bank muassasalari faoliyatini kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishilgani bayon etilgan. “Muzokaralar davomida tomonlar inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, korrupsiya va gender tengligiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni rivojlantirish muhimligini taʼkidladi”, deb yozadi “Deutsche Welle” .

Bundan tashqari, Berlinda chop etiladigan “Allgemeine Berliner Zeitung” gazetasi oʻz veb-sahifasida “Oʻzbekiston -Germaniya sammiti” sarlavhali maqolani taqdim etdi. Unda yozilishicha, muzokaralar davomida qoʻshma loyihalar, ishbilarmonlik aloqalari va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Germaniyaning yetakchi kompaniyalari va Oʻzbekistondagi bank muassasalari faoliyatini kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

“Germaniya Oʻzbekistonning asosiy texnologik va sarmoyaviy sherigidir. Mamlakatda «MAN”, “Claas”, “Knauf”, “Papenburg” kabi nemis kompaniyalari faol faoliyat yuritmoqda, “Volkswagen” va “Viessmann” ham ushbu bozorga birinchi marta kirib keldi, “Siemens” va “Bosch” oʻz faoliyatini faollashtirdi. Germaniya sarmoyalarining Oʻzbekistonga oqimi izchil oʻsib bormoqda. Oʻtgan yili koronavirus pandemiyasiga qaramay, Germaniya kompaniyalari Oʻzbekiston iqtisodiyotiga qariyb 570 million yevro sarmoya kiritdi», - deb taʼkidlagan “Allgemeine Berliner Zeitung”.

“PresseEcho” axborot portalida chop etilgan xabarda “Oʻzbekiston va Germaniya rahbarlari Oʻzbekistonning Butunjahon savdo tashkilotiga qoʻshilishi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan konstruktiv muloqotlar doirasida oʻzaro aloqalarni davom ettirishning muhimligini taʼkidladi. Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni tayyorlash, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, korrupsiya va gender tengligiga qarshi kurash kabi ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi”, deb maʼlum qilingan.

“Fair-News” axborot-tahliliy sayti Germaniya Federal kansleri Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik jarayonini faollashtirish, transport va energetika sohasidagi mintaqaviy infratuzilma loyihalarini ilgari surish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholaganini, shuningdek, mamlakatimizning Markaziy Osiyo mintaqasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash siyosatini qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.

“Diplomat Magazine” jurnalida nashr etilgan maqolada yozilishicha, Germaniya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi oliy darajadagi muntazam aloqalar ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarini yana-da faol hamkorlik uchun ilhomlantirmoqda. Buning natijasida soʻnggi yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 1,5 baravar oʻsdi va Oʻzbekistonda 50 ga yaqin yangi qoʻshma korxona tashkil etildi.

“Germaniya va Oʻzbekiston rahbarlari oʻrtasidagi ishonchli munosabat, shuningdek, mamlakatlar oʻrtasidagi gumanitar sohadagi hamkorlikning oʻsishiga yordam bermoqda. Onlayn-sammit davomida tomonlar ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikni yana-da kengaytirishga sodiq ekanini yana bir bor tasdiqladilar. Xususan, Germaniyaning Federal kansleri Oʻzbekistonda nemis tilini oʻrganishni kengaytirish va tegishli davlat dasturini qabul qilish tashabbusini qoʻllab-quvvatladi”, - deya qayd etadi “Diplomat Magazine”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?